Afg‘oniston O‘zbeklari do‘ppisi ijtimoiy tarmoqlarda norozilik timsoliga aylandi - Video

O'qilish vaqti: 4 daq

"O‘z kiyimimni kiyganim, o‘z tilimda gapirganim uchun haqoratlansam, bu yurtda yashash men uchun chidamli emas", dedi Kobul Universitetining adabiyot fakulteti O‘zbek bo‘limi talabasi Hibbatulloh Yoqub o‘g‘li.

Yuzlab odamlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z birdamligini namoyon etayotgan bir paytda ushbu voqea markazida turgan talabalarning taqdiri noma’lum qolayapti.

Tolibon Oliy ta’lim vaziri tahqirlab tarsaki urgan talaba hozirda tazyiqlardan qo‘rqib yashirinishga majbur bo‘lgan.

Kobul Universiteti boshqa talabalari va o‘qituvchilarga qattiq ogohlantirish berilgan.

Talaba va o‘qituvchilarga do‘ppi mavzusi haqida gapirish ma’n etilgan.

Afg‘on O‘zbeklari do‘ppisi bilan bog‘liq voqea qanday sodir bo‘ldi?

8 aprel kuni Afg‘oniston Oliy Ta’lim vaziri Shayx (Mavlaviy) Nido Muhammad Nadim universitetga tashrif buyurgan.

Bu vaqtda adabiyot fakulteti O‘zbek bo‘limining o‘ndan ortiq talabasi universitet hovlisini tozalashayotgan, ular hammasi boshlariga qizil do‘ppi kiygan edilar.

Vazir Mavlaviy Nido Muhammad Nadim talabalarga xorijiy yot bosh kiyim kiyganlarini aytgan.

Talaba Hibbatulloh Yoqub o‘g‘li esa bu qizil do‘pppi O‘zbeklarning milliy bosh kiyimi ekanini, boshidagi do‘ppini buvisi o‘z qo‘li bilan tikkanini aytgan.

Shundan keyin vazir talaba yuziga tarsaki tortgan.

Voqea guvohlariga ko‘ra, vazir bu do‘ppi Pashtunlar harakati va xalqlariga tegishli ekanini iddao qilgan, O‘zbek talabalariga bunday bosh kiyim mumkin emasligini aytgan.

Biroq Turkiy xalqlar, ayniqsa, Afg‘oniston O‘zbeklari uchun bu do‘ppi siyosat emas, balki Navro‘z hamda boshqa bayramlarning ko‘rki hisoblanadigan milliy merosdir.

Tolibon rahbari Haybatulloh Oxundzodaga yaqin bo‘lgan Oliy Ta’lim vaziri Nido Muhammad Nadim hukumatdagi eng qattiqqo‘l siyosatchilardan biri hisoblanadi.

Afg‘on O‘zbeklari do‘ppisi Internet ijtimoiy tarmoqlaridagi norozilik ramziga aylandi.

Afg‘onistondagi O‘zbeklar va boshqa turkiy xalqlar vakillari o‘z birdamligini ifoda etish maqsadida qizil do‘ppi kiygan foto suratlarini e’lon qildilar.

Kobul Universiteti O‘zbek talabalari bilan yuz bergan hodisaga munosabat bildirdilar.

Olgʻa Oʻzbeklar Oʻzbek oʻziga bek va oʻziga hondur oʻzligingizni milliyligingizni qoʻldan kelguncha saqlap qolingizlar, deb yozdi Feysbuk foydaalanuvchisi Anvar Po‘latov.

Toliblar faqat pushtunlarni millat deb bilishadi. Qolganlarning urf-odatlari ularga qiziq emas musulmon bo'lsa ham. Kamsitmasin o'zbeklarni. Biz u Afg'onistonga qanchadan qancha yordam jo'natdik lekin baribir o'zbeklarni kamsityapti, deb yozdi Aziz Rahmon.

Afg'oniston o'zbeklari xalqaro huquq himotasiga adolat istab murojat etishlari kerakdir balki... Nega aynan turkiy ellatlar Afg'oniston tolibonlarni adolatsiz siyosatidan aziyat chekishi kerak?, deb yozdi Zuhra Ochilova Zuhro.

Talibon Oliy bilim vazirini avvalan bor insonlikka, keyinchalik madaniyat va adolat urganishka davat etaman.

Bilim yurtlaridagi har bir kishiga ulka kelajagi bo'lganligi tufayli hurmat ko'rsatish lozim, deb yozdi Ulugbey Ahmet.

Afg'onistonlik Üzbek millatdoshlarimizga Assalomu aleykum. Sizlarni Alloh asrasin, bir bayroq ostida birlashaylik ilohim, ungacha üzlarizni ehtiyot qilinglar, asranglar, deb yozdi Jamshid Do'stov

Afg‘oniston Oliy Ta’lim vazirligi ushbu hodisani rad etdi.

Vazirlikka ko‘ra, ushbu masala talabalar va vazirlik rahbarlari o‘rtasida ishonchsizlikni keltirib chiqarish maqsadini ko‘zlagan dushmanlarning ishidir.

O‘zbek tili va madaniyatiga munosabat

Afg‘onistonda til va madaniyatga munosabat hassos hisoblanadi, 40 yillik urush ushbu nozik masala juda tez qurolli qonli to‘qnashuvlarga aylanib ketishi mumkinligini ko‘p bor namoyish etgan.

Tolibon harakati o‘zlarining asosiy maqsadi diniy birlik ekani, Afg‘onistonda yashaydigan barcha millat va elat vakillariga teng qarashlarini aytadi.

Biroq Afg‘onistondan chetga chiqib ketgan millat vakillari o‘z millatdoshlarining milliy, madaniy huquqlari kamsitilayotganini aytadilar.

Bunga buyuk O‘zbek shoiri va davlat arbobi Alisher Navoiy merosiga nisbatan bo‘lgan so‘nggi misollar sifatida keltirganlar.

2023 yil Alisher Navoiyning Mozori Sharif shahridagi haykali buzib tashlandi.

O‘shanda Afg‘oniston bo‘ylab Navoiy haykallari va suratlari yo‘q qilinishini qator afg‘onistonlik va o‘zbekistonlik ziyolilar bevosita diniy emas, balki joriy Tolibon rahbariyatining mamlakatdagi milliy ozchiliklarga qarshi qaratilgan amal sifatida ham talqin qilishdi.

Ayrimlar esa ayni hatti-harakatlarni Tolibon Islom dinini qanday talqin qilishi va yo hayotga tadbiq etishiga bog‘lab tushuntirishga intiladi.

Tolibon harakatining o‘zagini tashkil etadigan Pashtun millatiga mansub shaxslarning suratlari ham o‘chirilishi shunday fikrlarga yetaklaydi.

O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonda Navoiy merosi buzilishiga munosabat bildirdi, buning ortidan Tolibon rahbariyati buyuk shoir va mutafakkir uchun yanada ko‘rkam majmua etishga qaror qilgani e’lon etildi, poydevor qo‘yish marosimi o‘tkazildi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating