Yoqilg‘i inqirozi: Markaziy Osiyo davlatlari qanday chora ko‘ryapti?

Surat manbasi, Bloomberg / Contributor/Getty Images
- Author, Sanjar Eraliev, Alibek Beyjanov
- Role, bbc.com/uzbek
- Reporting from, Bishkek, Toshkent
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Rossiyadagi yoqilg‘i inqirozi Markaziy Osiyoga ham ta’sir qilmoqda. Qaysi davlat qanday chora ko‘ryapti? Kim yangi ta’minotchilar izlayapti, kim nazoratni kuchaytirmoqda, O‘zbekistonda esa zaxiralar qancha muddatga yetadi?
Rossiya hukumati mamlakatda may oyi oxiridan buyon davom etayotgan yoqilg‘i inqirozi fonida 8 iyuldan 31 iyulgacha dizel yoqilg‘isi eksportini vaqtincha taqiqladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak prezident Vladimir Putin ishtirokidagi hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi. Keyinroq buni Rossiya hukumati matbuot xizmati ham tasdiqladi.
Rossiyadagi yoqilg‘i inqiroziga Ukrainaga qarshi urush davomida ayrim neftni qayta ishlash zavodlariga qilingan dron hujumlari ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qirg‘iziston: yangi ta’minotchilar qidirilmoqda
Yoqilg‘ining 90–95 foizini Rossiyadan import qiladigan Qirg‘iziston inqirozga ko‘proq yuz tutmoqda. Rasmiylar iyul boshida mavjud zaxiralar 30–40 kunga yetishini ma’lum qilib, favqulodda muqobil ta’minotchilar bilan muzokaralarni boshladi.
Bishkek Xitoy, Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Turkiya va Yevropa davlatlari bilan ham muzokaralar o‘tkazdi. Natijada Xitoydan 3 ming tonna aviatsiya yoqilg‘isi olish bo‘yicha birinchi shartnoma tasdiqlandi. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Daniyar Amangeldiev qo‘shimcha 5 ming tonna dizel sotib olish bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini ta’kidladi. Belarus bilan esa 3 ming tonna aviatsiya yoqilg‘isi va taxminan 10 ming tonna dizel yetkazib berish shartnomalari imzolandi.
O‘zbekiston ham Qirg‘izistonga yoqilg‘i sotishga rozilik berganini energetika vaziri Altinbek Risbekov 8 iyulda jurnalistlarga bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat hozirda Qozog‘iston tomonining javobini kutmoqda.
"Bu masala yuzasidan Eron va Turkmanistonning bu yerdagi elchilari bilan ham suhbatlashdim. Bu borada barcha zarur choralarni ko‘ryapmiz", degan Risbekov.

Surat manbasi, Pavel Mikheyev/Getty Images
Ichki bozorda narxlarni barqaror saqlash maqsadida hukumat may oyidan boshlab yoqilg‘i tashuvchi va sotuvchi kompaniyalarga vaqtinchalik subsidiyalar ajratmoqda. Shuningdek, AI-95 benzini davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar ro‘yxatidan chiqarildi. Bu kompaniyalarga tannarx oshgan taqdirda sotuv narxini ko‘tarish huquqini berdi.
Hukumat ushbu qarorni "iqtisodiy xavfsizlikni, aholini yoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlash va milliy iqtisodiyot sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash" maqsadi bilan izohladi. AI-92 benzini va dizel yoqilg‘isi esa davlat nazoratida qolmoqda.
Hozirda Qirg‘izistonda yoqilg‘i turiga yarasha 79 somdan 94 somgacha (1 AQSh sentidan 1,7 dollargacha) sotiladi.
Tojikiston: davlat nazorati kuchaytirilmoqda
Tojikiston ham neft mahsulotlari va suyultirilgan gazning 70 foizdan ortig‘i Rossiyadan oladi.
Mahalliy nashrlar hukumat Erondan importni ko‘paytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini yozmoqda.
Asiaplus nashri ma’lum qilishicha, dizel tanqisligi va narxlar oshishi manzarasida Dushanbe davlat nazoratini kuchaytirish yo‘lini tanlagan. Hukumat yoqilg‘i va suyultirilgan gazning chakana narxlarini qat’iyroq nazorat qilish, sun’iy narx oshirish holatlarining oldini olish hamda doimiy monitoring tizimini joriy etishga qaror qilgan.
Bundan tashqari, mamlakat birinchi marta mahalliy neftni qayta ishlash zavodlarida qayta ishlash uchun neft import qilish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Bu kelajakda importga qaramlikni qisman kamaytirishi mumkinligi tahmin qilinadi.
Qozog‘iston: ehtiyotkor pozitsiya
Mintaqadagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Qozog‘iston ham qo‘shni davlatlardan kelayotgan murojaatlarni ehtiyotkorlik bilan baholamoqda.
Ostona Qirg‘izistonning benzin yetkazib berish haqidagi rasmiy murojaatini qabul qilganini tasdiqladi. Biroq hukumat har qanday eksport qarori mamlakat ichki bozoridagi zaxiralar va narxlar barqarorligi hisobga olingan holda qabul qilinishini bildirdi.
"Iltimosni qondirish mamlakat ichida narxlar oshishiga olib kelmaydi", degan 7 iyul kuni energetika vaziri o‘rinbosari Qayirxon Tutqishbaev.
Yoqilg‘ining 90–95 foizini Rossiyadan import qiladigan Qirg‘iziston inqirozga ko‘proq yuz tutmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdan yoqilg‘ini noqonuniy olib chiqishning oldini olish choralari kuchaytirilgan. Chegaradosh davlatlardan keladigan yengil va yuk avtomobillari Qozog‘iston hududiga kuniga faqat bir marta kirishi mumkin bo‘ladi. Bu tartib doimiy yoki vaqtinchalik ekaniga aniqlik kiritilmagan.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi va chegara idoralari qo‘shimcha yoqilg‘i baklari orqali benzin va dizelni yashirincha olib chiqishga qarshi nazoratni kuchaytirgan. Tutqishbaevning ta’kidlashicha, bu choralar noqonuniy eksport sxemalarining oldini olishga qaratilgan.

Surat manbasi, Bloomberg / Contributor / Getty Images
O‘zbekiston: neft zaxirasi 2–3 oyga yetadi
Energetika sohasidagi vaziyat fonida 6 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmog‘ining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Taqdimotda joriy yilning dekabr–yanvar oylari uchun 120 ming tonna benzin zaxirasini yaratish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Yig‘ilishdan so‘ng "O‘zbekiston 24" telekanaliga intervyu bergan energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov mamlakatdagi neft mahsulotlari zaxirasi yaqin ikki-uch oy uchun yetarli ekanini bildirdi.
"Hozir geosiyosiy vaziyatda boshqa davlatlarda energetika xavfsizligiga ham tahdid qilinganini ko‘rib turibmiz. Shuning uchun neft mahsulotlarining faqatgina zaxirasini yaratish emas, bu mahsulotlarni ishlab chiqarish ob’ektlarini rivojlantirish juda muhim. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,2 mln tonnadan oshgan. Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlar yana 600−700 ming tonna mahsulot import qilmoqda. Shu hisobdan neft mahsulotlariga bo‘lgan barcha ehtiyojimiz qoplanadi", dedi u.

Surat manbasi, Diy13/Getty Images
BBC muxbiri Toshkentdagi haydovchilar bilan suhbatlashganda, ularning aksariyati yoqilg‘i inqirozini hozircha sezmaganini aytgan. Suhbatdoshlar buni mamlakatda avtomobillarning katta qismi metan gazida harakatlanishi bilan izohlagan.
2022 yilgi rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda yengil avtomobillarning 65 foizi metan (siqilgan tabiiy gaz) bilan harakatlanadi. Bu hozircha davlat tomonidan e’lon qilingan eng so‘nggi umummilliy ko‘rsatkich hisoblanadi.




























