Xitoy iqtisodiy o‘sishi keskin pasaydi - Hukumat muammolarni tan oldimi?

Shamol turbinalari ishlab chiqaruvchi korxona xodimi ish qurollaridan foydalanib, po‘lat qismlarni yig‘moqda. Suratda u po‘lat konstruktsiya ramkasining markazida cho‘kkalab o‘tirgan holda tasvirlangan.

Surat manbasi, VCG via Getty Images

    • Author, Piter Hoskins
    • Role, Bi-bi-si Biznes muxbiri
  • Published
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Xitoy iqtisodiy o‘sishi aprel oyining boshidan iyun oyining oxirigacha bo‘lgan davrda keskin sekinlashdi. Bunga ichki talabning sustligi hamda Eron urushi ta’sirida neft narxlarining o‘zgarishi sabab bo‘ldi. Pasayish mamlakatning kuchli eksport ko‘rsatkichlariga soya soldi.

Rasmiy yalpi ichki mahsulot (YaIM) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning ikkinchi eng yirik iqtisodiyoti ikkinchi chorakda 4,3 foizga o‘sdi. Bu Pekinning yillik rejasidan past bo‘lib, birinchi chorakdagi 5 foizlik o‘sishdan ham kamdir.

Bu ma’lumotlar Xitoy eksporti iyun oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga oshganini ko‘rsatgan statistikadan bir kun keyin e’lon qilindi.

Mart oyida Xitoy iqtisodiy o‘sish maqsadini 4,5 foizdan 5 foizgacha bo‘lgan oraliqqa tushirdi. Bu 1991 yildan buyon eng past iqtisodiy o‘sish maqsadi hisoblanadi. Ayrim tahlilchilarning fikricha, bu qaror Pekinga avvaldan mavjud bo‘lgan iqtisodiy zaifliklarni rasman tan olish imkonini bergan.

Mazkur hisobot 28 fevralda boshlangan Eron urushidan keyingi davrni to‘liq qamrab olgan birinchi choraklik YaIM ma’lumotlarini aks ettiradi. Shuningdek, bu ko‘rsatkich Xitoy 2022 yil oxirida qat’iy Covid-19 cheklovlaridan chiqib kelayotgan davrdan beri qayd etilgan eng past choraklik o‘sishdir.

"Tashqi beqarorlik va noaniqlik omillari ko‘paydi", deyiladi Xitoy Milliy statistika byurosi hisobotiga ilova qilingan bayonotda.

Shuningdek, hisobotda mamlakat iqtisodiyotida kuchli taklif bilan zaif talab o‘rtasidagi nomutanosiblik mavjudligi qayd etilgan.

Chorshanba kuni e’lon qilingan boshqa ma’lumotlar Pekin ichki bozorda duch kelayotgan muammolarni ham ko‘rsatdi. Ular orasida uzoq davom etayotgan ko‘chmas mulk bozori inqirozi va iste’mol xarajatlarining pastligi ham bor.

Yangi uy-joylar narxi yana pasaydi. Biroq iyun oyidagi 0,1 foizlik pasayish may oyiga nisbatan sekinroq sur’atda kuzatildi.

Shu bilan birga, chakana savdo hajmi iyun oyida 1 foizga oshdi. Bu may oyidagi 0,6 foizlik tushishdan yaxshiroq natija hisoblanadi.

IG investitsiya platformasining bozor tahlilchisi Fabien Yip BBC'ga bergan intervyusida, Xitoy kompaniyalari energiya va xomashyo narxlarining oshishini o‘z zimmasiga olayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bunga sabab iste’molchilardan kelayotgan talab xarajatlar oshishini qoplay oladigan darajada kuchli emasligidir.

EPA-EFE/REX/Shutterstock
Bu holat, asosiy o‘sish sur’atlarining keskin yomonlashganini emas, balki mavjud muammolarni tan olishga tayyorlikni anglatishi mumkin.
Julian Evans-Pritchard
Capital Economics kompaniyasi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Uning qo‘shimcha qilishicha, Eron urushi qancha uzoq davom etsa, vaziyatni boshqarish shuncha qiyinlashadi.

Biroq Capital Economics kompaniyasining Xitoy iqtisodiyoti bo‘yicha rahbari Julian Evans-Pritchardning fikricha, iqtisodiyotdagi sekinlashuv ko‘proq iqtisodiy sharoitlarning yomonlashuvi bilan emas, balki milliy o‘sish maqsadining o‘zgartirilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, yangi maqsad hukumatga mamlakatdagi real vaziyatni ochiqroq tan olish imkonini berdi.

"Bu holat, asosiy o‘sish sur’atlarining keskin yomonlashganini emas, balki mavjud muammolarni tan olishga tayyorlikni anglatishi mumkin," dedi u.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Uning qayd etishicha, rasmiy ko‘rsatkichlar endi Capital Economics'ning Xitoy iqtisodiyoti bo‘yicha o‘z baholariga ancha yaqinlashgan.

"Agar shunday bo‘lsa, YaIM ko‘rsatgichlarini iqtisodiyot kutilmaganda va keskin sekinlashayotganining belgisi sifatida talqin qilish joiz bo‘lmaydi. Iyun oyidagi ko‘rsatkichlar ham ma’lum darajada ishonch uyg‘otadi, chunki barcha asosiy indikatorlarda yaxshilanish kuzatilmoqda", dedi u.

Seshanba kuni e’lon qilingan iyun oyi bojxona ma’lumotlari Xitoyning texnologik mahsulotlar eksporti sun’iy intellekt (AI) ma’lumotlar markazlari uchun zarur bo‘lgan yarimo‘tkazgichlarga global talabning keskin oshishi hisobiga kuchayganini ko‘rsatdi.

Shuningdek, Xitoyning elektr avtomobillariga (EV) bo‘lgan xalqaro talabning tez o‘sishi ham eksport hajmiga katta turtki berdi. Natijada avtomobil eksporti tarixda ilk bor bir oy ichida 1 milliontadan oshdi.