O‘zbekiston: Tataristondagi Ukraina dron hujumida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari olib kelindi. Yangilandi (Video)

Tegishli tashkilotlar xodimlari jasadlar ortilgan qutilarni samolyotga yuklamoqda.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Jasadlar marhumlarning yashash manzillariga yetkazildi.
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

12 avgust kuni Tataristonda halok bo‘lgan o‘zbekistonlik quruvchilarning jasadi o‘z yurtiga olib kelindi. Migratsiya agentligining BBC O‘zbek xizmatiga ma’lum qilishicha, jasadlar marhumlarning yashash hududlariga – Andijon, Farg‘ona, Samarqand va Xorazm viloyatlariga yetkazilgan.

"Qurbonlar O‘zbekistonning turli viloyatlaridan bo‘lgan. Marhumlarning hammasi yashash joyigacha olib borildi", dedi agentlik matbuot kotibi Gulrux Tulaeva.

Mazkur hodisa oqibatida jarohat olib, shifoxonaga tushgan o‘zbekistonliklar esa Tataristonda davolanmoqda. Tatariston tomoni qurbonlarning oilalariga 2 mln rubldan, jabrlanganlarga esa 300 mingdan 600 ming rublgacha kompensatsiya to‘lanishini bildirgan. Hozirda O‘zbekiston ham kompensatsiya to‘lashni rejalashtirayotgani aytilmoqda.

"Jabrlanganlar to‘liq nazorat ostida. Bizning ishchi guruh ham, Tatariston hokimiyati ham kompensatsiya va boshqa masalalar bilan shug‘illanyapti", dedi Gulrux Tulaeva.

O‘zbekiston qanday choralar ko‘rmoqda?

Nijnekamskda yong‘in

Surat manbasi, t.me/sotavisionmedia

Surat tagso‘zi, Tatariston rahbari Rustam Minnixanov Nijnekamskga qilingan dron hujumi oqibatida fuqarolari halok bo‘lgan Tojikiston va O‘zbekiston prezidentlari Imomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyevga hamdardlik bildirdi.

O‘zbekiston Favqulodda Vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, 10 avgust kuni Rossiyaning Tatariston Respublikasidagi Nijnekamsk shahriga Ukraina dron hujumi oqibatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni 8 nafardir.

Ular shu hududdagi qurilish korxonasida quruvchi bo‘lib ishlagan shaxslar, deya aytilgan.

Shuningdek, vazirlikka ko‘ra, turli darajada tan jarohati olgan bir necha O‘zbekiston fuqarosi shifoxonaga yotqizilgan.

Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari O. Ramatov boshchiligida maxsus Hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilinganini ham ma’lum qilgan.

Ushbu Hukumat komissiyasiga hodisa oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolariga zarur yordam ko‘rsatish, halok bo‘lgan fuqarolarni havo transportida maxsus reys orqali olib kelish va tegishli manzillarga yetkazish, shuningdek ularning oila a’zolariga har tomonlama ko‘maklashish vazifalari yuklatilgan.

Bundan tashqari Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi vakillaridan iborat Maxsus ishchi guruh Rossiya Federatsiyasiga yuborilib, barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirayotgani bildirilgan.

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlariga Tatariston rahbari ta’ziyasi

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Tatariston rahbari Rustam Minnixanov Nijnekamskga qilingan dron hujumi oqibatida fuqarolari halok bo‘lgan Tojikiston va O‘zbekiston prezidentlari Imomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyevga hamdardlik bildirdi.

Bu haqda respublika rahbari matbuot xizmati jurnalistlarga ma’lum qilgani haqida TASS agentligi xabar bergan.

O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi hayotdan ko‘z yumgan insonlarning shaxsini to‘liq oshkor qilmagan.

Tatariston rasmiylarining aytishlaricha, Nijnekamskda halok bo‘lganlar orasida bir nafar yosh bola ham bor. Dronlar Ukraina chegarasidan 1100 kilometrdan ortiq uzoqlikda joylashgan Nijnekamsk shahriga hujum qilishi oqibatida yana 75 kishi jarohat olgan. Ukraina Qurolli kuchlari shahardagi Taneko neftni qayta ishlash zavodi nishonga olinganini bildirdi.

Bu 2022 yilda Moskva Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan beri Rossiya hududidagi eng qonli hujum sifatida ko‘rilmoqda.

Rossiyaning RIA agentligi xabariga ko‘ra, qurbonlarning aksariyati hujum paytida yotoqxonada bo‘lgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi esa dronlar zarba bergan joyda "hech qanday harbiy amaliyotlarda ishtirok etmagan fuqarolar bo‘lganini" ma’lum qildi.

BBC bu ma’lumotlarni mustaqil ravishda tasdiqlay olgan emas.

Тегишли ташкилотлар ходимлари жасадлар ортилган қутиларни самолётга юкламоқда.
Rasmiy
Jasadlar marhumlarning yashash manzillariga – Andijon, Farg‘ona, Samarqand va Xorazm viloyatlariga yetkazildi.
Gulrux Tulayeva
Migratsiya agentligi matbuot kotibi (Batafsil: BBC.COM/UZBEK)

Hodisadan so‘ng Tatariston rahbari Rustam Minnixonov prezident Shavkat Mirziyoyevga hamdardlik bildirdi, ammo boshqa rahbarlar, masalan Markaziy Osiyo prezidentlari nomidan ta’ziya bildirilgani haqida ma’lumotlar yo‘q.

Ushbu voqea tarmoqlardagi asosiy muhokama mavzusiga aylandi. Ayrim foydalanuvchilar Ukraina kompensatsiya to‘lashi kerakligini yozsa, boshqalar bunda Rossiyani ayblamoqda. Yana ba’zi kishilar esa O‘zbekistonning o‘zida yetarli ish o‘rinlari bo‘lganida, mamlakat fuqarolari chet ellarga ish izlab ketmagan bo‘lardi, demoqda.

Shunday qizg‘in muhokamalar davom etayotganiga qaramasdan, siyosatchilar, parlament deputatlari yoki senatorlar tomonidan bu masala yuzasidan haligacha biror munosabat bildirilmadi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Ukrainaning Rossiyaga hujumlar sur’ati oshgan

Keyingi paytlarda Kiev Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi uchun daromad va logistik ta’minot manbai bo‘lib xizmat qilayotganini aytgan ob’ektlarga uzoq masofadan zarba berishni kuchaytirdi.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, Nijnekamskka 10 avgustga o‘tar kechasi qilingan hujum tun davomida boshlanib, ertalabgacha bir necha soat davom etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va haqiqiyligi tasdiqlangan tasvirlarda kunduzi osmonga ko‘tarilayotgan quyuq tutun va alangani ko‘rish mumkin. Shahar uzra havo hujumi sirenalarining sadosi yangragan.

Tatariston rahbari Rustam Minnixanov hujum bo‘lganini tasdiqlab, halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirgan. Nijnekamsk shahar hokimi Radmir Belyaev esa bu o‘limlarni "barchamiz uchun ulkan qayg‘u" deb atagan.

Rossiya tomoni ma’lumotiga ko‘ra, 10 avgust tunida Rossiya hududi bo‘ylab 450 dan ortiq ukrain droni havo mudofaa tizimlari tomonidan urdirib tushirilgan.

Rossiyaning boshqa hududlarida ham hujumlar kuzatilgan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Sibirdagi Tyumen viloyatida bir nechta dron qulab tushishi oqibatida sanoat ob’ektida yong‘in chiqqan.

Iqtibos

Hujumning asosiy nishoni sifatida Tataristonning Nijnekamsk shahridagi sanoat hududidagi neft va neft-kimyo ob’ektlari tilga olinayapti.

Xususan, Ukraina Bosh shtabi "Taneko" neftni qayta ishlash zavodiga zarba berganini xabar qildi.

Qator xalqaro va mahalliy nashrlarga ko‘ra, zavod hududida yong‘in kelib chiqqan.

Bu Ukraina harbiylarining "Taneko" zavodiga birinchi hujumi emas.

12 iyunda ham "Taneko" va ham TAIF neftni qayta ishlash zavodlari nishonga olingani xabar qilingan edi.

Iyul oyida ham Nijnekamskdagi TAIF ikki marta hujumga tutilgan edi.

Tatariston hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, 10 avgust hujumlaridan so‘ng 75 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan, ulardan 21 nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov respublika bo‘ylab motam e’lon qildi, bayram tadbirlari bekor qilindi.

Rossiyaning boshqa hududlaridagi singari Tataristonda ham dronlar hujumi oldini olish maqsadida mobil telefon aloqasi va Internet uzilgan, ko‘plab insonlar yaqinlarining qaerdaligini bilolmay qiynalganlar.

Rasmiylar portlashlar ro‘y bergan inshootlar va joylarini e’lon qilmayaptilar.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda dron hujumlari Nijnekamsk shahrining Shkolnыy bulvar deb nomlangan ko‘chasida kuzatilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Bu ko‘chada "Kovyor" Yoshlar tashabbus markazi, talabalar mehnat otryadlari markazi, yotoqxona, "Kama" mehmonxonasi joylashgani xabar qilinadi.

Rasmiylar Shkolnыy bulvardagi maktab binosi shikastlanganini ma’lum qildilar.

InKazan Telegram kanali Nijnekamsk shahri rasmiylariga tayanib xabar qilishicha, Shkolnыy bulvardagi portlashdan keyin uy-joyi shikastlangan insonlarni 3-litsey binosiga vaqtincha joylashtirishga qaror qilingan.

93 odam vaqtincha boshpana so‘rab murojaat qilgani ushbu ko‘chadagi vayrona miqyosi qanchalar kattaligini ko‘rsatadi.

Ukraina mavqei

Ukraina hukumatining Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko "Rossiyadagi har bir fuqaro o‘limi uchun prezident Putin javobgar" ekanini aytdi va "rossiyaliklar o‘z noroziliklarini Putin hamda o‘z mamlakatlarida qabul qilinayotgan qarorlarga qaratsin", dedi.

"Putin bo‘lmaganida tajovuz ham bo‘lmas edi. Tajovuz bo‘lmaganida esa bu odamlar hozir tirik bo‘lardi", dedi u.

Kiev Rossiya hududiga uzoq masofadan zarba berishda tobora samarali bo‘lib bormoqda. Bu hujumlar ko‘pincha omborxonalar yoki energetika infratuzilmasiga qaratilsa-da, fuqarolar orasida qurbonlar ham ko‘paymoqda.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Moskva esa o‘z navbatida Ukraina shaharlari va turar joy hududlariga qarshi muntazam yirik havo hujumlarini davom ettirmoqda. O‘tgan hafta Kievga qilingan dron va raketa hujumi oqibatida 21 kishi halok bo‘lgan edi.

Moskva "hujumlarga aloqador barcha shaxslar muqarrar va qattiq jazoga tortiladi", deb bildirdi.

Nijnekamskdagi neftni qayta ishlash zavodlari avval ham, 12 iyun kuni hujumga uchragan edi.

"Ukraina nishonga olayotgan ob’ektlar Ukrainaga qarshi hujumlar uyushtirish, qurol-yarog‘ ishlab chiqarish va Rossiyaning urush harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun foydalaniladi", dedi Ukraina Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko.

Tatariston Prezidenti Minnixanov Nijnekamsk sanoat zonasiga bordi

Nijnekamsk sanoat zonasidagi xostel binosi vayronalari

Surat manbasi, t.me/eveningkzn

Surat tagso‘zi, Nijnekamsk sanoat zonasidagi xostelda to‘qqiz inson halok bo‘lganini xabar qildi Tatariston rasmiylari

Tatariston rahbari Rustam Minnixanov dronlar hujumiga uchragan Nijnekamsk sanoat hududiga borgan.

Bu haqda Tatariston prezidenti matbuot kotibi Liliya Galimova ma’lum qildi.

"Vechernyaya Kazanь" Telegram kanali voqea joyidan olingan suratlarni e’lon qildi.

"Ushbu hududda turar joy ob’ekti, ya’ni xostel hujumga uchradi. U yerda to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Hozirda voqea joyida tergov harakatlari olib borilmoqda», dedi Galimova.

"Ukrainaga qarshi hujumlarda Shimoliy Koreya raketalaridan foydalanilgan"

Kievga qilingan hujum oqibatida kelib chiqqan yong‘in

Surat manbasi, Getty Images

Ayni vaqtda Rossiyaning Ukrainaga qarshi havo hujumlari ham davom etmoqda.

O‘tgan kecha Kiev, Zaporoje va Dnepropetrovsk shaharlarga hujumlar oqibatida 9 inson halok bo‘lgan va o‘nlab kishi jarohatlangan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning aytishicha, o‘tgan kecha Rossiya Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan ballistik raketalar bilan havo hujumlarini amalga oshirgan.

Kecha kechqurun qilgan murojaatida janob Zelenskiy Rossiya Shimoliy Koreyadan ko‘proq raketalar olayotganiga ishonishini aytgandi. Unga ko‘ra, "ko‘rinishicha, Rossiya Shimoliy Koreya qo‘llovisiz hujum qila olmay qolgan".

Prezident Zelenskiy shuningdek, shu hafta boshida Rossiya hududlarini himoya qilish maqsadida yana 50 ming Shimoliy koreyalik askar yuborilganini ham aytgan.