Britaniya razvedkasi: Rossiya Ukraina urushida qariyb yarim million harbiysidan ayrilgan

Surat manbasi, EPA
- Author, Frenk Gardner
- Role, Xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbir
- Author, Genri Mur
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Buyuk Britaniyaning eng yirik razvedka agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya 2022 yilda Ukrainaga qarshi to‘liq masshtabli bosqinni boshlaganidan beri qariyb 500 ming nafar rus harbiysi halok bo‘lgan.
Bu raqamlar agentlik rahbari Ann Kist-Batlerning ilk yillik murojaati payti ochiqlandi. U o‘z chiqishida Britaniya oldida turgan tahdidlar va ularga qarshi qanday choralar ko‘rish zarurligi haqida gapirdi.
Razvedka xizmati rahbari Rossiya Britaniya bo‘ylab muhim infratuzilmalarni "tinmay nishonga olayotgani"ni aytib, mamlakat hozir "hal qiluvchi palla"da turganidan ogohlantirdi.
U, shuningdek, Kremlni Britaniya hududidagi bir qator josuslik amaliyotlari uchun mas’ul deb atadi hamda so‘nggi vaqtlarda Britaniya va NATOning boshqa davlatlariga qarshi rasman e’lon qilinmagan "gibrid urush" olib borayotganini bildirdi.

Surat manbasi, PA Media
Kiev va Moskva muntazam ravishda qarshi tomonning yo‘qotishlari bo‘yicha hisobotlar e’lon qilib kelsa-da, o‘z talafotlari haqida batafsil ma’lumot berishdan tiyiladi.
Fevral oyida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina 2022 yildan beri 55 ming nafar askarini yo‘qotganini aytgan edi.
BBC News Rus Xizmati 2022 yil fevralidan beri mustaqil Mediazona nashri va ko‘ngillilar guruhi bilan birga Rossiyaning urushdagi yo‘qotishlarini hisoblab kelmoqda. Rasmiy hisobotlar, gazetalar, ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek yangi yodgorliklar va qabrlar orqali o‘limi tasdiqlangan shaxslar ro‘yxati yuritilmoqda.
BBC hozirga qadar Ukrainada Rossiya tomonida jang qilgan 223 539 nafar askar va ofitserning o‘limini tasdiqlay olgan.
Ammo haqiqiy qurbonlar soni bundan ancha yuqori ekaniga ishonilmoqda. BBC suhbatlashgan harbiy ekspertlar fikricha, qabristonlar, urush yodgorliklari va ta’ziya xabarlari asosidagi tahlil umumiy qurbonlarning taxminan 45–65 foizinigina qamrab olishi mumkin.
Ikkinchi jahon urushi davrida shifrlarni yechish markazi bo‘lgan Bletchli parkda nutq so‘zlagan Kist-Batler Rossiyani "muhim infratuzilmalar, demokratik jarayonlar, ta’minot zanjirlari va jamoatchilik ishonchiga hujum qilish"da aybladi.
Kreml esa bu ayblovlarni rad etdi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Biz Ukrainaga yordam berish borasidagi pozitsiyamizda qat'iymiz. Ayni paytda Putin jang maydonida ortga chekinmoqda...
Kist-Batler, shuningdek, Rossiya va Xitoy ham tinch, ham harbiy maqsadlarda fazo sohasiga katta miqdorda sarmoya kiritayotganini ta’kidladi.
Uning aytishicha, Britaniyaning elektron razvedka va kiberxavfsizlik agentligi (GCHQ) kiberhujumlarni qaytarish, shuningdek uning ta’biricha, "xatarli qo‘poruvchilik va suiqasd urinishlari"ga qarshi kurashish uchun tinmay ishlamoqda.
"Bunday tahdidlar va beqarorlik fonida agentlik razvedka va mudofaa sohasidagi hamkorlari bilan birgalikda Rossiya tahdidini zaiflashtirish va kamaytirish uchun uzluksiz ish olib bormoqda", deydi u.
Kreml bu ayblovlarni rad etib keladi. Biroq Moskva 2006 yilda sobiq KGB xodimi Aleksandr Litvinenkoning Londondagi mehmonxonada choyiga radioaktiv poloniy qo‘shib berilganidan keyingi o‘limi uchun ayblangan edi.
Shuningdek, Rossiya 2018 yilda Sergey Skripalga nisbatan Solsberi shahrida amalga oshirilgan suiqasd uchun ham ayblangan. Uning uyi eshigi tutqichiga "Novichok" nomli o‘limli asab falajlovchi modda surtilgan edi.
So‘nggi yillarda, ayniqsa Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini va Britaniyaning Kievni qo‘llab-quvvatlashi ortidan, Moskva G‘arb davlatlariga qarshi "gibrid urush" olib borayotganlikda ayblanmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
O‘z nutqida GCHQ rahbari: "Biz Ukrainaga yordam berish borasidagi pozitsiyamizda qat’iymiz. Ayni paytda Putin jang maydonida ortga chekinmoqda", deb aytdi.
BBC Verify tahliliga ko‘ra, bosh vazir yil boshida ularni to‘xtatib qolish bilan tahdid qilganidan beri "Rossiya yashirin floti" deb ataluvchi yuzlab kemalar Britaniya suv hududlariga kirgan.
Kist-Batlerning aytishicha, Xitoy hozir ilm-fan va texnologiya sohasida superdavlatga aylangan. Uning razvedka, kiber va harbiy idoralari yuqori texnologiyali imkoniyatlarga ega.
U dunyo bo‘ylab sun’iy intellekt texnologiyalari tez rivojlanayotganiga to‘xtalib, Britaniya va uning ittifoqchilari raqiblaridan ortda qolib ketmasligi uchun vaqt tobora qisqarayotganini aytdi.
"Oyog‘imiz ostidagi zamin tez o‘zgarmoqda," deydi u.
"Kiberxavfsizlik barcha bizneslar uchun juda muhim.
Mutaxassislarimiz misli ko‘rilmagan darajada maslahat va tavsiyalar bermoqda. Ammo kompaniyalar zudlik bilan harakat qilishi kerak.
Bu nafaqat mijozlar va biznesni himoya qilish, balki mamlakatimiz va iqtisodiyotimizni himoya qilish uchun ham zarur."
Uning fikricha, kiberxavfsizlikdagi o‘zgarishlardan ortda qolmaslik uchun texnologiya kompaniyalari, olimlar va jamoatchilik bilan hamkorlik qilish juda muhim.
GCHQ vaqtining katta qismi Britaniyadagi himoyasi zaif kompaniyalarga kiberfiribgarlik va kompyuter tizimlarini qulflab, pul talab qilish kabi hujumlar uyushtiruvchi uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi kurashishga sarflanadi.
Kist-Batler jamiyatning barcha qatlamlari - "yirik shirkatlar rahbarlaridan tortib oddiy oilalargacha" kiberxavfsizlikka jiddiy e’tibor berishi kerakligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, odamlar uylarida o‘z akkauntlari va ochar so‘zlarini yaxshiroq himoya qilishlari kerak. Davlat va kompaniyalar esa, yangi texnologiyalarni ishlab chiqishda xavfsizlikni boshidan hisobga olishi, ta’minot tizimlarini himoya qilishi va kiberxavfsizlikka ancha jiddiy qarashi lozim.
Government Communications Headquarters so‘zlarining qisqartmasi bo‘lgan GCHQ Britaniyadagi uchta asosiy razvedka agentligining eng yirigi hisoblanadi. Qolgan ikkitasi - MI5 va MI6.
Cheltenhem shahrida joylashgan GCHQ "Donat" deb ataladigan ulkan doirasimon binoda faoliyat yuritadi. Agentlik asosan kiberxavfsizlik va elektron razvedka bilan shug‘ullanadi.
Zamonaviy texnologiyalarga katta e’tibor qaratilgani sababli, razvedka uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining katta qismi GCHQ hissasiga to‘g‘ri keladi.
- Qo‘shimcha ma’lumotlar Olga Ivshinaning BBC News Russian xizmati uchun tayyorlagan materiallari asosida berildi.

































