Rossiyaparastlar O‘zbek, Qozoq va Qirg‘iz arboblaridan xafami?

Surat manbasi, rasmiy
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda siyosatchilar, hukumat idoralari yo atoqli shaxslarning ayrim amallari va fikrlari rossiyaparast sahifalar, kanallar va OAVda norozi munosabatlar uyg‘otmay qolmayapti.
To‘g‘ri, ular rasmiy bayonot sifatida yangrayotgani yo‘q, balki ko‘proq kremlparast platformalarda izhor etilmoqda.
Bular ko‘pincha Rossiya ichidagi, ba’zan esa tashqarisidagi kanallar yoki matbuot vositalaridir.
Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillarining so‘nggi kunlardagi bir necha harakat va bayonotlari kremlparast matbuot yo platformalar e’tiboriga tushmay qolmadi.
O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyevaning Londonga safari Qozog‘iston prezidenti Toqaevning Oltin O‘rda davlati haqidagi fikrlari, Rossiya va Ukraina davlat neft shirkatlari o‘rtasidagi bahsni ko‘rib chiqqan Qozog‘istondagi xalqaro mahkamaning Ukraina foydasiga qaror chiqargani shular jumlasidan.
Oldinroq Chor Rossiyasi va Sovet davrining Qirg‘izistonda "kolonializm" sifatida ta’riflanishi ham rossiyalik ayrim tarixchilarning noroziligiga sabab bo‘lgandi.
Voqealarning oxirgi rivojlanishida Saida Mirziyoyeva Hindistonda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashgani va ikki mamlakat o‘rtasida savdo aloqalarini kuchaytirish hamda sarmoyalarni kengaytirishga oid muloqotlarni davom ettirish imkoniyatidan mamnunligini yozdi.
Matbuot Moskva emas, ammo...

Surat manbasi, Rasmiy
Biroq, munosabatlar Rossiya rasmiylari tilidan emas, balki matbuot orqali bildirilmoqda-ku, degan e’tiroz ham tug‘ilishi tabiiy.
Gap shundaki, yaqin o‘tmishda Rossiya siyosatchilari va arboblari tarafidan Markaziy Osiyodagi muayyan bir davlat tarixi, madaniyati, hududiy yaxlitligi hamda mehnat muhojirlariga oid bildirilgan ayrim fikrlar bu mamlakatlarda jamoatchilik noroziligini uyg‘otgan edi.
Ukrainaga uyushtirgan bosqini ortidan Rossiya xalqaro sahnada ancha yakkalanib qolgan va bugun Prezident Putin mezbonlik qiladigan aksar tadbirlarda yonida - Belarus va Shimoliy Koreya kabi sanoqli davlatlar istisno - aynan Markaziy Osiyo rahbarlari bo‘lishadi.
Hattoki Janubiy Kavkazdagi yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Armaniston ham endilikda Yevropaga yaqinlashmoqda va o‘z qo‘shnilari - Turkiya hamda Ozarbayjon bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga moyillik bildirmoqda.
Xalqaro miqyosda esa Rossiya ittifoqchilari bo‘lgan Iroq yoki Suriya kabi qator davlatlarda ichki norozilik va tashqi aralashuvlar ortidan rossiyaparast tuzumlar qulatildi.
Bunday sharoitda Rossiya o‘zining so‘nggi "do‘stlarini" ham rasmiy bayonotlar tufayli o‘zidan uzoqlashtirishni istamasligi mumkin.
Rossiya matbuoti va Kremlga xayrixoh kanallar orqali aytilgan fikrlar esa bevosita Kremlning mujdasi sifatida ko‘rilishi ehtimoli katta.
Zotan, Ukraina bosqini boshlanganidan beri Rossiyada mustaqil yo muxolif fikrdagi matbuot deyarli qolmagani aytiladi.
Safarlar va bayonotlar

Surat manbasi, akorda.kz
Rossiyaparast matbuot va kanallarda tanqid yo salbiy fikrlar bilan qarshi olingan qator holatlarni e’tirof etish mumkin.
Qozog‘iston davlat rahbarining Oltin O‘rda davlati tarixiga oid fikri Rossiyada ayrim tahlilchilar noroziligiga sabab bo‘ldi.
Toqaev Qozog‘istonni Oltin O‘rdaning vorisi sifati ko‘rishiga ishora qilgan.
Buning ortidan Qozog‘iston ayni tarixiy davlatchilikni "o‘ziniki qilib olishi" ehtimolidan xavotir bildirilgan.
Ayrimlar, buni Rossiyaga qarshi qadam sifatida ta’riflab, Britaniya va Turkiyaning ta’sirini ko‘rishlarini bildirishgan, boshqalar esa Qozog‘iston yirik tarixiy masalalarda Rossiyani chetga surmoqda, deya ayblashgan.
Shu kabi chiqishlarda oxirgi O‘zbekiston ham chetda qolmagan.
O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning qator safar va uchrashuvlari ular tomonidan turlicha talqin etilgan.
Saida Mirziyoyeva shu oy Buyuk Britaniyaga tashrif buyurib, London fond birjasida (LSYe) O‘zbekiston davlat obligatsiyalarini savdoga qo‘yish marosimida ishtirok etgandi.
O‘tgan aprel oyida esa AQShga safar qilgan hamda amerikalik yuqori martabali mulozimlar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazib, Toshkent va Vashington o‘rtasida yanada yaqinroq hamkorlik masalalarini muboyasa etgan.
Rossiya matbuoti va Kremlga xayrixoh kanallar orqali aytilgan fikrlar bevosita Kremlning mujdasi sifatida ko‘rilishi ehtimoli katta.
Na Rossiya, na Ukraina
Qozog‘istonda joylashgan xalaqaro mahkama Rossiyaning Gazprom va Ukranining Naftohaz (Neftogaz) yirik shirkatlari o‘rtasidagi 1.4 milliard dollarlik bahs bo‘yicha Ukraina foydasiga qaror chiqargan.
Rossiya OAV mazkur mahkama qarori qonuniy kuchga ega emasligini aytishmoqda.
Qozog‘iston hukumati esa Ostona Xalqaro Moliyaviy Markazi mahkamasining qaroridan o‘zini chetga olgan.
Orda.kz vebsahifasining yozishicha, ushbu ish Rossiya tabiiy gazining Ukraina orqali o‘tishiga doir 2019 yil imzolangan shartnomaga oid bo‘lib, Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushi oridan gaz tarqatuvchi bir stantsiyadagi ishlar to‘xtab qolishidan kelib chiqqan bahsdir.
Qaror ortidan izoh bergan Qozog‘iston rasmiylari Ostonaning bu bahsli mahkama ishiga mutlaqo aloqasi yo‘qligini ta’kidlashgan.
Yana bir holat Rossiya va Qirg‘iziston tarixchi olimlari o‘rtasida yuzaga kelgan.
Rossiya Fanlar akademiyasi vakillari Qirg‘iziston maktab darsliklarida yaqin o‘tmish qanday ta’riflanishidan norozilik bildirishgan.
Xususan, o‘tgan asr davrlarining mustamlakachilik sifatida ifodalanishini "daliliy xato" sifatida qabul qilishmoqda.
Rossiya tarixchilari "kolonializm" atamasi yoshlar orasida salbiy qabul qilinishini urg‘ulashgan.
Ayni paytda Qirg‘iziston rasman qabul qilgan yangicha talqindagi tarix kitoblaridan "qarama-qarshilik keltirib chiqaradigan ayrim bayonotlarni" olib tashlashni taklif qilishgan.






























