Ona bo‘lish orzusimi yoki tuzoq? Nega ba’zi ayollar farzand ko‘rganidan pushaymon bo‘ladi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Kirsti Brever
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 6 daq
Karmen 10 yoshli o‘g‘lini yaxshi ko‘radi, lekin vaqtni ortga qaytara olganimda, hech qachon ona bo‘lishni istamasdim, deydi.
"Onalik mendan sog‘lig‘imni, vaqtimni, pulimni, kuch-quvvatimni va jismimni tortib oldi", deydi u. "Buning bahosi juda baland, tovonini bir umr to‘laysan".
40 yoshlardagi bu o‘qituvchi ona bo‘lganidan pushaymon ayollardan iborat hamjamiyatning bir a’zosidir.
Bu pushaymonlik haqida kamdan-kam ovoz chiqarib gapiriladi. Men bilan bog‘langan ayollar qattiq tanqiddan qo‘rqib va oilalari bilmagani uchun faqat ismlari sir qolishi sharti bilan o‘z hislari haqida so‘zlab berishdi.
Karmen bir necha yil oldin ota-onalarga mo‘ljallangan umumiy forumda o‘z pushaymonligini ehtiyotkorlik bilan aytganida, ayrimlar unga hamdardlik bildirgan bo‘lsa, boshqalar go‘yo "maxluq"dek munosabatda bo‘lganini aytadi.
"Oskar" mukofotiga nomzodi qo‘yilgan "Oyoqlarim bo‘lganda, seni tepardim" filmida onalik bilan bog‘liq haddan tashqari bosim va fidoiylik masalasi diqqat markaziga olingan.
Aktrisa Rouz Birn qizining ehtiyojlarini qondirish va oila poydevorini saqlab qolish uchun kurashda o‘zini yolg‘iz his qilayotgan, butunlay holdan toygan onaning holatini mahorat bilan gavdalantirgan.

Surat manbasi, Logan White/A24
Karmen filmdagi mavzular unga yaqin ekanini aytadi. "Onalik – bu xohlamasangiz ham bajaradigan cheksiz bir ish, chunki kichkina bir inson sizga qaram", deydi u. "Bu qochib qutulib bo‘lmas tuzoqqa o‘xshaydi".
U ona bo‘lish qanchalik "dahshatli" ekanini ochiqcha, hech ikkilanmay aytadi. Ammo ismini o‘zgartirganimiz, o‘g‘li Teo haqida so‘raganimda, uning ovozida yaqqol yorqinlik paydo bo‘ladi.
"Bu afsusimning Teoga hech qanday aloqasi yo‘q, u ajoyib, yoqimtoy bola va men uni jonimdan ortiq sevaman", deydi Karmen. "Hech ikkilanmay uning uchun jonimni beraman. U mehribon, xushmuomala va a’lochi o‘quvchi."
Psixoterapevt Anna Matur shunday deydi: "Ko‘pincha ayollar onalikdan pushaymonligi haqida gapirishga o‘zlarini ruhan tayyor his qilganda, bu mehr yetishmasligidan emas, balki yolg‘izlik, holdan toyish yoki yo‘qolgan o‘zlik hissidan dalolat beradi".
O‘zini perfektsionist deb biladigan Karmen uchun "yaxshi fuqaro, yaxshi va baxtli inson"ni tarbiyalash mas’uliyati og‘ir.
Farzand ko‘rib, ona bo‘lganimdan afsusdaman, lekin o‘z farzandlarimni yaxshi ko‘raman. Ularning yo‘q bo‘lishini istamasdim, shunchaki ona bo‘lishni xohlamayman.
Karmen o‘ziga Teoning bolaligi hech qachon mening bolaligimdagidek bo‘lmaydi deb va’da bergan. U "zo‘ravonlik asosiy muloqot tili bo‘lgan", o‘zi hech qachon mehr ko‘rmagan kambag‘al va notinch oilada o‘sgan edi.
Avvaliga ona bo‘lish "quvonchli" edi, deydi u. Teo yaxshi uxlardi, Karmen tug‘ruq ta’tilida chaqalog‘iga g‘amxo‘rlik qilib o‘tkazgan kunlaridan mamnun.
Ammo o‘g‘lida rivojlanishdan jiddiy orqada qolish alomatlari paydo bo‘lgach, vaziyat o‘zgardi va "har bir oddiy lahza kuzatuv va xavotirga aylandi", deydi Karmen.
"O‘zimni juda aybdor his qildim", deydi u, "Uning hayoti kurashga aylanib ketishidan xavotirlandim".
Oxir-oqibat, Teoga Karmen qo‘rqqan kasalliklar tashxisi qo‘yilmadi va hozir uning ahvoli yaxshi, ammo Karmenning aytishicha, o‘sha paytdagi stress va doimiy xavotir unda autoimmun kasallik rivojlanishiga sabab bo‘lgan.

Surat manbasi, Getty Images
"Onalikdan pushaymonlik: Tadqiqot" kitobi muallifi, isroillik sotsiolog Orna Donatning fikricha, onalikdan pushaymonlikni mehrsiz va e’tiborsiz ota-onalik bilan tenglashtirish – yuzaki xulosadir.
Donat 23 nafar ona bilan suhbatlashgan va ularning har biri onalikdan pushaymonlik hissi bilan farzandlariga bo‘lgan tuyg‘ulari o‘rtasidagi farqni ta’kidlagan. Bir necha ayol onalikdan hafsalasi pir bo‘lganini, chunki haqiqiy hayot jamiyat singdirgan ideallashtirilgan tasavvurga mos kelmaganini aytgan.
"Farzand ko‘rib, ona bo‘lganimdan afsusdaman, lekin o‘z farzandlarimni yaxshi ko‘raman... Ularning yo‘q bo‘lishini istamasdim, shunchaki ona bo‘lishni xohlamayman", deydi tadqiqot ishtirokchilaridan biri, ikki o‘smirning onasi.
Mavjud kam sonli ma’lumotlar ham bu noodatiy holat emasligini ko‘rsatadi. 2023 yilda Polshada o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, ota-onalarning 5-14 foizi farzand ko‘rish qaroridan afsusda va agar vaqtni ortga qaytarish imkoni bo‘lganda, farzandsiz hayotni tanlagan bo‘lar edi.
Ota-onalar bu afsus haqida ochiq gapirmasligi mumkin, biroq ular internet orqali o‘z hamjamiyatlarini topmoqda.
Karmen butun dunyodan 96 ming a’zosi bo‘lgan "Farzand ko‘rganimdan pushaymonman" nomli Facebook guruhiga qo‘shilgach, yolg‘iz emasligini tushundi.
"Onalik shirin lahzalarga to‘la, lekin ular men ega bo‘lishim mumkin bo‘lgan erkinlik o‘rnini bosa olmaydi", deydi guruh a’zolaridan biri, Avstraliyada besh yoshli farzandi bilan yashovchi ona Bi-bi-siga bergan intervyusida.
"Qizimning yonida niqobimni yaxshi taqib yuraman, lekin u uyquga ketgach, erim ikkimiz birga sifatli vaqt o‘tkazishimiz uchun qisqa fursat paydo bo‘lganda, men niqobimni yechaman va yolg‘iz qolishni afzal ko‘raman", deydi u.
Farzandli bo‘lish moliyaviy qiyinchiliklarni anglatadi, uning barcha maqsad va orzulari – sayohat qilish, biznes boshlash va investitsiya portfelini shakllantirish – chetga surilgan.
"Bu alg‘ov-dalg‘ov dunyoda munosib insonni tarbiyalashdan tashqari, boshqa hech narsaga ishtiyoqim qolmadi", deydi u.

Surat manbasi, Getty Images
Buyuk Britaniyada yashovchi yana bir ayolning aytishicha, odamlarning baxtsiz ona haqida tug‘ruqdan keyingi depressiyadan aziyat chekayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylashi unga "kamsituvchi" tuyuladi.
"Odamlarga shunday nomlash ma’qul keladi. Farzandlarim ulg‘ayib qolishgan, lekin men hali ham o‘zim hech qachon yashay olmagan hayotim uchun pushaymonman. Endi bo‘lajak nevaralarimga qarash haqida qayg‘uryapman – g‘amxo‘rlik hech qachon tugamaydi".
"Farzand ko‘rganimdan pushaymonman" nomli Facebook guruhi 2007 yilda tashkil etilgan bo‘lib, undagi ma’lumotlarni anonim tarzda ota-onalar, asosan ayollar beradi.
Guruh moderatori, amerikalik 44 yoshli tadqiqotchi Janinaning aytishicha, "maqsad hech qachon ota-onalarni uyaltirish yoki biror turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘lmagan".
"Bu ko‘proq asosiy suhbatlarda tilga olinmaydigan madaniy hodisani hujjatlashtirish bilan bog‘liq", deydi u. "Jamiyat katta va faol, chunki ko‘pchilik nomaqbul deb o‘rgatilgan his-tuyg‘ular bilan sukutda kurashib keladi".
Janinaning aytishicha, u farzandli bo‘lish borasida ikkilanib turganida, forumdagi hikoyalarni o‘qish uning farzand ko‘rmaslik haqidagi qaroriga ta’sir qilgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Irlandiyalik maslahatchi va psixoterapevt, odamlarga ota-ona bo‘lish yoki bo‘lmaslikka qaror qilishda yordam berishga ixtisoslashgan Margaret OKonnorning fikricha, yosh avlod farzand ko‘rish masalasiga katta avloddan tubdan farqli yondashmoqda.
"Bu bir tanlov ekani tobora ko‘proq anglashilmoqda", deydi
OKonnor. "Bu siz bajarishingiz shart bo‘lgan avtomatik narsa emas".
"Menga 20-30 yoshlardagi, farzandli bo‘lishni istaydi-yu, biroq qiyinchiliklardan xavotirda bo‘lgan va buni yengib o‘tish uchun ko‘makka muhtoj odamlar murojaat qilishadi", deydi u.
OKonnorning ta’kidlashicha, ayolning onalik qaroridan afsuslanishini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xavfli belgilarni sanab o‘tish qiyin, chunki har kimning tajribasi o‘ziga xos.
"Siz qaroringiz to‘g‘riligiga o‘zingiz amin bo‘lishingiz va buni juftingiz yoki ota-onangizning tashqi bosimi sababli emas, balki o‘z asoslaringiz bilan qilishingiz kerak", deydi u.
Shuningdek, u hamma yordamga shoshilishi haqidagi "butun qishloq yordam beradi" degan gapga oson ishonib qolmaslik kerak deydi.
"Bizga odatda "Chaqaloqqa qarash uchun hammamiz shu yerdamiz" deb aytadilar, ammo ko‘pincha odamlar bunday qilmaydi. Bu sizning farzandingiz va uning uchun o‘zingiz mas’ulsiz", deydi u.
OKonnorning aytishicha, bu rolninig naqadar ulkan va mashaqqatli ekanini hisobga olsak, ota-onalarning afsuslanishi mutlaqo normal holat.
U pushaymonlikning tub sababini aniqlash uchun terapevtga murojaat qilishni va "sizni hech kim muhokama qilmaydigan xavfsiz muhitda" gaplashib olishni taklif qiladi.
Maturning aytishicha, onalik pushaymonligi doim ham "aniq yoki to‘liq ma’noda" ortga qaytariladigan holat emas.
"Ba’zi ayollarda bu [afsuslanish] hissi qo‘llab-quvvatlash, dam olish, vaqt va sharoitning o‘zgarishi bilan yumshaydi yoki sezilarli darajada o‘zgaradi".
"Biroq boshqalarda bu tuyg‘uning unsurlari saqlanib qolaverishi mumkin va biz bu samimiylikka normal qarashimiz kerak".

Surat manbasi, Getty Images
Orna Donatning tadqiqoti ham ba’zilar uchun onalikdan pushaymonlik hech qachon yo‘qolmaydigan tuyg‘u ekanini ko‘rsatadi.
"Men suhbatlashgan barcha ayollar afsuslanish hissi bilan birga qo‘lidan kelganicha harakat qilmoqda", deydi u.
"Bir necha yil oldin ona bo‘lganidan afsuslanadigan bir ayoldan maktub oldim. U bir kun kelib bu his yo‘qoladi, deb umid qilmaslik unga yordam berganini yozgandi... u bu hisning yo‘qolmasligini har safar tushunib ezilgandan va u bilan kurashgandan ko‘ra, buni tan olishni afzal ko‘radi".
Karmen o‘z vaziyatida bu tuyg‘uni doimiy deb biladi, "chunki bu fidoiylik abadiydir".
Biroq u bir necha yildan beri terapevtga qatnaydi, bu unga o‘zini va onalikka bo‘lgan his-tuyg‘ularini qabul qilishga yordam berganini aytadi.
"Men endi alamzada bo‘lib yashamayman", deydi u.
Hozir u sport zaliga borish va do‘stlari bilan uchrashish uchun vaqt ajratadi, mukammallikka intilmaslikka harakat qilmoqda.
"Nihoyat, men "Yo‘q, uzr, charchadim, bugun ertaroq uxlayman. Kechki ovqatga nima xohlasang, yeyaver, dadang shu yerda" deya oladigan bo‘ldim".
U shunday qilganida dunyo ostin-ustun bo‘lib ketmasligini anglab yetdi.
"Teo mening oddiy inson ekanimni, mukammal emasligimni ko‘radi va bunga normal qaraydi".
Men Karmendan o‘g‘li bilan birga o‘tkazgan eng baxtli onlari haqida so‘rayman. U har kecha Teo uxlashidan oldin birga yotib, o‘tgan kunni muhokama qilishlarini aytib beradi.
Teo issiqqina ko‘rpaga o‘ranib, onasining bag‘riga suqiladi.
"Aynan o‘shanda men Teo bilan chin dildan bog‘lanaman va dunyodagi eng sevimli insonimni ko‘raman", deydi u.
"O‘shanda o‘zimni yovuz maxluqday his qilmayman".
































