Turkiya maktablaridagi otishmalar haqida ma’lumot tarqatgan 162 kishi hibsga olindi

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Turkiya maktablaridagi otishmalar haqida ma’lumot tarqatgan 162 kishi hibsga olindi
Turkiyada bu hafta yuz bergan ikkita maktabdagi qonli otishmalar haqida internetda ziddiyatli kontent chiqargan 162 kishi hibsga olindi.
Adliya Vaziri Akin Gurlek ularni ushbu hodisalarning videolarini tarqatish, hamda qo‘rquv keltirib chiqarish va jinoyatlarni ulug‘lashda aybladi.
Seshanba kuni Turkiyaning janubi-sharqidagi Siverek shahri maktabida yuz bergan qurolli hujumda kamida 16 kishi jarohat olgan. Uning ertasiga Qahramanmarash shahridagi maktabga hujumda esa to‘qqiz odam halok bo‘lgan.
Yosh qurbonlarni dafn qilish uchun payshanba kuni Qahramanmarash Jome’ masjidiga yuzlab odamlar yig‘ildi.
Qurbonlardan biri 10 yoshli Zeynep bo‘lgan. Uning tog‘asi Mahmut BBC ga u barchani hurmat qiladigan aqlli qiz bo‘lganini aytdi. «Endi u farishta, uchib ketdi», - dedi u.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
U hujum ortidan endi maktablarda ko‘proq xavfsizlik choralari ko‘rilishini istashini bildirdi.
Yana bir qurbon – Shuraning ammasi BBC ga o‘zining 10 yashar qiz jiyani nobud bo‘lganini televizion xabarlarda qurbonlar ismi o‘qib eshittirilganida bilganini aytdi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Qahramanmarashdagi Ayser Chaliq o‘rta maktabida yuz bergan qurolli hujumda sakkiz o‘quvchi va bir o‘qituvchi o‘lgan. Turkiya rasmiylari yana 13 kishi jarohat olgani, oltisining ahvoli og‘ir ekanini aytdi.
Hodisa chog‘ida 14 yoshli hujumchining o‘zi ham o‘ldirilgan.
"Raqamli ma’lumotlarni o‘rganayotganimizda, gumonlanuvchining kompyuteridan 2026 yilning 11 aprelida yaratilgan hujjat topildi, bu uning yaqin orada yirik amaliyotni qilishni istaganiga ishora qiladi», - deyiladi mahalliy prokuratura xabarida.
Politsiyaga ko‘ra, gumonlanuvchi o‘zining WhatsApp profilida AQShlik qotil Elliot Rojerga ishora qilgan. Rojer 2014 yilda Kaliforniyada olti odamni o‘ldirib, so‘z o‘z joniga qasd qilgandi.
Turkiya matbuotiga ko‘ra, maktab o‘quvchisi bo‘lgan hujumchi beshta qurol va yettita o‘qdon bilan ikkita sinfga kirib o‘t ochgan.
Seshanba kuni 16 kishini yaralagan hujum esa Siverek tumanidagi Ahmet Qo‘yunchu texnik bilimlar maktabida yuz bergan.
O‘smir yoshida bo‘lgan sobiq o‘quvchi «sochma o‘qli miltiq bilan odamlarni tanlamasdan otgan va so‘ng o‘zini o‘ldirgan», - dedi mahalliy hokim Hasan Shildaq.
Adliya vaziri Gurlekning aytishicha, hujumlar ortidan internetda yuzaga kelgan holat bo‘yicha xavotirlar chiqqach, hukumat 95 kishini qo‘lga olgan.
Ular, tarqatish man etilishiga qaramasdan, hujum videolarini tarqatish, odamlar orasida qo‘rquv va sarosimani keltirib chiqarish, jinoyat va jinoyatchilarni ulug‘lab yana shunday jinoyatlarni qilishga undash, hamda rasmiy bayonotlarni obro‘sizlantiruvchi yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishda ayblandi.
Gurlekka ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardagi 1 104 ta sahifalarga cheklovlar kiritilgan.
Yana 67 kishi boshqa maktablarda ham o‘xshash hujumlar bo‘lishini aytib ulashgan postlari uchun hibsga olingan.






























