Turkiy davlatlar nima rejada, O‘zbekistonda gaz kamaydimi va Qozog‘istonda Turkiya dronlari? Dayjest

Surat manbasi, Rasmiy
O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish kamaymoqda, Turkiy davlatlar qanday rejada va Turkiya hamda Qozog‘iston abadiy do‘stligi amalda nimani anglatadi?
Markaziy Osiyo markazida, Qozog‘istondagi Turkiston shahrida Turkiy davlatlar norasmiy sammiti boshlandi.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, ushbu go‘shada Turkiy tamaddun markazi qurilishi uchun tamal toshi ham qo‘yilgan.
Ushbu markaz turkiy xalqlarning tarixiy va madaniy merosini namoyish etishi va turkiy davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutiladi.
Qozog‘iston Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning IT va sun’iy intellekt sohasida hamkorlik qilishlariga oid tashabbus bilan ham chiqqan.
Besh turkiy davlat - O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Qirg‘iziston mustaqillikka erishishi bilan Turkiya birinchilardan bo‘lib ular bilan aloqalarni mustahkamlashga qiziqish ko‘rsatgan.
Lekin uzoq yillar O‘zbekiston va Turkiya aloqalari sovuq bo‘lib qoldi va ayrim hollarda, mintaqadagi sobiq Sovet respublikalari oralaridagi munosabatlar ham havas qilarli darajada emas edi.
Keyingi yillari esa vaziyat o‘zgardi.
Odamlar o‘rtasida muloqot va bordi-keldi kuchaydi, mamlakatlar esa o‘z munosabatlarini strategik sheriklik yoki abadiy do‘stlik bilan mustahkamlashga kirishdilar.
Aloqalar esa savdo-sotiq, madaniyat yo sayohatdan tortib, geosiyosat hamda harbiy hamkorlik darajasiga qadar bormoqda.
Turkiya bu o‘rinda mintaqa geosiyosiy sahnasida til, din va madaniy yaqinlik orqali o‘ziga xos o‘rin topishga intilmoqda.
Lekin Markaziy Osiyodagi katta ta’sirga ega iqtisodiy va harbiy hamkorlar hamon shimol va sharqdagi ikki ulkan qo‘shni Rossiya hamda Xitoy bo‘lib qolishmoqda.
Abadiy do‘stlik
Ayni paytda, Anqara va Ostona abadiy do‘stlik shartnomasini ham imzolashdi.
Prezident Erdog‘anning Qozog‘istonga davlat tashrifi davomida nafaqat savdo, iqtisod, energetika va madaniy sohalarni qamrab olinmoqda.
Balki endi bu ikki qardosh o‘lka harbiy texnika sohasida ham birgalikda ish olib borishmoqchi.
Xususan, xabar agentliklari Turkiyaning ANKA dronlari Qozog‘istonda ishlab chiqilishi va ularga xizmat ko‘rsatilishi haqida yozishdi.
Qozog‘iston va Turkiya munosabatlari shu asno yangi bosqichga ko‘tarilishi mumkin.
Bu - Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodi bo‘lgan Qozog‘iston Turkiyaga tobora yaqinlashayotgani dalolati.
So‘nggi yillari O‘zbekiston ham turli soha va yo‘nalishda Turkiya bilan aloqalarini kuchaytirgan.
Mintaqaning eng katta ikki davlati O‘zbekiston hamda Qozog‘istonning Turkiyaga yaqinlashishi ham Turkiy birdamlik kuchayotganini ko‘rsatishi, ham Toshkent va Ostona ko‘p tarmoqli siyosat olib borishayotganini anglatishi mumkin.
Odatda Rossiya ta’siri kuchli bo‘lgani aytib kelinadigan Markaziy Osiyo allaqachon Xitoy bilan ham jips munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan.
O‘zbekistonda gaz

Surat manbasi, Rasmiy - gazeta.uz orqali
O‘zbekistonda joriy yilning ilk choragida qazib olingan gaz yilma-yil taqqoslaganda 15% kamaygan.
O‘zbekiston Energetika vaziri bilan suhbat asosida bu borada yozayotgan gazeta.uz nashri maqolasida hozirgi pasayish aslida kutilgan holat ekani va oldindagi vazifa - gaz qazib olishni barqarorlashtirish va hajmini ushlab turish ekani urg‘ulanadi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bilan suhbat qurgan nashr ayni holat sabablariga ham e’tibor qaratgan.
Mulozim Ustyurtda yangi konlarni ochishga qaratilgan ishlar ketayotganini ta’kidlagan.
Buxoro-Xiva va Qashqadaryo hududlaridagi konlar allaqachon 85-90% o‘zlashtirib bo‘lingani ham qayd etilgan.
Ma’lumki, Buxoro va Qashqadaryo gaz konlari hali Sovet davridan beri ishlatib kelinadi.
Buxoro-Xiva va Qashqadaryodagi gaz konlari 85-90% o‘zlashtirib bo‘lingan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:
O‘tgan chorak asr davomida esa O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida energiya tanqisligi, xususan, tabiiy gaz yetishmasligi muammoviy tus olgan.
So‘nggi yillari O‘zbekiston ichkarida iste’mol ortib, chetga gaz sotishni keskin kamaytirishini ham aytgan, biroq bu muammoni to‘liq hal etmagan.
Sovet davrida juda ko‘plab sohalar va aholi-uy joylaridagi energiya ehtiyojlarning muayyan qismi tabiiy gaz hisobidan qondirilishga moslashtirilgandi.
O‘zbekiston so‘nggi yillari yangi gaz konlarini o‘zlashtirishga e’tibor qaratib, sarmoyadorlarni jalb etishga intiladi.
Ammo mutaxassislar mamlakat tabiiy gaz zaxiralari tugab, oxiri ko‘rinib borayotganini ham aytadilar.
Mamlakat so‘nggi yillari kichik GESlardan ko‘proq energiya olishga intilib, qo‘shni mamlakatlar qurayotgan ulkan gidroinshootlarga ham umid tikmoqda.
Shuningdek, boshqa davlatlardan gaz sotib olishni ham boshlagan.
Ayni damda, Rossiya ko‘magida AES qurish rejasini aytgandi.
Oxirgi yillarda O‘zbekiston iqtisodi rivojlanib, ko‘plab yangi korxonalar, turar-joy hamda boshqa maskanlar qurilmoqda.
Bularning barchasi uchun esa energiya zarur.
































