O‘zbekiston kuchaysa, Turkiya ham kuchayadimi?

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Poytaxt Toshkentda yangi bayonotlar yangradi. Turkiya NATOga a’zo yagona musulmon davlati va dunyodagi eng yirik turkiy tilli mamlakat.
O‘zining ilg‘or quruqlik, havo va dengiz salohiyati hamda jadal rivojlanayotgan mahalliy mudofaa sanoati bilan dunyoning eng kuchli harbiy qudratlari o‘ntaligiga kirgani aytilgan davlat.
'Sheriklik yanada chuqurlashadi'

Surat manbasi, rasmiy
'O‘zbekiston va Turkiyaning harbiy sohadagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish borasidagi intilishi qat’iy.'
Ayni mazmundagi bayonot shu kunlarda O‘zbekiston poytaxti Toshkentda yangradi.
O‘zbekiston Mudofaa vaziri Turkiya bilan harbiy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ishlar haqida prezident Shavkat Mirziyoyevga shaxsan hisobot berdi.
23 aprel kungi uchrashuvda Turkiya Qurolli Kuchlarining yuqori martabali vakili ham ishtirok etgani aytildi.
So‘nggi yangilik Ukraina urushi va dunyoda kuchayib borayotgan geosiyosiy tanglik manzarasida O‘zbekiston o‘zining mudofaa salohiyatini yanada kuchaytirish, o‘z Qurolli Kuchlarini modernizatsiya qilish va harbiy doktrinasini yangilash harakatida bo‘lgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Mamlakat Qurolli Kuchlarini zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan lozim darajada ta’minlash – prezident Mirziyoyev diqqat-e’tiboridagi mavzu, masala ekani ko‘riladi.
O‘zbekiston prezidentiga ko‘ra, "Armiyaning harbiy tayyorgarlik darajasi, mamlakatga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday xavfga qarshi tura olish imkoniyati bevosita xuddi shu narsaga bog‘liq".
O‘zbekiston aynan prezident Shavkat Mirziyoyev qudratga kelishi ortidan Turkiya bilan harbiy sohada ham hamkorlikni kuchaytirishga kirishgan.
2017 yilning o‘zidayoq ikki davlat mudofaa vazirliklari harbiy ta’lim sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha hujjat imzolashgan.
Ilk bor Turkiya bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazib, chetdagi ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortishgan.
2020 yilda esa Turkiya O‘zbekiston bilan harbiy va harbiy-texnik sohalarda keng ko‘lamli hamkorlik qilish istagini rasman bayon qilgan.
Ayni mazmundagi bayonot o‘shanda Turkiya Milliy Mudofaa vazirining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida yangragan.
Turk Armiyasi generali Hulusi Akar shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan.
Kengaytirilgan harbiy hamkorlik

Surat manbasi, rasmiy
Turkiya tomonining bu tashrifi va istagi mintaqadagi geosiyosiy raqobat va tanglik manzarasida o‘sha paytda chetdagi ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortmay qolmagan.
So‘nggi yillarda Turkiyaning qanchalik Yaqin Sharq va postsovet hududida o‘zining geosiyosiy manfaatlarining parvarishlash harakatida ekani aksariyat tahlilchilar e’tiboriga tushgan voqe’lik bo‘ladi.
Zamonaviy rusumdagi qiruvchi dronlari allaqachon mintaqa davlatlari harbiy arsenalidan joy olib ham bo‘lgan.
O‘zbekiston esa o‘zining 40 millionga yaqin aholisi bilan jahondagi eng yirik ikkinchi turkiy tilli davlat.
Postsovet makonidagi eng katta musulmon mamlakat.
Turkiya ham O‘zbekiston kabi Rossiya Ukraina bilan olib borayotgan urush va Yaqin Sharqda kuchayib borayotgan mojarolarga befarq emas.
Tobora keskinlashib borayotgan tangliklardan o‘zining xavotirlarini rasman va oshkora bildirib, ularga tinch yo‘l bilan yechim topishga chaqirib keladi.
Rossiyaning kuchayib borayotgan imperialistik ambitsiyalari esa, so‘nggi yillarda hatto xalqaro miqyosda Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi bilan bog‘liq xavotirlarni ham paydo qilgan omilga aylangan.
Boshqa tomondan, O‘zbekiston va Turkiyaning harbiy hamkorlikni kengaytirish niyati dunyoning ikkita yirik harbiy va iqtisodiy qudratidan bittasi sifatida ko‘riluvchi Xitoy aksariyat mintaqa davlatlarining asosiy savdo-iqtisodiy sherigi, kreditori va sarmoyachisiga aylanib bo‘lgan bir vaziyatda ham bo‘y ko‘rsatgan.
O‘zbekiston, bundan tashqari, aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari kabi hozir Tolibon boshqaruvi ostida bo‘lgan Afg‘onistonga ham chegaradosh.
Yaqin-yaqingacha uzoq yillik urushlar ichida bo‘lgan va O‘zbeklari ilova turli jangari guruhlar jang qilib, boshpana topib kelgan Afg‘onistondagi Tolibon hukumatini esa hozircha faqat Rossiya rasman tan olgan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
O‘zbekiston va Turkiya

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Turkiya O‘zbekistonning xalqaro sahnadagi eng muhim siyosiy, iqtisodiy, harbiy hamkori, strategik sherigi va yaqin ittifoqchilaridan sanaladi.
Aynan prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an boshqaruvi ostidagi bugungi Turkiya Shavkat Mirziyoyev qudratga kelishi ortidan O‘zbekiston o‘zaro aloqalarini har tomonlama kuchaytirish va mustahkamlash harakatida bo‘lgan yirik geosiyosiy, geoqtisodiy o‘yinchi davlat, harbiy qudratlardan biri.
So‘nggi yillarda bu ikki qardosh mamlakat strategik sherikliklarini yangi bir darajaga olib chiqish rejasini izhor etishgan.
Ikki o‘rtada tijorat va erkin savdo bitimini imzolash, savdo aylanmasini ham ikki barobarga oshirish niyatini bildirishgan.
Turkiya dunyodagi eng yirik harbiy ittifoq - NATOning yagona musulmon va turkiy tilli davlati bo‘lgan to‘laqonli a’zosi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda mintaqa uchun dunyoning global quddatlari o‘rtasida kuchayib borayotgan geosiyosiy ziddiyat va kurashda muvozanat posangisida tosh bosish salohiyati, o‘z so‘zi va o‘z vazniga ega xalqaro o‘yinchi.
Jahonning o‘zbekistonliklar eng ko‘p sanoqli davlatlaridan bittasi.
BBC O‘zbek xizmati hali general Hulusi Akarning xuddi o‘sha tashrifi manzarasida Turkiya tomonining O‘zbekiston bilan harbiy hamkorlikni kengaytirish istagi nimani anglatishi savoli bilan yetakchi mintaqaviy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga murojaat qilgan. Va quyida ushbu tahlilni e’tiboringizga qayta havola etadi:
Turkiya uchun Markaziy Osiyo, Kavkaz mintaqalaridagi turkiy davlatlar timsolida real va faol bo‘lgan ittifoqchilar namoyon bo‘lishi juda muhim.
Kamoliddin Rabbimov,
Siyosiy tahlilchi, O‘zbekiston
"Turkiya siyosiy elitasi tafakkurida a’anaviy shaklda turkiy davlatlarga alohida e’tibor doim bor bo‘lgan.
Hokimiyatga Erdo‘g‘an kelgach, turkiy va islomiy o‘zliklarni mustahkam payvand qilish, demokratik institutlar asosida Islomiy zehniyat va faollikni kuchaytirish kuzatildi.
Shu sabab, Turkiya Markaziy Osiyoga har doim alohida e’tibor bilan qarab kelgan.
O‘zbekistonda 2016 yilda hokimiyat o‘zgargach, ikki davlat aloqalarini qayta ko‘rib chiqish va ijobiylashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Ikki tomon ham oldingi xatolar va sovuq munosabatlar takrorlanishini istamaydi.
Turkiya turkiy dunyoning eng katta va salohiyatli vakili, O‘zbekiston esa, turkiy davlatlar hamjamiyatidagi ikkinchi katta davlat.
Buning ustiga, Turkiya o‘zining tarixiy ildizlarini anglagan holda, O‘zbekistonni "ota yurt", deb nomlaydi.
Bugungi YevrOsiyo qit’asi va global geosiyosiy vaziyat Turkiyani o‘ziga qo‘shimcha ittifoqchilar qidirishga undaydi.
G‘arbiy Yevropa, arab davlatlari va AQShda "turkofobiya" - Turkiya davlati va uning ambitsiyalaridan qo‘rqish, xavotirlanish kuchayib bormoqda.
Erdo‘g‘anning tashqi siyosatdagi giperfaolligi juda ko‘pchilik tomonidan salbiy qabul qilinadi.
Bugun Turkiya atrofida unga qarshi bo‘lgan salohiyatli davlatlar ittifoqi shakllanib bormoqda.
Shu sabab, Turkiya uchun Markaziy Osiyo, Kavkaz mintaqalaridagi turkiy davlatlar timsolida real va faol bo‘lgan ittifoqchilar namoyon bo‘lishi juda muhim.
Bu Turkiyaga turkiy davlatlar kollektiv ovozi spikeri maqomini berish salohiyatiga ega.
Ayni paytda, Markaziy Osiyodagi geosiyosiy va xavfsizlik masalalari keyingi yillarda ancha taranglashgan.
Orada Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan, "Sovet Ittifoqidan ulkan rus yerlarini olib chiqib ketgan davlatlar bor" ekani mazmunida aytilgan hududiy ta’na so‘zlari Qozog‘istonda juda og‘ir qabul qilindi.
Lekin rasmiy Ostona imkon qadar sovuqqonlikni saqlash va yuqoridagi gap bamisoli eng avvalo unga qaratilmagandek qiyofa qilishga urindi.
Qolaversa, Markaziy Osiyo davlatlaridagi Xitoy qarzlari, sarmoyalari ulushi nihoyatda tez o‘sib bormoqda.
Pekin bugun mintaqaning eng asosiy sarmoyachisi, qarz beruvchisi, birinchi savdo-iqtisodiy hamkori.
Markaziy Osiyo geosiyosiy jihatdan Rossiya bosimini har doim his qilgan va bu holat hali ancha vaqt saqlanib qoladi.
Geoiqtisodiy jihatdan esa, Pekinning bosimi shiddat bilan oshib bormoqda.
Mana shu fonda, Markaziy Osiyo mintaqasining ikki o‘zak davlati - O‘zbekiston va Qozog‘iston har doimgidan ko‘ra ham ko‘proq tashqi munosabatlarni yanada taqsimlash, xavfsizlik va mudofaa masalalarida ishonchli hamkorlik choralarini izlashi tayin.
Turkiya o‘zining turkiyligiga alohida urg‘u berib, dunyoviy boshqaruv asosidagi musulmon davlat sifatida yuqori iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik taraqqiyotini namoyon qilar ekan, bu Toshkent va Ostona uchun faqat ijobiy imkoniyatlar eshigi sifatida ko‘rilishi tabiiy.
Suriya, Liviya va Ozarbayjonning Tog‘li Qorabog‘ mintaqasidagi harbiy operatsiyalar shuni ko‘rsatdiki, bugungi Turkiya yangi harbiy va xavfsizlik texnologiyalari borasida Rossiya kabi qudratli davlatlardan ildamlagan yutuqlari mavjud.
Bu holat Toshkent va Ostona uchun Turkiya xavfsizlik va mudofaa tizimini tezroq va kengroq o‘rganish, o‘zlashtirishga yo‘nalish beradi.
Turkiya ham bu borada Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi Anqaraning uzoq muddatli strategik manfaatlariga to‘g‘ri kelishini anglaydi.
Agar mintaqa davlatlari o‘zlarining geosiyosiy va siyosiy mustaqilliklarini yo‘qotadigan bo‘lishsa, eng avvalo Turkiya o‘zining tabiiy ittifoqchilari, ulkan turkiy hudud va xalqlarni yo‘qotishi bo‘lishini yaxshi biladi.
Xulosa qilish mumkinki, Turkiya Milliy Mudofaa vazirining tashrifi ikki taraflama manfaatlarni to‘liq ifodalab, mintaqa davlatlarining mudofaasini mustahkamlashga qaratilgan.
Ayni paytda, Turkiyaning mintaqamizda ikki taraflama munosabatlar doirasida faollashuvi eng avvalo Rossiyada ancha sovuq va jiddiy bir rashk bilan qarshilanishi ehtimoli yuqori.
Lekin, Kreml shuni ham tushunadiki, bu munosabatlar - mintaqa davlatlarining ikki taraflama munosabati hisoblanadi, lekin kollektiv emas, blok ko‘rinishiga ega emas.
Markaziy Osiyo mintaqasida Turkiya bilan harbiy-siyosiy platforma, blok mavjud emas va bu yaqin orada shunday tashkilotlar shakllanishi ehtimoli ham ko‘zga tashlanmaydi.
Ikkinchidan, bu munosabatlar zamirida faqat mudofaa maqsadlari yotadi, lekin aslo tashqi dunyoga tajovuz emas.
Boshqacha qilib aytganda, Markaziy Osiyo davlatlarining Turkiya bilan harbiy va xavfsizlik borasidagi hamkorligi na Rossiya va na Xitoyni qo‘rqitadi.
Chunki bu davlatlar, harbiy salohiyatiga ko‘ra, dunyoning ikkinchi va uchinchi qudratli davlatlari hisoblanishadi.
Ayni paytda, na O‘zbekiston, ayniqsa, Qozog‘iston yoki mintaqaning boshqa davlatlari, Turkiya bilan qanchalik ishonchli hamkorlik qilishmasin, Rossiya bilan munosabatlar mustahkamligicha qolaveradi.
Turkiya bilan aloqalar Moskvaga qarshi yoki u bilan aloqalarni uzish, deb talqin qilinmaydi."





























