Andijonda 10 yillik suv muammosi: rahbarlar nazari tushmagan mahalla

Saida Mirziyoyeva Andijondagi eskirgan magistral suv tarmog‘ini yangilash masalasini muhokama qilmoqda.

Surat manbasi, Saida Mirziyoyeva telegram kanali

Surat tagso‘zi, Saida Mirziyoyeva Andijondagi eskirgan magistral suv tarmog‘ini yangilash masalasini muhokama qilmoqda.
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Yaqinda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Andijon viloyati rahbarlari bilan uchrashib, hududdagi bir qator muammolarni, jumladan, suv tarmog‘idagi kamchiliklarni muhokama qildi. Yig‘ilishning ertasigayoq mas’ul idoralar muammolarni hal etish uchun yeng shimarib ishga kirishgani xabar qilindi.

Biroq, rahbarlar nazari tushmagan Andijonning boshqa bir hududida, yozning ayni chillasida aholi suvsizlikdan qiynalmoqda.

O‘tkazib yuboring TikTok post
TikTok контентига рухсат бериш

Ayni maqolada TikTok tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz TikTok havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas TikTok bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri TikTok post

"O‘n yildan beri ahvol shu"

Mingo‘rik MFY faoli Iskandar Abdujabborov

Surat manbasi, taqdim

Surat tagso‘zi, Mingo‘rik MFY faoli Iskandar Abdujabborov

Andijon tumanidagi «Mingo‘rik» mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi nomidan Bi-bi-siga murojaat qilgan Iskandar Abdujabborovning aytishicha, ular yashaydigan hududda so‘nggi 10 yildan beri yoz mavsumida ichimlik suvi taqchilligi yuzaga keladi.

"O‘n yildan beri ahvol shu. Har yili iyunь oyidan to sentyabrgacha mahallamizda suv to‘xtaydi. Odamlar nihoyatda qiynalib ketdi", — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq aholisi bu muammo yuzasidan tegishli tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilgan, ammo ulardan biror natija chiqmayapti.

"Har doim 'Bo‘ldi, qilib beramiz, 15 kun ichida murojaatingiz o‘rganiladi', degan quruq javobni olamiz. Lekin umuman foydasi yo‘q. Yaqinda bir marta kechasi suv kelib qolibdi, ko‘pchilik bexabar qolib, suv g‘amlay olmadi", — deydi Iskandar.

Iskandarning hovlidagi katta-kichik plastik bochkalar, suvsizlikning bir yechimi. Ammo bu idishlarda saqlanayotgan suvning sifati talabga javob bermaydi.

"Iloji yo‘qligidan shunday qilib suv g‘amlaymiz, lekin kun isigani sababli u ham turib qolib, balchiqqa o‘xshab loyqalanib qoladi", — ta’kidlaydi u.

"Nafaqat ichimlik suvi, ariqda ham suv yo‘q", deydi Odinaxon Abduqodirova.

Surat manbasi, taqdim

Surat tagso‘zi, "Nafaqat ichimlik suvi, ariqda ham suv yo‘q", deydi Odinaxon Abduqodirova.

"Nafaqat ichimlik suvi, ariqda ham suv yo‘q", — deydi mahalla aholisidan yana biri Odinaxon Abduqodirova.

"Biz ichimlik suvi uchun davlatga pulini to‘laganimizdan keyin, suv bilan ta’minlashlari kerak emasmi? Ana, paqirlarimni olib chiqib qo‘yganman — qayerdandir suv toparman, deb. Hamma sarson. Har yozda suv shunaqa yo‘q bo‘lib qoladi, hatto Ramazon oyida ham suv chiqmadi".

Uning qo‘shimcha qilishicha, doim ham suv sotib olishga hammaning qurbi yetavermaydi. Xususiy mashinalarda keltiriladigan suvning bir tonnasi 80–100 ming so‘mga sotiladi.

Mahalla oqsoqollarining aytishicha, hech bo‘lmasa uch kunda bir marta suv tashuvchi mashina kelsa ham odamlar rozi edi.

Mahalla oqsoqollari hech yo‘q davlat uch kunda bir maxsus mashinada suv yetkazib bersa, deydi.

Surat manbasi, taqdim

Surat tagso‘zi, Mahalla oqsoqollari hech yo‘q davlat uch kunda bir maxsus mashinada suv yetkazib bersa, deydi.

"Suv tashuvchi mashinalar muntazam kelmaydi, uzoq vaqtda bir marta keladi, shu bilan yo‘q. Avval kelib turgan suv nega yozda yo‘q bo‘lib qoladi? Agar yaxshilab tekshirilsa, ta’mirlansa, keladi. Lekin qaraydigan odam yo‘q. Bu ish uchun nihoyatda ko‘p yugurdik, foyda bo‘lmayapti", — deydi mahalla oqsoqollaridan Qosimjon Ismoilov.

Odatda, «Mingo‘rik»liklar ichimlik suvi topish uchun har kuni kamida besh kilometr masofani bosib o‘tishga majbur bo‘ladi. Shaxsiy avtomobili yo‘qlar uchun bu har kunlik mashaqqat.

Mahalla aholisi suvga zor bo‘lib turgan ayni kunlarda, qo‘shni qishloqlarda mutlaqo boshqa manzara kuzatilmoqda. Iskandar Abdujabborovning ta’kidlashicha, u yerlarda suv quvurlari yorilib, toza ichimlik suvi ko‘chalarda bekorga oqib isrof bo‘lmoqda.

Quvur yorilishi oqibatida yo‘lga oqib yotgan suvlar

Surat manbasi, taqdim

Surat tagso‘zi, "Qo‘shni hududlarda quvur yorilib, suvlar yo‘lga oqmoqda".

"Bu muammoga e’tibor qaratadigan odam bormi o‘zi?" — deydi Iskandar. U katta minbarlardan yangragan topshiriqlarning aks-sadosi qachon Andijonning "Mingo‘rik" kabi chekka mahallalariga yetib kelishini bilishni istaydi.

Ushbu mavzu bo‘yicha tayyorlangan video lavha tarmoqlardagi Bi-bi-si sahifalarida e’lon qilingandan keyin, "Andijon suv ta’minoti" xodimlari "Ming o‘rik" MFY aholisi bilan uchrashgan. Tashkilotning rasmiy telegram kanalida yozilishicha, aslida bu hududga ichimlik suv belgilangan me’yorda berilayotgan ekan.

"Biroq aholi tomorqani sug‘orishda ichimlik suvidan foydalanayotganligi sababli ayrim xonadonlarga suv yetib bormayotganligi aniqlandi. Hozirda aholi orasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, iste’molchilar ehtiyojini qondirish uchun transport vositasida ichimlik suvi yetkazib berilmoqda", - deb yoziladi "Andijon suv ta'minoti" AJ Axborot telegram kanalida.

Mingo‘rik mahallasining yashovchisi Iskandar Abdujabborov suv ta’minoti bo‘limidan xodimlar chindan ham kelganini va muammoni hal qilishga va’da berishganini tasdiqladi.

"Ular kelib ketgandan keyin, tongga yaqin bir soat suv chiqdi. Lekin bizda ular aytganidek, tomorqaga ishlatadigan suvning o‘zi yo‘q", - deb qo‘shimcha qildi Iskandar.

Bu bir tumanning emas, butun mamlakatning muammosi

Ko‘chaga olib chiqib qo‘yilgan, suv idishlar

Surat manbasi, Taqdim

Surat tagso‘zi, Xususiy mashinalarda keltiriladigan suvning bir tonnasi 80–100 ming so‘mga sotiladi.

Andijonning «Mingo‘rik» MFYsidagi suv masalasi aslida mamlakat miqyosidagi yirik muammoning bir ko‘rinishidir.

«Daryo.uz» nashri e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil holatiga O‘zbekistonda qariyb 7 million kishi toza ichimlik suvidan mahrum. Bu raqam Toshkent xalqaro investitsiya forumida Jahon bankining katta mutaxassisi Odete Muhimpua tomonidan ham tilga olinib, mamlakatdagi suv infratuzilmasi hamon yetarli emasligi ta’kidlangan edi.

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, joriy yetishmovchiliklar sabab 2050 yilga borib O‘zbekistonda suv tanqisligi besh barobarga ko‘payishi kutilmoqda.

Mamlakat ichidagi suv taqsimoti ham notekis. O‘zbekiston Senati ma’lumotlariga tayansak, respublikada ichimlik suvining 90 foizi hamon qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun sarflanadi. Umumiy suv resurslarining esa bor-yo‘g‘i 4 foizigina aholining ichimlik suvi ehtiyojiga yo‘naltiriladi.

"O‘zsuvta’minot" AJ vaziyatni tan oladi. Tashkilot rahbariyati 2040 yilgacha suv ta’minotini yaxshilash uchun jami 4 milliard dollarlik investitsion loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilganini ma’lum qilgan.

Tashkilotning 2026 yil yanvaridagi rasmiy hisobotida, 2025 yilning o‘zida sohaga 2,2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangani va respublika bo‘yicha qamrov 82,8 foizga yetkazilgani qayd etilgan. Shu bilan birga, hukumatning yangilangan strategiyasida 2030 yilgacha markazlashgan suv bilan qamrab olish maqsadi 95 foizdan 85 foizga tushirilgan. Bunga tog‘li va chekka qishloqlarga tarmoq tortish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamasligi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, tarmoqni modernizatsiya qilish xarajatlari aholi yelkasiga ham tushmoqda. So‘nggi yillarda ko‘plab viloyatlarda, jumladan Andijonda ham ichimlik suvi tariflari bir necha barobar oshirildi.

Ammo Mingo‘rik kabi mahallalarda odamlar hali ham jo‘mrakdan emas, bochkadan suv ichmoqda.