Imij ustasi Putinning suratlari ortida nima yashirin?

Putinning bir necha foto suratlaridan kollaj
Imij ustasi Putinning suratlari ortida nima yashirin?
    • Author, Bridjet Kendall
    • Role, BBCning Moskvadagi sobiq muxbiri
  • Published
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Vladimir Putin Rossiya prezidenti bo‘lgandan beri vizual tasvir kuchiga doim e’tibor berib kelgan.

2001 yili undan birinchi marta intervyu olganimda, kameralar jonli efir uchun yoqilishi oldidan bir yordamchi shoshib kirib, oldimizdagi stolda turgan kichik suv stakanlarini olib qo‘ygandi.

"Nega bunday qildingiz?" deb so‘radim.

"Hech kim bularni aroq uchun deb o‘ylashini istamaymiz, – dedi u. – Qolaversa, jonli efirda suv to‘kilib ketishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Ommalashish borasida televidenie yadro bombasiga teng".

"Rossiyada hamma, ayniqsa Putin, hokimiyatni mustahkamlash kaliti televidenie ekanini tushunardi", deydi yozuvchi va siyosiy tahlilchi Pyotr Pomerantsev.

Yillar davomida Putin Rossiyani mo‘rt, rivojlanayotgan demokratiyadan, asosan, o‘zi atrofida aylanadigan avtoritar davlatga aylantirdi. U o‘zini ham keskin o‘zgartirdi.

O‘quvchi boladan Stalindan keyingi Rossiyaning eng uzoq yil boshqargan hukmdorigacha

Surat manbasi, Shutterstock / Reuters

Surat tagso‘zi, O‘quvchi boladan Stalindan keyingi Rossiyaning eng uzoq yil boshqargan hukmdorigacha

Ilk suratlarda u kameradan hadiksirab turgan oriq, kamgap siymo sifatida gavdalanadi.

Xo‘sh, bu bir qarashda vazmin, tortinchoq yigit va kamtarin byurokrat qanday qilib diqqat markazida bo‘lishni shunchalik ishtiyoq bilan qabul qilgan prezidentga aylandi?

Televidenie mahsuli

Uning tasvir kuchiga bo‘lgan qiziqishi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin paydo bo‘lgan. 1960–70-yillarda ulg‘aygan aksariyat yoshlar singari, Putin ham televidenie farzandi edi. U uchun sovetlarning mashhur teleseriallari va filmlaridagi josus qahramonlar namuna bo‘lgan. O‘zining tan olishicha, Sovet davlati dushmanlariga qarshi kurashgan o‘sha kuchli, indamas qo‘shagentlar uni Sovet Ittifoqining razvedka idorasi – KGBda ishlashga ilhomlantirgan.

KGB xodimi, so‘ng g‘ayratli apparatchi sifatida u e’tibordan chetda yurdi. Ammo 1999 yilda kutilmaganda prezident vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlanib, bir necha oydan so‘ng prezident etib saylangach, u va uning piar maslahatchilari prezidentlik qiyofasini shakllantirishda vizual tasvirlar ahamiyatini naqadar chuqur anglashlarini namoyon etishdi.

Shisha idishlarda Rossiyaning har xil vodkalari terib qo‘yilgan do‘kon oldida turgan erkak va ayol

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Rossiyada spirtli ichimliklar ko‘p iste’mol qilinadi degan qarash keng tarqalganiga qaramasdan, Putin "og‘ziga bir qultum ham olmaydigan" odam imijini yaratdi

Imij yaratish jarayonining bir qismi keraksiz jihatlarni yo‘qotishdan iborat edi. Shu tariqa, Putin deyarli ichmaydigan odam sifatida tanildi. "Valday" debat klubida tashqi siyosat bo‘yicha ekspertlar bilan o‘tadigan yillik uchrashuvlarda mehmonlarga sarxil vinolar uzatilsa-da, uning o‘zi bir piyola asal choy bilan cheklanardi.

Ichgan paytlarida esa, atrofidagilar buni sir saqlashga harakat qilishardi. Bir gal mahalliy muzey xodimini uchratib qoldim. U prezident bilan o‘tirib, ta’mini kuchaytirish uchun aroq surtilgan ruscha quymoqlardan tatib ko‘rganini aytib bergandi. "Lekin hech kimga aytmang, – deb yolvordi u. – Bu masalada ular juda qattiqqo‘l. Boshim baloga qolishi mumkin".

Queen Elizabeth II, Boris Yeltsin (o‘ngda)

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Yeltsinning ichkilikni yoqtirishi uyatli holatlarga yetaklagan vaqtlar ham bo‘lgan

Rejaning yana bir qismi uning o‘zidan oldingi prezident, omma oldida mast holda ko‘rinishi ko‘plab rossiyaliklar hafsalasini pir qilib, xijolatga qo‘ygan Boris Yeltsinga sira o‘xshamasligi haqidagi g‘oyani odamlar ongiga singdirish edi.

Putin qiruvchi samolyotni boshqarish uchun uchuvchi dubulg‘asini kiydi. Dzyudodagi mahorati namoyish etildi. Bularning barchasi u kasalmand ichkilikboz emas, balki baquvvat, sog‘lom va harakatdagi inson ekanini ko‘rsatish uchun edi.

Eng mashhurlari, ehtimol, 2007 yildan keyin paydo bo‘lgan suratlardir: u goh rus "Marlboro erkak" kabi yalang‘och ko‘ksini kerib ot choptirar, goh daryoda qarmoq bilan baliq tutar, goh batterflyay usulida suzib, mushaklarini ko‘z-ko‘z qilardi.

Bu rostdanmidi? Yoki bu suratlarda qandaydir pichingli hazil bormi? Pomerantsevning fikricha, uning piar guruhi nima qilayotganini aniq bilgan.

"Bir auditoriya uchun bu juda qo‘pol, lekin biz buni kinoya bilan qilamiz, shunda u qaysidir ma’noda zo‘r ko‘rinadi. Boshqa bir auditoriya uchun esa, Rossiyani an’anaviy, mard qahramon boshqarishi kerak degan g‘oya ilgari surilgan".

Beligacha yechingan Putin tog‘li joyda ot ustida bormoqda

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Suratlar Putinni haqiqiy erkak sifatida namoyon etish maqsadini ko‘zlagan

U qo‘shimcha qiladi: "Putin, nazarimda, o‘ta an’anaviy sovet rahbari rolini o‘ynayotgan edi, biroq u buni realiti-shou, MTV davrida qilardi".

"Putin – trendsetter, – deydi Rossiya bo‘yicha mutaxassis va AQSh prezidentlari maslahatchisi Fiona Hill. – U XXI asrdagi ilk populist prezident, ilk tan olingan kuchli lider obrazini yaratdi".

Shubhasiz, Putin turli auditoriyalarga turli signallar yo‘llayotgan edi. Tashqi dunyo uchun bu Rossiya endi zaif emas, balki hisoblashish zarur bo‘lgan kuch ekanini anglatardi. O‘zining ta’biri bilan aytganda, tishlari va tirnoqlari bor ayiq.

Iqtibos

Boshqa g‘ayriodatiy namoyishlar esa yanada ajabtovur bo‘lib, ular go‘yo bolalik orzularini ro‘yobga chiqarayotgan leningradlik o‘quvchini aks ettirardi: Qora dengiz tubiga sho‘ng‘ib, u yerga oldindan ehtiyotkorlik bilan joylashtirilgan qadimiy topilmalarni "kashf etish"; osmonda baland uchish uchun motorli deltaplanda, yo‘qolib borayotgan turnalar qurshovida parvoz qilish; Sibir yo‘lbarsi bolasini erkalash.

Putinning o‘zi bularning barchasidan maqsad ekologik va ilmiy ongni oshirish ekanini ta’kidlagan. Ammo u bu tryuklar o‘z-o‘zini mazax qilishga o‘xshab qolganini anglaganmikan? Yoki yordamchilaridan birortasi ham unga bu haqda aytishga jur’at eta olmaydigan holga kelganmi? Yoxud boshqalarning fikri u uchun ahamiyatini yo‘qotganmi?

Qayta-qayta kashf etish

Putinning 1985 yilda "Shtazi" (Sharqiy Germaniya maxfiy politsiyasi) uchun berilgan guvohnomasidagi kabi dastlabki suratlari niqob ortidagi po‘latdek qat’iyatdan darak beradi – bu, shubhasiz, KGBdagi rolga juda mos keladigan va KGB tayyorgarligi bilan yanada pishgan vazminlik edi.

Putinning Germaniyadagi hujjati fotosi

Surat manbasi, Stasi Records Agency Dresden (Public Domain)

Surat tagso‘zi, Putin istalgan joyda yashirina oladigan soyadagi odam sifatida tanilgan

1991 yil oxirida SSSR parchalanganidan so‘ng, u hukumatning sadoqati va samaradorligi bilan nom qozongan amaldoriga aylandi. Avval Sankt-Peterburg meriga, Moskvaga ko‘chib o‘tgach esa, Yeltsinning prezidentlik ma’muriyatida xizmat qildi. O‘sha davrdagi fotosuratlarda u odatda kadrning orqa yoki yon tomonida turadi, kameraga qaramaydi, diqqat markazida bo‘lmaydi.

Sovet ittifoqi rahbari Nikita Xrushchyovning evarasi Nina Xrushchevaning aytishicha, 1990-yillarda KGB doiralarida Putinni "kuya", istalgan joyda yashirina oladigan soyadagi odam sifatida tanilganini aytishgan.

Ammo u prezident bo‘lgach, vaziyat butunlay o‘zgardi. U turli rollarni sinab ko‘rish imkoniyatini mamnuniyat bilan qarshi olgandek edi.

Bir necha yil o‘tib, 2007 yilda "Time" jurnalining "Yil odami" mukofoti uchun suratga tushayotganida, u beixtiyor stuliga suyanib, xuddi taxtdagi podshoh yoki dahshatli mafiya sardoridek kamera ob’ektiviga tikildi.

"U men uchun o‘z qudratini namoyish etayotgandi, – deydi suratni olgan "Time" fotografi Platon. – Bilishimcha, Putinga bu suratlar yoqadi. Uning ko‘plab tarafdorlari ham bu rasmlarni sevishadi. Ular bu suratlarda Putinni qat’iyatli millatchi sifatida ko‘rishadi".

Two female shoppers wearing hats examine a grey t-shirt bearing the Time cover which is hanging outside a shop selling souvenirs

Surat manbasi, Bloomberg via Getty Images

Surat tagso‘zi, Time jurnalida e’lon qilingan Putinning fotosi uning ko‘p dastaklovchilariga yoqadi

Bu, Pomerantsev ta’biri bilan aytganda, "avtoritar targ‘ibotning postmodern talqini" bo‘lib, unda Putin xuddi performans san’atkori kabi barcha rollarni ijro etgan.

"Kuchli odam"ning u namoyish etgan turli qiyofalari uning siyosatida ham aks etdi. Rossiyani qayta kuchli qilish uchun yuqoridan ko‘proq tartib va nazorat kerak, deb hisoblardi Putin. Shu tariqa, u bosqichma-bosqich rus jamiyati ustidan nazoratni kuchaytirdi, so‘z erkinligi va tanqid maydonini toraytirdi, Dumani "cho‘ntak" parlamentiga aylantirdi, siyosiy raqiblarni chetlatdi yoki yo‘q qildi va G‘arb davlatlarini Rossiyaga yetarlicha hurmat ko‘rsatmayotganlikda ayblab, keskin tanqid qildi.

Niqob ortidagi chehra

Uning o‘ziga ishonchini aks ettiruvchi ust-boshsiz tushgan "giper-macho" fotosessiyalari behisob tahlil qilingan. Ammo, ehtimol, bu suratlar bizga uning o‘ziga bo‘lgan ishonchsizligidan darak berar: u hammani, jumladan o‘zini ham, hamon asosiy odam ekaniga, avvalgidek baquvvatligiga ishontirish istaydi.

2008 yilda u prezidentlikdan ketib, to‘rt yil bosh vazir bo‘lganida, bu kabi e’tiborni tortuvchi fotosuratlar mamlakatdagi haqiqiy hokimiyat prezident Dmitriy Medvedev emas, aynan u ekaniga ishora qilardi.

2011 yilda uning siyosiy yo‘lidagi burilish nuqtasini belgilagan keskin tashqi o‘zgarish yuz berdi. U kutilmaganda omma oldida yangicha – to‘laroq, shishinqiragan, deyarli ifodasiz yuz bilan paydo bo‘ldi. Bu jumboqli holat edi. Biror kasallik tufayli steroid qabul qilish belgisi edimi bu? Yoki u tanazzul va qarilik alomatlarini yengish uchun botoks olganmidi?

Bir necha oy o‘tgach, u yana prezidentlikka nomzodini qo‘ydi. Natija shubhasiz edi, biroq g‘alabasini e’lon qilish uchun ochiq osmon ostidagi mitingda uning yangi yuzida ko‘z yoshlarini ko‘rish mumkin edi.

Yana prezidentlikka qaytgan Putin ko‘zlarida yosh ko‘rindi

Surat manbasi, AP

Surat tagso‘zi, Yana prezidentlikka qaytgan Putin ko‘zlarida yosh ko‘rindi

Men bu ko‘z yoshlari samimiy, deb hisobladim. Uning ovozi ham hayajondan bo‘g‘ilib qolgandi. Saylov oldidan bo‘lib o‘tgan keng ko‘lamli noroziliklarga – hayratlanarlisi, ba’zi namoyishchilar uni ketishga chaqiruvchi shiorlarni ko‘tarishga jur’at etganiga qaramay, hamma narsa rejadagidek kechganidan yengil tortganga o‘xshardi. Biroq ayrim tahlilchilar bu balki yig‘layotgan ikona (muqaddas siymo) obrazini yaratish, shu orqali o‘zini Rossiyaning muqaddas xaloskori sifatida ko‘rsatish uchun uyushtirilgan navbatdagi sahna bo‘lgandir, deya taxmin qilishdi.

Qaysi biri bo‘lmasin, bu hal qiluvchi palla edi. Uning mamlakat ustidan nazorati yillar davomida kuchayib borayotgandi. Shu davrdan boshlab, jamoatchilik noroziligining har qanday shakli nafaqat qoralandi, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri noqonuniy deb topildi. Putin tobora avtoritar tus olar, Rossiya esa muxolif ovozlarga nisbatan murosasiz bo‘lib borardi.

Norozilik namoyishlari uchun qamalgan va "xorijiy agent" deb e’lon qilingan "Pussy Riot" feminist guruhi a’zolaridan biri Nadya Tolokonnikova buni shunday izohlaydi: "Putin o‘zini nafaqat Rossiyaning, balki butun dunyoning xaloskori sifatida tarixda qoldirish xayoliga berilib ketdi. Bu uning biz bugun bilgan Putinga aylanishidagi burilish nuqtasidir".

Hozir 73 yoshda bo‘lgan Putin hokimiyat jilovini topshirishga 1999 yildagidan yaqinroq emas, ammo hozir kamroq ko‘rinish bermoqda.

Ukrainaga to‘laqonli bosqin hozir Putin imijidagi asosiy narsa

Surat manbasi, Global Images Ukraine via Getty Images

Surat tagso‘zi, Ukrainaga to‘laqonli bosqin hozir Putin imijidagi asosiy narsa

Ko‘pchilikning taxminicha, so‘nggi yillarda, ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini va Kovid pandemiyasi boshlanganidan beri, u yanada vahimachi bo‘lib qolgan. U kamera qarshisida paydo bo‘lganida, uchrashuvlar juda puxta sahnalashtiriladi, go‘yo u tashqi dunyodan masofa saqlashga qat’iy qaror qilgandek.

"Shubhasiz, u odamlar uni osonlikcha topa olmasligi uchun ehtiyot bo‘lishni istaydi. Bu o‘z shaxsiy xavfsizligi – mikroblar yoki suiqasd urinishlaridan hadiksiraydigan odamni eslatadi", deydi Fiona Hill.

Ukrainadagi urush hozir uning imijida markaziy o‘rin tutadi. Rossiyalik faxriy jurnalist Mixail Fishman shunday deydi: "Agar Putinning 2012 yilda Kremlga qaytganidan keyingi holatiga nazar tashlasak, u hali o‘zining kimligini, nima bilan shug‘ullanishini bilmas edi. Ammo u nihoyat o‘z missiyasini, o‘z rolini topdim deb hisoblaydi va bu – urush".

Shunday bo‘lsa-da, boshlanganiga to‘rt yildan oshgan Ukraina bilan keng miqyosli urush, ayni paytda, og‘ir yuk hamdir. Uni davom ettirish borgan sari qiyinlashib bormoqda, biroq tugatish ham xavf-xatarlarga to‘la. Putin iqtisodiy urush mashinasi va ichki repressiya tizimini yaratdiki, endi bularni o‘zi uchun ulkan xavflarsiz ortga qaytara olmaydi.

Hokimiyatni qo‘lga kiritganiga chorak asr bo‘lgan bir paytda, u go‘yo o‘zi qurgan tuzoqqa tushib qolgandek, odamovi va murosasiz bir qiyofaga kirgan. Bu uning bir vaqtlardagi baquvvat sportchi va jangari qahramon obrazidan juda yiroq.