O‘zbekiston: shaxmatdagi yuksalish, iqtisodiy o‘sish va Hindiston bilan harbiy hamkorlik - bu yangi davr boshlanishimi?

Surat manbasi, gov.uz
O‘zbekistonlik shaxmatchi jahon chempionligi uchun kurashga yo‘l oldi

Surat manbasi, NBU/gazeta.uz
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Nomzodlar musobaqasida g‘olib chiqib, jahon shaxmat chempionligi uchun o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi. Bu yangilik, yirik jahon sport sarlavhasiga aylandi.
20 yoshli shaxmatchi Kiprning Nikosiya shahrida bo‘lib o‘tgan musobaqada to‘liq ustunlik qildi. U 6 ta g‘alab qozonib, birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi va finaldan oldinroq chempionlikni ta’minladi. Endi u jahon chempioni hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi o‘ynaydi, deb yozadi Reuters agentligi.
Bu O‘zbekiston uchun tarixiy natija bo‘lib, mamlakatning shaxmatdagi jahon miqyosidagi kuchli davlat sifatidagi obro‘yini yanada mustahkamlaydi.
Yuqorida aytilganidek, Sindarov 6 ta g‘alabaga erishdi, bu o‘z navbatida ikki davrali turnirning 2013-yilda joriy etilgan zamonaviy formati uchun rekord natija hisoblanadi.
Avvalroq grossmeysterlar, jumladan, Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy va Fabiano Karuana, bir turnirda ko‘pi bilan 5 ta g‘alaba qayd etgandi. Sindarov esa bu natijani 10-turga keliboq yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
U 19 yoshu 11 oyligida 2025-yilgi Jahon kubogining eng yosh sohibiga aylangandi. Bu haqda gazaeta.uz nashriyoti ham yozgan.
Xalqaro prognozlar: O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘smoqda, lekin inflyatsiya xavfi saqlanib qolyapti

Surat manbasi, adb.org
Xalqaro valyuta jamg‘armasiga ko‘ra, International Monetary Fund (IMF) O‘zbekistonning 2026-yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozini 6,8% ga oshirdi, bu esa mamlakatdagi islohotlarga bo‘lgan ishonchni ko‘rsatadi.
O‘sish prognozi avvalgi 6,2% dan 6,8% ga ko‘tarildi. Iqtisodiyot islohotlar va investitsiyalar hisobiga o‘sishda davom etmoqda. Biroq inflyatsiya xavfi saqlanib qolmoqda, bu esa aholi hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Bu yangilik xalqaro moliya institutlarining O‘zbekistondagi islohotlarga qanday qarayotganini ko‘rsatadi, deya yozgan gazeta.uz nashriyoti.
Osiyo taraqqiyot banki (ADB) prognoziga ko‘ra esa, O‘zbekiston iqtisodiyoti kelgusi ikki yil davomida ham o‘sish sur’atini saqlab qolishi kutilmoqda: 2026-yilda o‘sish 6,7 foizni, 2027-yilda esa 6,8 foizni tashkil etadi. Bu 2025-yildagi 7,7 foizlik kuchli kengayishdan keyingi davr hisoblanadi. Bunday natijalarga xizmatlar sohasi yetakchilik qilgan keng ko‘lamli o‘sish, shuningdek sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligidagi sezilarli hissalar ham sabab bo‘lgan. O‘sish asosan investitsiyalar va tarkibiy islohotlar bilan qo‘llab-quvvatlangan.
Mashg‘ulotlar O‘zbekistonning harbiy hamkorlikni faqat an’anaviy sheriklar - Rossiya va Xitoy bilan emas, balki yangi hamkorlar bilan ham kengaytirayotganini ko‘rsatadi.
ADB hisobotiga ko‘ra, ichki talab iqtisodiy o‘sishning asosiy tayanchi bo‘lib qolmoqda. Uy xo‘jaliklari daromadlarining oshishi, biznes faolligining yuqoriligi va investitsiyalar oqimi, jumladan xorijiy investitsiyalar, bu jarayonni dastaklayapti.
Inflyatsiya kutilganidan tezroq pasayib, 2027-yilga borib Markaziy bankning 5 foizlik maqsadiga yaqinlashishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, davlat xarajatlarini kamaytirish hamda pul sarflashni qattiqroq nazorat qilish va pul-kredit siyosati inflyatsiyani barqarorlashtirishga yordam beryapti.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Biroq ADB davlat korxonalari islohotlarini chuqurlashtirish, Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lish va global iqtisodiy beqarorlik kabi tashqi xatarlarni boshqarish zarurligini ham ta’kidlaydi. Bu haqda Osiyo taraqqiyot banki o‘zining internet nashriyotida yozgan.
O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish jarayonida ekan, xalqaro ekspertlar inflyatsiya bosimi kuchayishi mumkinligini ta’kidlab, "Davlat uni barqaror ushlab tura oladimi?" degan savolni o‘rtaga tashlamoqda.
O‘zbekiston - Hindiston harbiy hamkorligi: G‘urumsaroyda qo‘shma mashg‘ulotlar

Surat manbasi, gov.uz
O‘zbekiston va Hindiston "Dustlik-2026" qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni 12–24 aprel kunlari O‘zbekistonning Namangan viloyatida o‘tkazmoqda. Mashg‘ulotlarda ikki davlat harbiylari taktik tayyorgarlik va terrorizmga qarshi amaliyotlarni birgalikda mashq qilmoqda.
daryo.uz nashriyotiga ko‘ra, mashg‘ulotlar O‘zbekiston Sharqiy harbiy okrugiga qarashli "G‘urumsaroy" dala o‘quv maydonida o‘tkazilmoqda. Unda harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, zamonaviy harbiy ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda o‘zaro tajriba almashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ochilish marosimida ushbu qo‘shma mashg‘ulotlar ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, hamda, bu jarayon harbiy xizmatchilarning bilim, ko‘nikma va amaliy tajribalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etilgan. "Do‘stlik–2025" qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari Hindistonning Puna shahridagi xalqaro mashg‘ulotlar bazasida o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, mazkur mashg‘ulotlar ikki davlat Qurolli Kuchlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida yettinchi bor tashkil etilmoqda. 2019-yildan buyon muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan ushbu o‘quv mashg‘ulotlari O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni izchil rivojlantirish hamda yanada mustahkamlashga qaratilgan. Mashg‘ulotlar 24-aprelga qadar davom etishi aytiladi.
Hindistondagi yetakchi moliya va biznes ro‘znomalaridan biri bo‘lgan The Economic Times, nashriga ko‘ra, ushbu hamkorlikning asosiy maqsadi mudofaa sohasidagi aloqalarni mustahkamlash va mintaqaviy xavfsizlikni kuchaytirishdan iborat.
Bu o‘z o‘rinida, O‘zbekistonning harbiy hamkorlikni faqat an’anaviy sheriklar - Rossiya va Xitoy bilan emas, balki Hindiston kabi yangi hamkorlar bilan ham kengaytirayotganini ko‘rsatadi.
































