Ruminiyaga dron hujumi "yana bir chiziqdan o‘tish", Shvetsiya uchoqlari Ukraina urushini o‘zgartiradimi?

Surat manbasi, Ruminiya Favqulodda vaziyatlar vazirlig/Reuters
28 maydan 29 mayga o‘tar kechasi Rossiya jangovar droni Ruminiya havo chegarasini kesib o‘tib, Ruminiya, Ukraina va Moldova chegaralari yaqinida joylashgan Galats shahridagi 10 qavatli uyga qulab portlagan.
Oqibatda ikki inson jarohatlangan.
Ruminiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, ushbu dron Rossiya "Geran-2" deb nomlagan, Eronning "Shahed" droni bo‘lgan.
Bu Ukrainaga qarab uchirgan Rossiya dronining NATOga a’zo mamlakat hisoblangan Ruminiya hududiga birinchi marta o‘tishi emas.
Payshanba kuni kechqurun Ruminiyaning Beseshti aholi maskanida ham qanotlari uch metrcha keladigan dron qoldig‘i topilgan.
Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, dronda portlovchi modda bo‘lmagan.
Ruminiya Prezidenti Nikushor Dan Galats shahrida dron portlashi hodisasi munosabati bilan Milliy xavfsizlik Oliy kengashining majlisini chaqirgan.
Prezident Nikushor hodisani Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan buyongi "Ruminiya hududidagi eng jiddiy hodisa" deb baholadi.
Rossiyaning elchisi Ruminiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi.
"Voqealarning bungacha kuzatilmagan xarakteri milliy, ittifoqdosh va xalqaro miqyosda qat’iy, muvofiqlashtirilgan va mutanosib javobni talab qiladi", dedi Ruminiya Prezidenti Nikushor Dan.

Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenga ko‘ra, Rossiyaning "tajovuzkor urushi yana bir chegaradan o‘tdi" va Yevropa Ittifoqi Ruminiya hamda uning xalqi bilan "to‘liq birdamlikda".
2Xavfsizligimizni va tiyib turish imkoniyatlarimizni, ayniqsa sharqiy chegaramizda, mustahkamlashni davom ettirar ekanmiz, biz Rossiyaga bosimni yanada oshirishda davom etamiz. Biz sanksiyalarning 21-paketini tayyorlamoqdamiz", deb yozdi X tarmog‘ida Ursula fon der Lyayen.
"NATO ittifoqdoshlar hududining har bir qarichini himoya qilishga tayyor. Biz har qanday tahdidga, jumladan dronlar tomonidan keladigan xavflarga qarshi tiyib turish va himoyaga tayyorgarligimizni davom ettiramiz. Rossiyaning bee’tibor xatti-harakatlari barchamiz uchun xavf tug‘dirmoqda. Ular butun Ukraina bo‘ylab fuqarolar va fuqarolik infratuzilmasiga zarba berishda davom etmoqda. (Ruminiyadagi hodisa) ularning noqonuniy agressiv urushi oqibatlari chegara bilan cheklanmasligini yana bir bor ko‘rsatdi", dedi NATO Bosh kotibi Mark Ryutte.
"Rossiya dronining Galatsdagi turar joy binolariga urilishi Ruminiya suvereniteti va Yevropa havo makonining ochiq va jiddiy buzilishi bo‘ldi. Rossiya allaqachon chegaralarni hurmat qilishdan to‘xtagan. Moskvaga Yevropa havo makonini jazosiz buzishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak", dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha vakili Kayya Kallas.
Zelenskiy Shvetsiya samolyot va raketalari Rossiya avia bombali uchoqlarini siqib chiqarishiga umid qilmoqda
28 may kuni Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Shvetsiyaga tashrifi mobaynida SAAB shirkati zavodida bo‘ldi.
U yerda Prezident Zelenskiy va Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Ulf Kristersson bilan shartnoma imzoladilar.
Shartnomaga ko‘ra, Shvetsiya eski Gripen qiruvchi uchoqlardan 16 tasini Ukrainaga beradi.
Yana 22 ta Gripen samolyotini Ukraina haqini to‘lab sotib oladi.
Dastlabki Gripenlarni Ukraina shu yil oxirigacha oladi deb xabar qilinmoqda.
Ukraina Meteor aviatsiya raketalarini ham oladi, biroq ularning soni oshkor qilinmayapti.
Prezident Volodimir Zelenskiy Gripen qiruvchi samolyotlari va Meteor aviatsiya raketalari Rossiyaning o‘z yo‘nalishini o‘zi to‘g‘irlaydigan avia bombalariga qarshi kurashda Ukraina Qurolli kuchlariga yordam berishini ma’lum qildi.
Prezident Zelenskiy Shvetsiyada o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytishicha, Kievda "bunday bombalarni urib tushirish uchun yetarli havo mudofaa vositalari hech qachon bo‘lmagan".
Prezident Zelenskiy aytishicha, Rossiya avia bombalari 100 kmdan ortiq masofadan — ham Rossiya hududidan, ham Ukrainadagi bosib olingan hududlardan uchiriladi.
«Bu bombalar yordamida rossiyaliklar Donetsk va Luhansk viloyatlarida, Xarkiv, Sumi va boshqa hududlarda chegaraoldi aholi punktlarimizni vayron qilmoqda. Avia bombalar ko‘plab shaharlar va qishloqlarni yer bilan yakson qildi", — dedi Zelenskiy.
«Shuning uchun tegishli qurollanishga ega Gripen qiruvchilari, xususan 200 kmdan ortiq masofadagi nishonlarni yo‘q qila oladigan Meteor raketalari bizga Rossiya samolyotlarini ortga surishga yordam beradi, shunda ular ommaviy ravishda o‘zini to‘g‘irlaydigan raketalardan foydalana olmaydi", — dedi Ukraina prezidenti.
Zelenskiy Meteor raketalari 200 km masofadagi nishonlarni urishi mumkinligini aytdi, ammo ularning ishlab chiqaruvchilaridan biri — shvedlik Saab kompaniyasi o‘z saytida «100 kmdan ortiq» degan ko‘rsatkichni keltiradi.
Bundan tashqari, Britaniyadagi UK Defence Journal nashri MBDA kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib xabar qilishicha, bu raketalar uchun ishonchli nishonni yo‘q qilish zonasi 60 kmni tashkil etadi va bu aviatsiya raketalari orasida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bi-bi-si harbiy muxbiri Pavel Aksyonov tushuntirishicha, Meteor raketalari uchun ehtimoliy nishonlar Rossiyaning Su-34 qiruvchi-bombardimonchi samolyotlari bo‘lishi mumkin.
Ular o‘z harakatini rejalaydigan bombalar bilan jihozlangan, ya’ni bombardimonchi samolyot bombasini havo mudofaa zonasiga kirmasdan turib uchira oladi.
Bi-bi-si harbiy muxbiriga ko‘ra, Rossiya bunday bombalardan Ukrainaga nisbatan ancha ko‘p foydalanadi va Ukraina Qurolli kuchlari uchun planlashtiradigan bombalar katta muammoga aylangan, ayniqsa shahar janglarida.






























