Tolibon vaziri: "O‘zbekistonda Islomning faqat nomi qolgan"

Surat manbasi, Social Media
Afg‘oniston Tolibon hukumati Amri ma’ruf va nahiy munkar vaziri Shayx Muhammad Xolid Hanafiyning O‘zbekiston haqida aytgan gaplari keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda "Islomning faqat nomi qolgan". Bu bayonot afg‘on siyosiy kuzatuvchilari va mintaqaviy tahlilchilar tomonidan keskin tanqid qilinmoqda.
Maqola BBC Monitoring xabari asosida yozildi.
Bahsli bayonot
Xabarlarga ko‘ra, Hanafiy bu gaplarni 10 iyul kuni Afg‘onistonning janubiy-sharqiy viloyatlaridan kelgan ulamolar bilan uchrashuvda aytgan. U chiqishi davomida Tolibon qurgan islomiy tuzumni himoya qilib, ulamolarni "Islomni asrash"ga chaqirgan.
Vazirning fikricha, Islom ummatiga rahbarlik qilish mas’uliyati ulamolar zimmasida bo‘lishi kerak. Shu bilan birga u O‘zbekiston diniy ulamolarini ham tanqid qilib, mamlakatda diniy masalalarni diniy ulamolar emas, balki dunyoviy davlat tizimi belgilayotganini iddao qilgan.
Hanafiyga ko‘ra, O‘zbekiston boy islomiy merosga ega bo‘lishiga qaramay, uning ta’biri bilan aytganda "haqiqiy Islom"dan uzoqlashgan.
Bayonot ortidan paydo bo‘lgan tanqidlardan keyin Tolibonning rasmiy axborot manbalari ushbu gaplar aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan o‘chirib tashlagani aytilmoqda. O‘zbekiston rasmiylari esa hozircha bu bayonotga munosabat bildirgani yo‘q.
Nega aynan O‘zbekiston haqidagi gaplar e’tibor tortdi?
Kuzatuvchilarning qayd etishicha, Hanafiyning O‘zbekistonni tilga olishi tasodifiy emas.
Samarqand, Buxoro va Termiz asrlar davomida Islom ilm-fani markazlari sifatida tanilgan. Bu hududlar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan zamin hisoblanadi. Shuningdek, hadis, tafsir, fiqh va kalom ilmlari rivojida ham ushbu shaharlar muhim o‘rin tutgan.
Shu bois, ko‘plab tanqidchilar Tolibon amaldorining bayonotini nafaqat diniy baholash, balki O‘zbekistonning tarixiy va diniy merosiga nisbatan bahsli munosabat sifatida baholamoqda.
Tolibonning dunyoqarashi haqidagi bahslar
AQShda joylashgan Amu TV nashrining yozishicha, Hanafiyning so‘zlari faqat O‘zbekistondagi diniy vaziyatga berilgan baho emas, balki Tolibon harakatining kengroq dunyoqarashini aks ettiradi.
Nashr tahlilchilariga ko‘ra, Tolibon o‘zining Islom talqinini haqiqiy va yagona to‘g‘ri yo‘l sifatida ko‘radi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Buxoro, Samarqand va Termizni tilga olish ham ramziy ahamiyatga ega bo‘lgan.
Tanqidchilar nima demoqda?
Afg‘onistonning sobiq Qochqinlar ishlari bo‘yicha vaziri Nur Rahmon Axloqiy mazkur bayonotni Tolibonning o‘zini boshqalarning iymonini baholaydigan mezon sifatida ko‘rishiga misol deb atadi.
Uning fikricha, Tolibon o‘zini Islomning yagona merosxo‘ri sifatida ko‘rishga intiladi va bu yondashuv mintaqa davlatlari uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Axloqiy O‘zbekistonning Tolibon bilan yaqin hamkorligi haqida fikr bildirib, ekstremistik g‘oyalar davlat chegaralari bilan cheklanmasligini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Tolibon munosabatlari
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida Tolibon bilan eng faol muloqot o‘rnatgan mamlakatlardan biriga aylandi.
Toshkent va Kobul o‘rtasida savdo, transport, tranzit yo‘laklari, elektr energiyasi hamda xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik kuchaydi. O‘zbekiston Tolibon ma’muriyatining muhim iqtisodiy hamkorlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Biroq ayrim tahlilchilar iqtisodiy aloqalar bilan birga mafkuraviy ta’sir o‘tkazish xavfi ham ortishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Yoshlar va diniy o‘zlik masalasi
Revayat nashri tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonda, ayniqsa, yoshlar orasida islomiy o‘zlik va diniy merosni qayta anglashga qiziqish kuchaymoqda.
Nashr mualliflari agar bu jarayon radikal g‘oyalar bilan bog‘lanib qolsa, ekstremistik qarashlarning tarqalishi uchun sharoit yuzaga kelishi mumkinligini ta’kidlaydi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Shu nuqtai nazardan qaralganda, Tolibonning mafkuraviy ta’siri haqidagi xavotirlar nafaqat Afg‘oniston, balki butun Markaziy Osiyo uchun dolzarb mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.
Mintaqa uchun muhim savol
Jenevadagi BMT qoshidagi Afg‘onistonning doimiy vakili Nosir Andisha ham Markaziy Osiyo davlatlarining Tolibon bilan munosabatlarni normallashtirish siyosati haqida ogohlantirdi.
Uning fikricha, faqat iqtisodiy va amaliy manfaatlarga tayangan yondashuv Tolibonning mafkuraviy maqsadlarini nazardan chetda qoldirishi mumkin.
Sobiq afg‘on deputati va olim Sardor Rahmono‘g‘lining ta’kidlashicha, Hanafiyning so‘zlari Tolibon o‘z diniy modelini Afg‘onistondan tashqarida ham tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan namuna sifatida ko‘rishini anglatadi.
Hozircha Toshkent ushbu bayonotga rasmiy munosabat bildirmadi. Biroq muhokamalar shundan dalolat berishi mumkinki, Tolibon bilan munosabatlar endi faqat savdo yoki xavfsizlik masalasi emas, balki mafkuraviy va madaniy xavfsizlik nuqtai nazaridan ham baholanmoqda.































