Markaziy Osiyo: iqtisodi yarim trillion dollardan oshgan mintaqada YeI nega erkinliklardan xavotirda?

Orqa fonda chapdan o‘ngga Qozog‘iston. Qirg‘izston. Tojikiston. Turkmaniston va O‘zbekiston bayroqlari, old fonda esa har bir bayroqning oldida shu mamlakat prezidentining rasmi qo‘yilgan kollaj

Surat manbasi, BBC/Rasmiy/David Mareuil/Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Transport yo‘laklarining rivojlanishi va mintaqaviy savdo aloqalarining kengayishi mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytirmoqda.
Published
O'qilish vaqti: 12 daq

The Times of Central Asia hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo iqtisodining umumiy hajmi taxminan 543 milliard dollarga yetgan.

Qozog‘iston mintaqa yalpi ichki mahsulotining qariyb 56 foizini, eksportning 66 foizini va to‘plangan xorijiy investitsiyalarning qariyb 69 foizini ta’minlab, iqtisodiy yetakchilikni saqlab qolmoqda.

O‘zbekiston esa iqtisodiyotining tez o‘sishi va investitsiyalar oqimining ortishi hisobiga mintaqaning ikkinchi yirik iqtisodi sifatida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda.

Iqtisodiy o‘sish va investitsiyalar oqimi kuchayayotgan bir paytda, Yevropa Ittifoqining 2025 yil bo‘yicha hisobotida Markaziy Osiyoning qator davlatlarida inson huquqlari, so‘z erkinligi va fuqarolik jamiyati bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotgani qayd etilgan.

Nega Markaziy Osiyo iqtisodi tez o‘smoqda?

Markaziy Osiyoning besh mamlakati jami 139 milliard dollarlik eksportni amalga oshirgan bo‘lib, uning asosiy qismi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. The Times of Central Asia nashri chop etgan hisobotga tayanib The Astana Times keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqa eksportining 66 foizi yoki 92 milliard dollari Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston 32 milliard dollarlik eksport bilan umumiy hajmning 23 foizini ta’minlagan. Turkmaniston 7 milliard dollar, Qirg‘iziston 6 milliard dollar va Tojikiston taxminan 1,6 milliard dollarlik eksportni qayd etgan. Qozog‘iston va Tojikiston bo‘yicha ma’lumotlar 2024 yil ko‘rsatkichlariga asoslangan.

Nashr tahliliga ko‘ra, bu raqamlar Markaziy Osiyo iqtisodiy tuzilmasida Qozog‘istonning alohida o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Mamlakat nafaqat mintaqa yalpi ichki mahsulotining eng katta qismiga ega, balki xalqaro tovar va savdo bozorlari bilan bog‘lovchi asosiy iqtisodiy ko‘prik vazifasini ham bajarmoqda. Bunda Qozog‘istonning yirik energetika va mineral resurslar bazasi, shuningdek, nisbatan rivojlangan transport va sanoat infratuzilmasi muhim omil sifatida tilga olingan.

Shu bilan birga, mualliflar Markaziy Osiyoda iqtisodiy integratsiya jarayoni ham tezlashayotganiga e’tibor qaratadi. Transport yo‘laklarining rivojlanishi va mintaqaviy savdo aloqalarining kengayishi mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytirmoqda. Biroq eksport hajmining katta qismi bir mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelishi kelajakda iqtisodiyotlarni diversifikatsiya qilish masalasini yanada muhimlashtirishi mumkin.

Bu o‘sishning asosiy drayverlari kimlar?

Rasmda, o‘ngda Toqaev, chapda Mirziyoyev muhokama paytida. Ularning qarshisida paxta namularai ko‘rinadi

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, 147 milliard dollarlik iqtisod va katta aholi soniga ega O‘zbekiston tobora muhim ikkinchi iqtisodiy o‘sish markaziga aylanib bormoqda.

The Astana Times nashrining qayd etishicha, keltirilgan raqamlar mintaqa iqtisodiy tuzilmasidagi aniq bir tendentsiyani ko‘rsatadi. Nashr tahliliga ko‘ra, Qozog‘iston Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotining qariyb 56 foizini, eksportning 66 foizini va to‘plangan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning qariyb 69 foizini ta’minlaydi. Bu esa mamlakat mintaqa aholisining atigi chorak qismini tashkil etishiga qaramay kuzatilmoqda. Mualliflar fikricha, bunday kontsentratsiya Qozog‘istonni mintaqaning asosiy iqtisodiy tayanch markaziga aylantirmoqda.

Mamlakat iqtisodi ko‘rsatkichlari faqat uning o‘zigina emas, balki butun mintaqa uchun ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari Xitoy, Yevropa va Yaqin Sharq bilan bog‘lovchi yangi transport yo‘laklari, energetika aloqalari va sanoat ta’minot zanjirlarini rivojlantirishga intilayotgan bir paytda bu ahamiyat yanada ortib bormoqda.

Biroq ma’lumotlar mintaqadagi o‘zgarib borayotgan sharoitlarga ham ishora qiladi. 147 milliard dollarlik iqtisod va katta aholi soniga ega O‘zbekiston tobora muhim ikkinchi iqtisodiy o‘sish markaziga aylanib bormoqda, deya yozadi mahalliy nashriyotlar. Shu bilan birga, boshqa davlatlar ham investitsiyalarni jalb qilish va mintaqaviy savdo tarmoqlaridagi o‘rnini mustahkamlashga harakat qilmoqda.

Markaziy Osiyo yangi investitsiya manziliga aylanyaptimi?

Toshkent xalqaro investitsiya forumida 2026 yilning iyun oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev minbarda turib gapiryapti.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, 2026 yilning iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.

Iyun oyida BBC O'zbek Toshkent xalqaro investitsiya forumini O‘zbekistonning xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va xalqaro biznes bilan aloqalarni kengaytirishdagi muhim maydonlaridan biri sifatida ta’riflagan edi. Forum 2022 yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ishtirokchi davlatlar va mehmonlar soni yil sayin ortib bormoqda. Bu yilgi forum esa 100 dan ortiq mamlakatdan kelgan davlat vakillari, investorlar va biznes rahbarlarini jamladi.

Turkiya vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz 2024 yil 2 may kuni O‘zbekistonning Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etmoqda.

Surat manbasi, Turkish Vice Presidency / Handout/Anadolu via Getty Images)

Surat tagso‘zi, Turkiya vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz 2024 yil 2 may kuni O‘zbekistonning Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etmoqda.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Gazeta.uz nashri iyun oyida e’lon qilgan tahliliy maqolada xalqaro ekspertlar global beqarorlik sharoitida Markaziy Osiyoning investitsiyaviy jozibadorligi ortib borayotganiga e’tibor qaratgan. Jahon iqtisodi bir vaqtning o‘zida bir nechta jiddiy chaqiriqlarga - qurolli mojarolar, sanksiyalar bosimi, savdo cheklovlari va an’anaviy logistika yo‘nalishlarining qayta shakllanishiga duch kelmoqda.

Marco Polo Ventures investitsiya kompaniyasi rahbari Sachdev Ramakrishnaning ta’kidlashicha, so‘nggi yillar uzoq vaqt davomida eng ishonchli deb hisoblangan iqtisodiyotlar va savdo markazlari ham zaif ekanini ko‘rsatdi.

«Geosiyosiy va iqtisodiy muhitning barqarorligi biznes va investitsiyalar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. So‘nggi voqealar kutilmagan va vayronkor bo‘ldi, dunyodagi eng xavfsiz iqtisodiy markazlardan ayrimlari jiddiy silkinishlarga duch keldi. Shu fonda Markaziy Osiyo nisbatan barqaror tinchlik oroli sifatida ko‘rinmoqda», dedi u.

O‘zbekiston: tez o‘sish ortida nima turibdi?

O‘zbekiston bayrog‘i tasviri aks etgan global moliyaviy o‘sish. Iqtisodiy fon ustidagi O‘zbekiston bayrog‘i bilan moliyaviy o‘sish kontseptsiyasi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, bu yilning birinchi yarmida mamlakatga xorijdan kelib tushgan pul o‘tkazmalari 13 foizga oshib, 9,3 milliard dollarni tashkil qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, bu yilning birinchi yarmida mamlakatga xorijdan kelib tushgan pul o‘tkazmalari 13 foizga oshib, 9,3 milliard dollarni tashkil qildi. Markaziy bank sharhida keltirilgan Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda qariyb 1,4 million O‘zbekiston fuqarosi 40 ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda

The Times of Central Asia nashri aprel oyida Jahon banki O‘zbekistonning tashqi chaqiriqlarga nisbatan barqarorligi va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston iqtisodi sezilarli tezlashishni namoyish etdi: yalpi ichki mahsulot o‘sishi o‘tgan yilgi 6,7 foizdan 7,7 foizga yetdi. O‘sishning asosiy omillari sifatida oltinning yuqori narxlari, investitsiyalarga bo‘lgan faol talab, uy xo‘jaliklarining real daromadlari oshishi, kreditlash hajmining kengayishi hamda davom etayotgan tarkibiy islohotlar qayd etildi.

Gazeta.uz nashri mart oyida xabar berishicha, Jahon banki O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zolik borasidagi ilgarilashi kutilganidan tezroq kechayotganini qayd etgan. Biroq bank mutaxassislari uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish uchun davlat korxonalarini isloh qilish va raqobat muhitini kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.

Jahon banki O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonidagi ilgarilashini kutilganidan tezroq deb baholagan. EUROUZ Yevropa va O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan «O‘zbekiston iqtisodiy sharhi – 2026» tadbirida so‘z olgan Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi katta iqtisodchisi Pinar Yashar mamlakat so‘nggi yillarda bu yo‘nalishda salmoqli natijalarga erishganini ta’kidlagan.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi katta iqtisodchisi Pinar Yashar.

Surat manbasi, EUROUZ/gazeta.uz

Surat tagso‘zi, Pinar Yashar «O‘zbekiston iqtisodiy sharhi – 2026» tadbirida.

"Barcha qiyinchiliklar va global noaniqliklarga qaramay, 2025 yilda O‘zbekiston iqtisodi 7,7 foizli o‘sishni ko‘rsatdi, bu juda yuqori ko‘rsatkichdir. Shu bilan birga, inflyatsiya sekinlashgani va milliy kambag‘allik darajasi pasaygani kuzatildi", dedi Jahon banki vakili.

Moliyaviy tashkilot, shuningdek, O‘zbekistonning bu boradagi ishlarini yuqori baholaydi - mamlakatda kambag‘allik darajasi 2021 yildagi 17 foizdan 2025 yilga kelib 5,8 foizgacha tushdi.

"Islohotlarning umumiy yo‘nalishi mutlaqo aniq va imkoniyatlar eshigi ochiq. Agar O‘zbekiston barcha bozor ishtirokchilari uchun teng sharoitlarni ta’minlasa, shaffof xususiylashtirishni amalga oshirsa va JSTga a’zo bo‘lish bilan bog‘liq majburiyatlarni mustahkamlasa, mamlakat yuqori iqtisodiy o‘sishni barqaror samaradorlikka va yangi ish o‘rinlari yaratishga aylantira oladi", deya xulosa qildi Jahon banki katta iqtisodchisi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Jahon banki O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikni davom ettirishga, moliyaviy va tahliliy yordam ko‘rsatishga hamda islohotlarni amalga oshirish jarayonini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Qozog‘iston: iqtisodiy yetakchilik va yangi chaqiriqlar

Tanga banknotlari, tangalar va miniatyura tarozilar stol ustiga joylashtirilgan.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi eng yirik iqtisodiyot bo‘lib qolmoqda.

Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi eng yirik iqtisodiyot bo‘lib qolmoqda. Iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri sifatida neft sohasi o‘z ahamiyatini saqlab turibdi. Shu bilan birga, ayniqsa mashinasozlik va metallurgiya kabi ishlab chiqarish tarmoqlari ham jadal rivojlanmoqda. Mamlakat bo‘ylab yangi zavodlar ishga tushirilmoqda.

Biroq o‘tgan yili inflyatsiya darajasi taxminan 12,3 foizni tashkil etdi, bu esa aholining xarid qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Yuqori foiz stavkalari hamon uy xo‘jaliklari iste’molini cheklab turibdi.

Qozog‘iston iqtisodi hanuzgacha neft va gaz sohasiga katta darajada bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bu tarmoqlar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 20-25 foizini, eksportning 50 foizdan ortig‘ini hamda byudjet daromadlarining salmoqli qismini ta’minlaydi. Bunday tuzilma xomashyo narxlari yuqori bo‘lgan davrlarda iqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlaydi, ammo mamlakatni tashqi zarbalarga nisbatan zaif holatda qoldiradi.

Transport va logistika sohasi ham muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Transkaspiy transport yo‘lagining rivojlanishi allaqachon yuk tashish hajmini oshirmoqda.

Qozog‘istonning keng yer resurslari hisobga olinsa, agrosanoat sohasida ham katta imkoniyatlar saqlanib qolmoqda. Mashinasozlik tarmog‘i ham hali to‘liq rivojlanmagan sohalardan biri hisoblanadi. Chunki qazib chiqarish sanoatida foydalanilayotgan jihozlarning katta qismi hozircha import qilinadi.

Qolgan Markaziy Osiyo davlatlari-chi?

Markaziy Osiyo davlatlari bayroqlari.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Turkmaniston dunyodagi eng yopiq iqtisodiyotlardan biri bo‘lib qolmoqda va mavjud ma’lumotlar asosan rasmiy bayonotlar hamda bilvosita baholashlarga asoslanadi.

The Times of Central Asia nashriyoti qolgan Markaziy Osiyo davlatlarida iqtisodiy o‘sish haqida ham ma’lumot bergan.

Qirg‘izistonda qurilish sohasi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biriga aylanib, davlatning «Mening uyim 2021-2026» ipoteka dasturi hisobiga 29 foizga o‘sdi va bu Bishkek hamda boshqa hududlarda uy-joy qurilishi bilan birga sement, g‘isht va pardozlash materiallari ishlab chiqarishini ham rag‘batlantirdi.

Mamlakatda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 18,2 foizga, xorijiy investitsiyalar esa 17,5 foizga o‘sdi, bunga infratuzilma loyihalari va mahalliy investorlar faolligi turtki bo‘ldi.

Iqtisodiy o‘sish fonida o‘rtacha oylik nominal ish haqi 19,2 foizga oshdi. Inflyatsiya hisobga olingan taqdirda ham aholining real daromadlari olti oy davomida 12 foizga ko‘paydi. Bu esa ichki iste’mol talabini qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan birga, inflyatsiya darajasi 8 foizdan yuqori bo‘lib qolmoqda.

Tahlilchilarning qayd etishicha, iqtisodiy o‘sishning bir qismi Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin savdo va logistika yo‘nalishlarining qayta shakllanishi bilan ham bog‘liq.

Tojikiston yalpi ichki mahsuloti 2025 yilda 8,4 foizga o‘sdi. Bunda mamlakatning asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan oltin narxining yuqori bo‘lishi muhim omillardan biri bo‘ldi. Infratuzilmaga, ayniqsa Rog‘un gidroelektr stantsiyasi qurilishiga katta investitsiyalar kiritildi. Mehnat muhojirlari yuborgan pul o‘tkazmalari oshishi ham ichki talabni qo‘llab-quvvatladi.

Ikkinchi yil ketma-ket iqtisodiyot 8,4 foizga kengayib, 2025 yil oxiriga borib qariyb 18 milliard dollarga yetdi.

Iqtisodning qariyb 70 foizini tashkil qiluvchi uchta asosiy soha o‘sishda davom etmoqda: qishloq xo‘jaligi (YaIMning 23 foizi), sanoat (22 foiz) va savdo (14 foiz).

Turkmaniston dunyodagi eng yopiq iqtisodiyotlardan biri bo‘lib qolmoqda va mavjud ma’lumotlar asosan rasmiy bayonotlar hamda bilvosita baholashlarga asoslanadi.

Fevral oyida Prezident Serdar Berdimuhamedov mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2025 yilda 6,3 foizga o‘sganini ma’lum qildi. Rasmiy raqamlarga ko‘ra, sanoat ishlab chiqarishi 1,8 foizga, savdo 9,6 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 7 foizga o‘sgan. Investitsiyalar hajmi 6 foizga ko‘paygan va qariyb 7 mingta ish o‘rni yaratilgan.

Bundan oldin mamlakat moliya va iqtisod vaziri 2024 yilda yalpi ichki mahsulot 68,7 milliard dollardan oshganini ma’lum qilgan edi.

Yuqori o‘sish ortida saqlanib qolayotgan xavflar

Toshkent shahrida yangi qad ko‘ratgan ko‘p qavatli binolar

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, Tahlilchilar Markaziy Osiyo iqtisodidagi yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari ortida qator tizimli muammolar saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratmoqda.

Shu bilan birga, tahlilchilar Markaziy Osiyo iqtisodidagi yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari ortida qator tizimli muammolar saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratmoqda.

Yalpi iqtisodiy o‘sish yuqori bo‘lishiga qaramay, Jahon banki ma’lumotlari mintaqa davlatlari o‘rtasida daromadlar bo‘yicha jiddiy tafovutlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Qozog‘istonda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot taxminan 14154 dollarni tashkil etsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 3162 dollar, Qirg‘izistonda esa taxminan 2420 dollar atrofida. AQShda esa ushbu ko‘rsatkich 84 ming dollardan oshadi.

Mutaxassislar Markaziy Osiyodagi hozirgi iqtisodiy o‘sish darajalari tashqi shoklarga nisbatan hali ham zaifligicha qolayotganidan ogohlantirmoqda. Xususan, Xitoy iqtisodiyoti o‘sishining sekinlashishi, uglevodorodlar va metallarga bo‘lgan jahon talabi o‘zgarishi, shuningdek geosiyosiy beqarorlik asosiy xavflar sifatida ko‘rsatilmoqda.

Tahlilchilar 2027 yilga kelib iqtisodiy o‘sish sur’atlari pasayishi mumkinligini ham taxmin qilmoqda. Ularga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot o‘sishi 4-5 foiz darajasigacha tushishi ehtimoldan xoli emas.

Hozircha mintaqa oldidagi asosiy vazifa tez iqtisodiy o‘sishni mehnat unumdorligining barqaror oshishiga, aholining real daromadlari ko‘payishiga va institutlarning mustahkamlanishiga aylantirishdan iborat. Faqat shundagina yuqori YaIM ko‘rsatkichlari aholi turmush darajasining uzoq muddatli yaxshilanishiga olib kelishi mumkin, deya qo‘shimcha qiladi The Times of Central Asianashri.

YeI hisoboti: iqtisodiy o‘sishga qaramay, erkinliklar borasida xavotirlar arimagan

Yevropa Ittifoqining veb saytidagi hisobot haqidagi sahifasi skrinshoti

Surat manbasi, www.eeas.europa.eu

Surat tagso‘zi, Yevropa Ittifoqining "Dunyoda inson huquqlari va demokratiya bo‘yicha 2025 yillik hisoboti", 2026 yil 11 avgust

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar yaxshilanib borayotgan bir paytda, Yevropa Ittifoqining inson huquqlari va demokratiya bo‘yicha so‘nggi hisobotida Markaziy Osiyo davlatlarida, jumladan O‘zbekistonda ham fuqarolik erkinliklari sohasidagi holat yuzasidan xavotirlar bildirilgan. Bryussel bahosiga ko‘ra, 2025 yil davomida O‘zbekistonda inson huquqlari va demokratiya bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishda davom etgan, so‘z va matbuot erkinligi, fuqarolik jamiyati hamda siyosiy huquqlar sohasidagi muammolar esa saqlanib qolgan. YeI hisobotida Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham o‘xshash muammolar qayd etilgan.

Hisobotda aytilishicha, 2025 yilda O‘zbekistonda inson huquqlari va demokratiya sohasidagi vaziyat muntazam ravishda yomonlashishda davom etdi, deyarli barcha yo‘nalishlarda ortga ketish kuzatildi va hukumat inson huquqlari masalasiga yetarlicha e’tibor bermay qo‘ydi.

Temida haykali shahar manzarasi fonida: keng ko‘cha, avtomobillar va ko‘p qavatli binolar.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Rasmiy islohotlarga qaramay, fuqarolik va siyosiy huquqlarga cheklovlar qayd etildi - deyiladi hisobotda.

Rasmiy islohotlarga qaramay, fuqarolik va siyosiy huquqlarga cheklovlar qayd etildi. Hukumat keng talqin qilinishi mumkin bo‘lgan jinoiy moddalar asosida jurnalistlar, blogerlar va inson huquqlari himoyachilarini ta’qib qilish va qamoqqa olish orqali so‘z erkinligi hamda tinch yig‘ilishlar erkinligini cheklashda davom etdi. Advokatlar litsenziyasining to‘xtatilishi va qo‘rqitish holatlariga duch keldi - deyiladi hisobotda.

Yevropa Ittifoqi hisobotida ta’kidlanishicha, inson huquqlari himoyachilari va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining vaziyati murakkabligicha qoldi. Nodavlat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ularni moliyalashtirishga oid cheklovlar faoliyatni cheklashda davom etdi.

YeI bahosiga ko‘ra, 2025 yilda matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat ham yomonlashgan. Hisobotda kamida uch nafar taniqli ayol jurnalist nishonga olingani, bir qator jurnalistlar hibsda qolayotgani, hibsxonalardagi munosabat va LGBTI jamoasi vakillari huquqlari bo‘yicha xavotirlar saqlanib qolayotgani qayd etilgan.

Mahalliy jurnalist va faol Sharifa Murod.

Surat manbasi, Gulnoz Mamarasulova

Surat tagso‘zi, Mahalliy jurnalist va faol Sharifa Murod.

YeI delegatsiyasi inson huquqlarining jiddiy buzilishi holatlarini diplomatik muloqotlar orqali ko‘tarib chiqdi, jumladan qamoqdagi faol Davletmurat Tajimuratovni borib ko‘rish bo‘yicha YeI, Buyuk Britaniya va AQShning qo‘shma so‘rovini ilgari surdi. Delegatsiya inson huquqlari himoyachilariga oid sud jarayonlarini kuzatdi va ijtimoiy tarmoqlar orqali alohida huquq himoyachilarini qo‘llab-quvvatladi.

Yevropa Ittifoqi hisobotida O‘zbekiston YeXHT va BMT doirasida berilgan qator tavsiyalarni amalga oshirishda sezilarli siljishga erishmaganini qayd etilgan. Hisobotda YeI NNTlar faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar, yopiq sud jarayonlari va xorijiy moliyalashtirishga oid talablar yuzasidan ham tanqid bildirilgan. Shu bilan birga, hisobotda atrof-muhit va ijtimoiy siyosat sohalaridagi ayrim ijobiy o‘zgarishlar qayd etilgan bo‘lsa-da, ular fuqarolik va siyosiy huquqlar sohasidagi umumiy muammolarni bartaraf etmagani ta’kidlangan.

Gulnoz Mamarasulova
Keyin tarixdan qolgan "och qornim, tinch qulog‘im" degan maqolning hali ham dolzarbligidir.
Sharifa Murod
Mustaqil jurnalist (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

Sharifa Murod fikricha, iqtisodiy o‘sish bilan inson huquqlari va erkinliklar sohasidagi taraqqiyot bir xil sur’atda kechmayotganining sabablaridan biri aholining o‘z huquqlari haqidagi bilimlari oz ekaniga bog‘liq bo‘lishi mumkin. "Keyin tarixdan qolgan "och qornim, tinch qulog‘im" degan maqolning hali ham dolzarbligidir", dedi u.

"O‘zbekistonda odamlar inson huquqlari nima, so‘z erkinligi mamlakatga qanday foyda keltiradi, demokratik institutlarning o‘rni odamlarning yaxshi yashashi uchun qanday ahamiyatga ega degan savollarga javob izlamaydi. Va bu savollarga javob izlaganlar "qora ro‘yxat"ga tushishini biladi. Shuning uchun bor bilimini, kuchini, mehnatsevarligini mehnat qilishga, tadbirkorlikka, pul topishga qaratadi", dedi Sharifa Murod.

Bunga misol sifatida u o‘z faoliyatidan bir voqeani keltiradi.

Uning aytishicha, bir tadbirkor faoliyat yuritgan hududda uchta tol daraxti kesib tashlanganidan so‘ng bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda video e’lon qilgan. Biroq muhokamalarda daraxtlarning kesilishi emas, balki tadbirkor faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatilishi mumkinligi ko‘proq bahs mavzusiga aylangan.

"Lekin tadbirkorning ishi to‘xtab qolsa, uning qo‘lida ishlayotganlar och qoladi, degan fikrlar ko‘p bo‘ldi", dedi Sharifa Murod.

Uning ta’kidlashicha, aynan shunday munosabat inson huquqlari, so‘z erkinligi va demokratik institutlar haqidagi bahslar jamiyatda nega keng qo‘llab-quvvatlanmasligini ko‘rsatadi. "Endi o‘ylab ko‘ring, xuddi shunday fikrlovchilar jamiyatida inson huquqlari, so‘z erkinligi, demokratik institutlar rivojlana oladimi?", dedi u. "Eng qizig‘i 300 ming ko‘rishlar va shunga yaqin kommentlar yozilgan o‘sha rillsim Instagram sahifamdan yo‘qolib qoldi. Topa olmayapman".

Sharifa Murod fikricha, iqtisodiy o‘sish manzarasida so‘z erkinligi cheklanib qolayotganining yana bir sababi boshqaruv tizimi, sud-huquq organlari va kuch ishlatar tizimlarning oddiy aholiga qilayotgan munosabati bilan bog‘liq. Uning ta’kidlashicha, bu tizimlar uchun ham ko‘pincha iqtisodiy ko‘rsatkichlar va moliyaviy manfaatlar inson huquqlari yoki so‘z erkinligi kabi qadriyatlardan ustunroq ahamiyatga ega. "Ularning o‘ziga demokratik rivojlanish, so‘z erkinligi kerak emas. Ularga ham iqtisodiy o‘sish, pulini ko‘paytirish kerak", dedi u.

"Avval Karimov davrida inson huquqlari O‘zbekistonda yo‘q deb bong urilgan va ikkinchi hukumat amalga kelgandan so‘ng 2016 yildan 2019 yilgacha sal erkinlik berilgan edi. Afsuski, yildan yilga yana o‘sha eski tizimga qaytilayotgandek», deydi Sharifa Murod. "Sirojiddin Odilov, Abduqodir Mo‘minov, Olimjon Haydarov, Sunnatilla Qamchiev, Javohir Mo‘minov keyslari bunga misol bo‘la oladi".

YeI hisobotida ta’kidlanishicha, Qozog‘istonda 2025 yilda inson huquqlari va demokratiya sohasidagi vaziyat aralash manzarani namoyon etgan: bir tomondan siyosiy va sud islohotlari davom etgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan fuqarolik jamiyati, mustaqil OAV va siyosiy faollar uchun cheklovlar saqlanib qolgan.

Hisobotda qayd etilishicha, Qozog‘istonda fuqarolik jamiyati va mustaqil OAV uchun makon qisqargan, jurnalistlarga bosim va tinch yig‘ilishlarga cheklovlar saqlanib qolgan. Shuningdek, yil oxirida "an’anaviy bo‘lmagan jinsiy munosabatlar targ‘iboti"ni taqiqlovchi qonun qabul qilinishi LGBTI shaxslar huquqlari bo‘yicha xavotirlarni kuchaytirgan.

2025 yilda YeI delegatsiyasi mamlakatda inson huquqlari va demokratiya mavzusidagi dastur doirasida jami 4,8 million yevro mablag‘ ajratilgan yettita ikki tomonlama loyihani boshqardi.

Hisobotga ko‘ra, Qirg‘izistonda 2025 yilda inson huquqlari sohasidagi vaziyat yomonlashishda davom etgan. Jurnalistlar va fuqarolik jamiyati vakillariga bosim kuchaygan, yangi OAV to‘g‘risidagi qonun barcha media vositalari uchun majburiy ro‘yxatdan o‘tish talabini joriy qilgan va xorijiy mulkchilikni 35 foiz bilan cheklagan. YeI, shuningdek, so‘z erkinligi, diniy erkinlik, LGBTI shaxslarga nisbatan kamsitish va ozchiliklar huquqlari bo‘yicha xavotirlar saqlanib qolayotganini qayd etgan.

YeI Qirg‘izistonda gender tengligi, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, inson huquqlari va sud tizimi islohotlariga qaratilgan dasturlarni davom ettirdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Hisobotda qayd etilishicha, Tojikistonda 2025 yilda so‘z erkinligi va fuqarolik maydoniga qo‘yilgan cheklovlar saqlanib qolgan, mustaqil jurnalistlar va inson huquqlari himoyachilari qamoq hamda uzoq muddatli jazolarga duch kelgan. Human Rights Watch ma’lumotlariga ko‘ra, kamida yetti nafar jurnalist o‘z faoliyati bilan bog‘liq ayblovlar asosida qamoqqa tashlangan. Hisobotda, shuningdek, qiynoqlar haqidagi xavotirlar, afg‘on qochqinlarining majburiy deportatsiyasi va muxolifat vakillarini himoya qilgani uchun 23 yillik jazoni o‘tayotgan advokat Buzurgmehr Yorov ishi tilga olingan. Pomirlik faollar va jurnalistlar ham qamoqda saqlanayotgani, ularning ayrimlari «ekstremist» yoki jinoyatchi sifatida tavsiflanayotgani qayd etilgan.

Hisobotga ko‘ra, Turkmanistonda 2025 yilda inson huquqlari sohasidagi vaziyat murakkabligicha qolgan. Freedom House mamlakatni 100 balldan 1 ball bilan baholab, «erkin emas» davlatlar qatoriga kiritgan. So‘z erkinligi, OAV, yig‘ilishlar va harakatlanish erkinligiga cheklovlar saqlanib qolgan, shuningdek LGBTI jamoasi huquqlari va qamoqxonalardagi qiynoqlar haqidagi xavotirlar davom etgan.

Shu bilan birga, hisobotda mamlakatdagi jazoni ijro etish muassasalari sharoitlari, gender tengligi va majburiy mehnatga qarshi kurash sohalarida ayrim ijobiy o‘zgarishlar ham qayd etilgan.

Markaziy Osiyo iqtisodiy jihatdan yangi bosqichga chiqmoqda. Biroq tahlilchilar qayd etishicha, mintaqa kelajagi haqidagi bahslar endi faqat iqtisodiy o‘sish emas, balki institutlar sifati, davlat boshqaruvi va erkinliklar masalalarini ham qamrab olmoqda.