"Qish og‘ir keladi". Yevropa isitish mavsumiga tayyor emas, yana Rossiya gaziga qaytadimi?

Polshadagi gaz qutisi
    • Author, Aleksey Kalmikov
    • Role, Bi-bi-si
  • Published
  • O'qilish vaqti: 8 daq

Yevropa qishga tayyor emas va 2022 yilda, Kremlning YeI bilan gaz urushi qizg‘in pallaga kirgan paytda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin kuzatilgan energetika inqiroziga yana duch kelishi mumkin. Mutaxassislar fikricha, isitish mavsumi boshlanishiga bir oy qolgan bir paytda yerosti gaz omborlaridagi zaxiralar so‘nggi 15 yil ichidagi eng past darajada. Elektr energiyasi va issiqlik narxlarining yanada oshib ketishi, Yevropaning esa inqirozga yuz tutishiga faqat bir mo‘’jiza, ya’ni qishning iliq kelishi yoki Erondagi urushning tugashi to‘sqinlik qilishi mumkin.

Isitish hali boshlangani yo‘q, tashqarida havo iliq, ammo gaz narxlari allaqachon o‘tgan yilgiga nisbatan ikki baravardan ko‘proq oshib ketgan. Yevropada gaz bundan qimmat bo‘lgan davr faqat 2022 yilning o‘sha yoddan chiqmaydigan kuzi edi. O‘shanda Rossiya ta’mirlash bahonasi bilan Yevropaga gaz yetkazib beradigan asosiy quvur - «Shimoliy oqim»ni o‘chirib qo‘ygan edi. Shundan buyon YeIning Rossiya gaziga qaramligi qariyb 50 foizdan 12 foizgacha qisqardi va ittifoqqa a’zo barcha 27 davlat kelasi yili undan to‘liq voz kechish niyatida.

Kremlning Yevropaga gaz bosimi o‘tkazish uchun deyarli hech qanday vositasi qolmadi. Ammo boshqa bir muammo paydo bo‘ldi: Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishi jahon bozorini Qatarning suyultirilgan gazidan mahrum qildi. Yevropa Qatardan deyarli gaz sotib olmasa-da, jahon bozoridagi narxlar oshdi. Shu bois yevropalik kompaniyalar qimmat gazni xarid qilib, qish oldidan omborlarga joylashtirishga shoshilmadilar.

Natijada oktyabr boshiga kelib yerosti gaz omborlari atigi 70 foizga to‘ldirildi. Inqirozli 2022 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich qariyb 90 foizni tashkil etgan edi, keyingi yillarda esa ba’zan bundan ham yuqori bo‘lgan.

«Yevropada qish juda og‘ir keladi. Endi faqat qish qattiq sovuq bo‘lmasligiga umid qilish qoldi», dedi Yevropa Ittifoqining energetika masalalari bo‘yicha komissari Dan Yorgensen.

«Ammo umid yaxshi strategiya emas», dedi u shu hafta YeI davlatlari energetika vazirlarining uchrashuvi oldidan va ularni chora ko‘rishga chaqirdi.

Yevropa Ittifoqi 1 noyabrga qadar gaz omborlarini to‘ldirish bo‘yicha talabni 90 foizdan 80 foizga tushirdi. Biroq hatto bu ko‘rsatkichga erishish uchun ham yevropaliklarga sur’atni oshirishga to‘g‘ri keladi. S&P Global tahlilchilarining so‘nggi baholashlariga ko‘ra, hozirgi sur’at saqlanib qolsa, isitish mavsumi boshlanishiga kelib omborlar atigi 74 foizga to‘ladi.

Bu taxminan 78 milliard kub metr gaz demakdir. Bu esa YeIning qish mavsumidagi o‘rtacha gaz iste’molining qariyb chorak qismiga teng. Qish davriga esa yillik gaz talabining 70-80 foizi to‘g‘ri keladi.

Zaxira qishga yetadimi?

Vahimaga o‘rin yo‘q, deya ta’kidlamoqda YeI mamlakatlari va Yevropa komissiyasi tomonidan gaz bozoridagi vaziyatni kuzatib borish uchun maxsus tashkil etilgan muvofiqlashtiruvchi guruh. Sentyabr oyi oxirida bo‘lib o‘tgan so‘nggi yig‘ilishida u «omborlardagi zaxiralar past bo‘lishiga qaramay, gaz ta’minoti barqaror» degan xulosaga keldi.

Balki shundaydir, ammo xotirjamlikka berilish mumkin emas, deb ogohlantirmoqda ekspertlar.

Putin gaz quvuri yonida
Surat tagso‘zi, Putin butun siyosiy faoliyati davomida Yevropaga gaz quvurlari qurib keldi. Chunki u Rossiya gazi uchun eng yaqin va eng daromadli bozor edi. Ammo Ukrainaga bosqin boshlanganidan keyin Rossiya bu bozorni bir lahzada yo‘qotdi. Erondagi urush Rossiya uchun u yerga qaytish imkoniyatini yaratdi. Biroq Yevropa bunga tayyormi?
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Hozirgi iste’mol sur’ati va amaldagi narxlar saqlanib qolsa, Yevropa katta xarajatlarga duch keladi. Bu esa uning moliyaviy ahvolini yanada zaiflashtirib, aholi hamda biznes daromadlarini qisqartiradi. Qolaversa, qattiq sovuq kunlarda zaxiralar yetishmasligi nafaqat yevropaliklarga, balki butun dunyoga ta’sir qiladi. Chunki AQSh va Xitoydan tashqari faqat Yevropada qishki talab keskin oshganda narxlarni osmonga chiqarmasdan uni qoplashga qodir yirik gaz omborlari mavjud.

Yevropa uy-joylarni gaz bilan isitadi va undan elektr energiyasi ham ishlab chiqaradi. Shuning uchun qattiq sovuqda talab keskin ortib ketadi. Xuddi shuningdek, havo bulutli va shamolsiz bo‘lgan, quyosh panellari hamda shamol turbinalari kamroq energiya ishlab chiqaradigan «Dunkelflaute» deb ataluvchi davrlarda ham gazga ehtiyoj kuchayadi. Ana shunday paytlarda omborlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Iste’molchilarga gaz yetkazib berish hajmini bunchalik tez oshirishning boshqa yo‘li yo‘q.

«Qishda biz aynan zaxiralarga shunchalik ko‘p bog‘liq bo‘lishimizning sababi shu. Shuning uchun ham ularning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi», deydi Oksford Energetika Tadqiqotlari Instituti (OIES) eksperti Jek Sharpls.

Sharplsning ta’kidlashicha, 1 noyabrgacha kutilgan 78 milliard kub metrlik zaxira qish 2022/23 va 2023/24 yillardagidek yumshoq kelgan taqdirda yetarli bo‘ladi. O‘sha yillari YeI omborlardan 40-45 milliard kub metr gaz sarflagan edi.

Iqtibos

Ammo so‘nggi ikki qishdagi stsenariy takrorlansa, muammolar darhol yuzaga chiqadi.

Undan oldingi qishda YeI omborlardan 66 milliard kub metr gaz chiqargan bo‘lsa, o‘tgan qishda bu ko‘rsatkich qariyb 60 milliard kub metrni tashkil etdi. Zaxiralar shu sur’atda sarflansa, isitish mavsumi oxiriga borib omborlar deyarli bo‘shab qoladi. Biroq bundan avval boshqa noxush holat yuz berishi mumkin.

«Ayrim mamlakatlardagi ko‘rsatkich nolga tushishidan oldin ham Yevropada gaz narxlari juda yuqori va juda tez sur’atlarda o‘sishiga ishonaman, ayniqsa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi to‘liq ochilmay qolsa», dedi u.

Gaz yetadi, biroq pul yetishi dargumon

Shuning uchun ham bu qishdagi asosiy xavf gazning yetishmasligi emas, balki uning qimmat bo‘lishi, deydi oksfordlik ekspert.

Uning fikricha, Yevropa boy qit’a: u 2022 yilda muzlab qolmagan edi, hozir ham muzlamaydi. Masalaning boshqa tomoni bu necha pulga tushishida.

2022 yil martida Germaniyadagi «Shimoliy Oqim» quvurlari
Surat tagso‘zi, Putin "Shimoliy Oqim"ni 2022 yil avgustida ishga tushirdi. Bir oydan keyin uni portlatdilar

Chunki agar bahorga kelib zaxiralar tanqidiy darajada kamayib ketsa, Yevropa ularni keyingi isitish mavsumiga qadar kelishilgan 90 foizlik darajaga yetkazish uchun odatdagidan ancha ko‘p gaz sotib olishiga to‘g‘ri keladi. OIES eksperti Mayk Fulvud hisob-kitoblariga ko‘ra, maydan noyabrgacha bo‘lgan davrda qo‘shimcha ravishda taxminan 30 milliard kub metr gaz talab qilinadi.

Boshqa har qanday vaziyatda bunday qo‘shimcha talab yuqori narxlarga olib kelgan bo‘lar edi. Ammo kelasi yili Amerika, Avstraliya va Afrikadan jahon bozoriga suyultirilgan gaz yetkazib berish hajmi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.

Biroq hatto bu qo‘shimcha hajmlar ham olti oy ichida 30 milliard kub metrdan oshmaydi. Bu esa aynan Yevropaga kerak bo‘lgan miqdordir. Agar Yevropa shu suyultirilgan gazning barchasini sotib olsa, narxlar yana ko‘tariladi. Chunki ta’minotdagi uzilishlar va boshqa energiya manbalariga o‘tishga urinishlarga qaramay, iqtisodiyot o‘sishi bilan dunyoda gazga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda.

Yevropa yuqori narxlar saqlanib qoladigan ikkinchi yoz mavsumini ko‘tara olmaydi, deya ogohlantirdi Yevropa Ittifoqining energetika masalalari bo‘yicha komissari Dan Yorgensen.

«Yevropadagi energetika inqirozi hali ham tugagani yo‘q, bu aniq, — dedi u. — Erondagi urush boshlanganidan buyon YeIning qazilma yoqilg‘ini import qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlari allaqachon 100 milliard Yevrodan oshib ketdi. Ayni shu miqdordagi energiya uchun», dedi u.

Uning fikricha, bu holat bundan keyin shunday davom etishi mumkin emas. Yevropa hozirning o‘zida gaz uchun AQShga nisbatan uch baravar ko‘p haq to‘lamoqda va Osiyodagidan ham qimmatroq narxlarga duch kelmoqda. Natijada u raqobatbardoshligini yo‘qotib, boshqa foydali maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan mablag‘larni sarflashga majbur bo‘lmoqda.

«Vaziyat, shubhasiz, murakkab. Narxlarning hozirgi darajasi hayotning yangi me’yoriga aylanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», dedi Yevropa komissari.

Nima qilmoq kerak?

Variantlardan biri isitish mavsumi boshlanishidan oldin gaz xaridlarini keskin ko‘paytirishdir. Ammo o‘sha gazni oladigan joyning o‘zi yo‘q.

«Putinning qonli gazi». 2022 yil kuzida Pragada tashkil qilingan protest.
Surat tagso‘zi, «Putinning qonli gazi». Rossiya gazi importini qayta tiklash g‘oyasi yevropalik siyosatchilar uchun hatto isitishdan tejashga chaqirishdan ham ko‘ra zaharliroq mavzuga aylangan. Biroq hamma uchun ham emas: o‘ta o‘ng qanot siyosiy kuchlar Rossiiyadan gaz olishni qayta tiklash tarafdori bo‘lib, buni faol targ‘ib qilmoqdalar.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hali ham cheklangan holatda qolmoqda, Qatar esa suyultirilgan gazni oz miqdorda va ehtiyotkorlik bilan eksport qilishni endigina boshladi. Biroq u yetkazib berish barqaror bo‘lishiga ishonayotgandek ko‘rinmaydi. Chunki Qatar yaqinda fors-major holatini, ya’ni yengib bo‘lmaydigan sharoitlar sabab shartnomalar shartlarini bajarmaslik huquqini uzaytirdi. Hatto Erondagi urush darhol tugagan taqdirda ham Fors ko‘rfazidan gaz yetkazib berishni to‘liq tiklash vaqt talab qiladi va bu Yevropa uchun shu qishdagi gaz zaxiralari darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.

YeIning ikki asosiy gaz yetkazib beruvchisi bo‘lgan AQSh va Norvegiya esa allaqachon maksimal quvvatda ishlamoqda. Shuning uchun hozircha qo‘shimcha haq to‘lamasdan ko‘proq gaz sotib olishning imkoni yo‘q.

Yana bir variant - iste’molni qisqartirish.

«Yevropa komissari Yorgensen nihoyat YeI mamlakatlariga gaz va elektr energiyasi iste’molini hech bo‘lmaganda biroz qisqartirishni taklif qildi. Buni ancha avval qilish kerak edi, men bu haqda yarim yildan beri gapirib kelyapman», — dedi AQShdagi Kolumbiya universiteti Global energetika siyosati markazi eksperti Ann-Sofi Korbo. «Siyosatchilar gaz ta’minoti barqarorligi haqida gapirishni yaxshi ko‘rishadi. Ammo tejash kerakligi haqida gapirishni hech kim istamaydi, chunki bu reytinglarga salbiy ta’sir qiladi».

Shunga qaramay, Ann-Sofi Korboning aytishicha, inqirozni yashirish emas, balki unga oldindan tayyorgarlik ko‘rish kerak. U o‘z shubhalarini ham yashirmaydi:

«Yevropadagi siyosatchilar oldindan harakat qilishni bilmaydilar. 2022 yilda ham xuddi shunday bo‘lgan edi».

Kolumbiya universitetidagi uning hamkasbi Tatyana Mitrovaning fikricha, o‘sha gaz urushidagi g‘alaba yevropaliklarga beparvolik bilan chegaradosh bo‘lgan ortiqcha ishonch bag‘ishladi. Natijada ular kelayotgan qishda inqiroz ehtimolini ko‘rsatib turgan barcha alomatlarga qaramay, hech qanday chora ko‘rmaslikka qaror qilishdi.

«Yevropalik siyosatchilar xotirjam tortib qo‘yishdi va muhim pallani butunlay qo‘ldan chiqarib yuborishdi. Ular: "Biz 2022 yilgi inqirozdan chiqqan ekanmiz, bunisidan ham chiqamiz", deb o‘ylashdi. Menimcha, bu xato».

Putin 2010 yili Boltiq dengizi tubiga "Shimoliy Oqim" quvurini yotqizish marosimiga shaxsan o‘zi qatnashgan edi
Surat tagso‘zi, Putin 2010 yili Boltiq dengizi tubiga "Shimoliy Oqim" quvurini yotqizish marosimiga shaxsan o‘zi qatnashgan edi

Biroq iste’mol qisqartirish imkoni bo‘lmasa va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqin orada ochilishiga umid qilinmasa, nima qilish mumkin?

Yana qolgan yo‘llardan biri Rossiya.

Yevropa yana Rossiya gaziga qaytadimi?

«Yevropa Ittifoqida ayrimlar allaqachon Rossiya gazi bilan xayrlashish rejalarini qayta ko‘rib chiqish yoki hech bo‘lmaganda kechiktirishga chaqirmoqda. Gaz bozoridagi muammolar fonida bunday ovozlar yanada balandroq yangraydi», deya ogohlantiradi Polshaning davlatga qarashli Sharq tadqiqotlari markazi (OSW) eksperti Agata Loskot-Straxota.

YeI Rossiya gazidan voz kechmoqda va bu uzoq muddatli strategiyaning navbatdagi bosqichi 1 yanvardan boshlanadi. O‘shanda Yevropa suyultirilgan Rossiya gazini sotib olishni to‘liq taqiqlaydi. Keyingi va so‘nggi bosqich esa 2027 yil kuzidan boshlab quvur orqali keladigan gazdan ham voz kechish bo‘ladi.

Biroq, Tatyana Mitrovaning fikricha, hatto YeI bu masalada yon berishga qaror qilgan taqdirda ham, Rossiya Yevropaning ahvolini yengillashtira olmaydi, aniqrog‘i, ehtimol bunga xohish ham bildirmaydi.

«Yevropada ham, Rossiyada ham siyosiy iroda bo‘lgan taqdirda ham, Rossiya gazi yetkazib berishni sehrli tayoqcha bilan tiklab bo‘lmaydi», deydi u. «Bundan tashqari, bunday qadam Yevropa uchun geosiyosiy tahqir bo‘lishi mumkin. Qolaversa, Vladimir Putin gaz yetkazib berishni qayta tiklashga rozi bo‘lishi ham aniq emas».

2022 yilda Putin Yevropani sovuqdan qutqarishni o‘z shartlari bilan bog‘lagan edi. Jumladan, u gaz uchun rublda to‘lashni talab qildi va natijada xaridorlarining katta qismini yo‘qotdi.

«Putin hozir ham xuddi shunday pozitsiyani egallashi mumkin: "Biz Yevropaga gaz taklif qildik, u esa rad etdi. Endi esa qish o‘rtasida gaz so‘rab yalinmoqda. Endi kech. Muammoni o‘zlaring hal qilinglar", deyishi mumkin», dedi Mitrova. «Hatto buning evaziga Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasida yon berishlarni ham talab qilishi mumkin».