Orban mag‘lubiyati Putinga zarbami?

Saylov g‘alabasidan bir kun o‘tib Peter Madyar matbuot anjumanida

Surat manbasi, Léa Guedj/BBC

Surat tagso‘zi, Saylov g‘alabasidan bir kun o‘tib Peter Madyar matbuot anjumanida
O'qilish vaqti: 4 daq

Vengriyani 16 yil boshqargan Viktor Orban ustidan yirik g‘alabani qo‘lga kiritgan Peter Madyar Yevropa Ittifoqiga a’zo 10 davlat rahbari bilan allaqachon suhbatlashganini aytdi.

Biroq u Orbanning yaqin hamkori bo‘lgan Vladimir Putinga o‘zi qo‘ng‘iroq qilmasligini, ammo Kreml rahbari qo‘ng‘iroq qilsa, u bilan gaplashishini bildirdi.

"Agar Vladimir Putin qo‘ng‘iroq qilsa, telefonni olaman", dedi u.

"Menimcha, bu narsa bo‘lmaydi, ammo mabodo gaplashganimizda, to‘rt yildan keyin qotilliklarni to‘xtat, urushni to‘xtat, deb aytgan bo‘lardim".

Moskva Vengriyadagi saylovda Madyarning g‘alabasini hurmat qilishini bildirib, Budapesht bilan «pragmatik» munosabatlarni saqlab qolishni kutayotganini aytdi.

Orban AQSh Prezidenti Donald Trampning ham asosiy ittifoqchilaridan biri bo‘lib kelgan. Tramp yakshanba kungi saylovda uni qo‘llab‑quvvatlagan, o‘tgan hafta esa Vitse‑Prezident Jey Di Vens ikki kunlik saylovoldi tashrifi bilan kelib o‘z qo‘llab‑quvvatloqini bildirib ketgan edi.

Madyar jurnalistlarga Trampga ham o‘zi qo‘ng‘iroq qilmasligini aytdi, ammo agar Tramp unga qo‘ng‘iroq qilsa, NATO doirasida "mustahkam ittifoqchilar" ekanliklaridan mamnunligini bildirishini va uni kelgusi yil oktyabrida Sovet Ittifoqi okkupatsiyasiga qarshi Vengriya qo‘zg‘olonining 70 yilligi tadbiriga taklif qilishini aytdi.

Orbanning o‘zinining «Fides» partiyasidan chiqqan Madyar hukumatdagi korruptsiya va qarindosh‑urug‘chilikka barham berish maqsadida jamoatchilikka tayangan yangi harakatni boshlagan edi.

So‘nggi natijalarga ko‘ra, «Tisa» partiyasi parlamentda 136 o‘rinni qo‘lga kiritgan. Bu ilgari e’lon qilingan 138 o‘rindan kam bo‘lsa‑da, baribir parlament o‘rinlarining uchdan ikki qismini tashkil etuvchi qulay «super ko‘pchilik» hisoblanadi va partiyaga konstitutsiyani o‘zgartirish imkonini beradi.

Madyarning aytishicha, hali taxminan 400 ming ovoz sanab chiqilmagan va u partiyasi qolgan o‘rinlarning ayrimlarini qo‘lga kiritishidan umidvor.

Uning ta’kidlashicha, vengr saylovchilari faqat hukumat almashinishi uchun emas, balki "to‘liq siyosiy tizim o‘zgarishi" uchun ovoz berdilar.

Iqtibos

Yakshanba kuni saylovchilar uning partiyasini kuchli qo‘llab-quvvatlaganidan so‘ng Madyar yevropalik yetakchilar orasida katta qiziqish uyg‘otgan shaxs ekani yaqqol namoyon bo‘ldi.

"Vengriya Yevropani tanladi", dedi Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen. Madyar yig‘ilgan vengriyalik va xalqaro jurnalistlarga u allaqachon suhbatlashgan yetakchilardan biri aynan fon der Lyayen ekanini aytdi.

Madyar ta’kidlashicha, hokimiyatdang ketgan hukumat nima rejalashtirganidan qat’i nazar, Vengriya Yevropaga tegishli bo‘lib qoladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevrozonaga qo‘shilish ham mamlakat manfaatiga mos. U allaqachon Polsha, Avstriya va Germaniyaga ilk diplomatik tashriflarini rejalashtirgan bo‘lib, bu mamlakatlar bilan Vengriyaning yaqin aloqalari borligini alohida ta’kidladi.

45 yoshli «Tisa» partiyasi yetakchisi mag‘lub bo‘lgan Vengriya bosh vaziridan mutlaqo farqli ruhda gapirdi. Avvalgi bosh vazir Orban uzoq vaqt davomida Ukrainadagi urush davom etayotgani uchun Yevropani va Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyni ayblab keldi.

Orbanning saylov kampaniyasi Ukrainada Rossiyaning keng ko‘lamli urushi davom etishiga aynan ular sabab bo‘layotganini iddao qildi. O‘tgan oy u Kievga yordam uchun mo‘ljallangan 90 milliard Yevrolik Yevropa Ittifoqi kreditini bloklagan edi.

Madyar jurnalistlarga har bir madyar Rossiya bilan urushda jabrlanuvchi tomon Ukraina ekanini yaxshi bilishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu urush Rossiya nuqtai nazaridan ham mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, chunki "o‘n minglab rossiyaliklar hayotidan ayrildi, o‘n minglab, hatto yuz minglab rus oilalari vayron bo‘ldi", jumladan Ukrainada yashayotgan rus tilli aholi ham jabr ko‘rdi.

"Bu Putin bilan juda qisqa telefon suhbati bo‘lishi mumkin va u mening urushni to‘xtatish maslahatimga quloq qoladi, deb o‘ylamayman", dedi u.

Garchi Orbanning YeIda ittifoqchilari bor bo‘lsa-da, u dekabr sammitida ilgari o‘zi rozi bo‘lgan qarzga veto qo‘yishga uringan yagona yetakchi edi.

Orban hukumatining Rossiya bilan aloqalari yanada ko‘proq tekshiruv ostiga tushdi, bunga Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto YeIning har sanksiyaga oid majlisidan oldin va keyin Rossiyaga ma’lumot berib turganini tan olgani bo‘ldi.

Sizib chiqqan telefon so‘zlashuvi yozuvida Siyarto Rossiya Tashqi ishlaar vaziri Sergey Lavrovga "xizmatingizdaman", deydi, Orban telefon so‘zlashuvini tinglash ustidan tergov boshlashga farmon bergan edi.

Vengriya saylovi o‘zbekistonliklar muhokamasida

"Tramp va Putin Vengriyadagi saylovlarda mag‘lub bo‘lishdi", deb yozdi TemurMalik (Fayzbog‘) o‘zining Telegram kanalida.

"Vengriya bosh vaziri Viktor Orban o‘zining rossiyaparast pozitsiyasi bilan tanilgan. U Ukrainaning Yevroittifoqqa qo‘shilishiga, shuningdek, ittifoq tomonidan Kievga 90 mlrd yevrolik kredit ajratilishiga faol tarzda to‘sqinlik qilib kelayotgan edi", deb yozdi TemurMalik.

"Saylovlar arafasida AQSh prezidenti Donald Tramp Viktor Orbanni "o‘zining eng yaqin do‘sti" deb atagan va saylovda unga omad tilagan edi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarida Rossiya Vengriyadagi saylovlar arafasida Viktor Orbanni qo‘llab-quvvatlash kampaniyasi uchun katta mablag‘ ajratgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan", deyiladi Fayzbog‘ kanalida.

Bloger Qobil Xidirov Tramp ma’muriyatining Orbanni qo‘llab-quvvatlashi ochiq va keng qamrovli bo‘lganini aytdi.

"Vitse-prezident Jey Di Vens Budapeshtga kelib, Viktor Orbanning tarafdorlari oldida nutq so‘zladi, Donald Tramp esa maxsus video murojaat yo‘lladi", deb yozdi u.

Xidirov Vengriya xalqi Orbanning avtoritar xulq-atvoridan "charchagan"ini bildirdi.

"Yevropa ittifoqi liderlari saylov natijalaridan mamnunligini yashirib o‘tirmayapti, chunki Viktor Orban ittifoqning yakdil siyosatiga qarshi doimo muammo yaratib kelayotgan edi. "Vengriya Yevropaga qaytdi" deyishmoqda ular", deb yozdi davletovuz Telegram kanalida.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov esa Kremlning Yevropadagi "cho‘kmas avianosetsi" nihoyasiga yetganini aytdi.

"Uning partiyasi parlament saylovlarida halokatli mag‘lubiyatga uchradi. Hatto muxolifat konstitutsiyaviy ko‘pchilikni qo‘lga kiritib, butun siyosiy tizimni qayta shakllantirishi ham mumkin degan taxmin bor. Orbanning Ukrainaga qarshi ritorikasi va Putinning eng yaqin do‘sti Tramp tomonidan uni qo‘llab-quvvatlab olib borilgan tashviqot 'avianosets' ga faqat zarar keltirdi va muxolifat uchun ovozlar sonini oshirdi", deb yozdi Yuliy Yusupov Telegramʼda.