"Bu sizning ukangiz yoki singlingiz emas". Ukrain ayollari urush davrida chet elliklarga farzand tug‘ib bermoqda

- Author, Viktoriya Prisedskaya
- Role, Bi-bi-si Ukrain xizmati, Kiev
- Published
- O'qilish vaqti: 16 daq
Kievning tumanlaridan biridagi kichkina ijara uyida Anastasiya ikki farzandini quchoqlab turibdi. "Bu onangizning ishi, bu sizning ukangiz yoki singlingiz emas, — deydi u bolalariga katta qorini ko‘rsatib.
-Ular nega qornim kattayib borayotganiga hayron, men esa vaziyat shundayligini, bu bizga tirik qolishimiz kerak".
39 yoshli Anastasiya — surrogat ona, u Ispaniyalik juftlik uchun farzand dunyoga keltirib bermoqchi.
Urush boshlanganda Anastasiya 9 va 7 yoshli o‘g‘li hamda qizi bilan Xerson yaqinidagi qishlog‘idan qochib, Xmelnitskiy viloyatidagi kichik shaharchadagi yotoqxonaga joylashgan.
Ammo ularning qaytib borar joyi yo‘q. Uning oilasining Dnepr bo‘yidagi Antonovka qishlog‘idagi uyini rus snaryadlari vayron qilgan.
U avval otasi bilan bozorda ishlagan. Xersondagi kichik avtobusni nishonga olgan rus droni otasining umriga zomin bo‘lgan. Onasi saratondan vafot etgan.
Anastasiyaning farzandlarining otalari ikki boshqa. Lekin uning aytishicha, ular hech qachon bolalar taqdiriga qiziqmagan.
U urushdan oldin birinchi marta surrogat ona bo‘lishga qaror qilgan. Qishlog‘idagi ustunlarning biriga yopishtirilgan e’lonni ko‘rgan va "shunchaki raqamlarni tergan".
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Topgan puliga uyini tuzatdi va bolalarini chet elga dam olishga olib borish niyatida edi. Ammo Rossiyaning bosqini bu rejalarni o‘zgartirdi.
Bir joyga tozalovchi bo‘lib ishga kirdi, lekin oylik oz edi. "Bolalarning muhtojliklarini hal qilish uchun yana shu yo‘lni tanlashga to‘g‘ri keldi", — deydi ayol.
Urushga qaramay, dunyoning boshqa mamlakatlaridan juftliklar surrogat ona orqali farzand ko‘rish maqsadida Ukrainaga kelmoqda. Rivojlangan reproduktiv tibbiyot, boshqa davlatlarga nisbatan yengilroq qonunchilik va arzonroq narxlar AQSh, Yevropa va hatto Xitoydan kelayotgan ota-onalarni jalb qilmoqda.
Ularning farzand ko‘rish istagi rus raketalari va dronlari qo‘rqinchidan ko‘ra kuchliroq.
Shu bilan birga hukumat Ukrainada reproduktiv texnologiyalar, ayniqsa surrogat onalik masalasi tartibga solinishi kerakligini tan oladi.
Demografik inqiroz ham bolalarni "eksport" qilishdan voz kechishga majburlamoqda. Verxovniy Radada ko‘rilayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, agar juftliklardan biri Ukraina fuqarosi bo‘lmasa, surrogat onalik taqiqlanishi mumkin.

Biroq ayrim huquq himoyachilari bu yetarli emas, deb hisoblaydi. Ular urush zaif ayollarni boshqalar uchun bola tug‘ishga majbur qilayotganidan xavotir. Huquqbonlar surrogat onalikni ayollar va bolalar aziyat chekuvchi ekspluatatsiya shakli deb atashadi va uni butunlay taqiqlashga chaqirishadi.
Millionlab mablag‘ aylanadigan sanoatning kelajagi qanday bo‘ladi? Bir tarafdan u odamlarga ota-ona bo‘lish orzusini amalga oshirishga yordam bersa, ikkinchi tarafdan ayollarga tirikchilik imkonini yaratmoqda. Ammo markazda bolalar, va qandaydir xatolik bo‘lsa, ular azob chekadi.
Biznes
Ukraina - gestatsion surrogat onalikka ruxsat etilgan kam sonli davlatlardan biri. Ya’ni bolani tug‘adigan ayol unga genetik jihatdan bog‘liq emas.
Embrion laboratoriyada ota-ona yoki donor hujayralaridan yaratiladi va biologik ona bo‘lmagan ayolning bachadoniga ko‘chiriladi. Tug‘ilgan paytdanoq bolaga huquqiy egalik biologik ota-onalarga tegishli bo‘ladi.
Bu - tug‘maslikni davolash usullaridan biri va ko‘p juftliklar uchun farzand ko‘rishdagi oxirgi umid.
Katta urushdan oldin, turli axborot vositalari tahlillariga ko‘ra, Ukraina AQShdan keyin tijoriy surrogat onalikda yetakchi davlatlardan biri hisoblangan.
2020 yilda Adliya vazirligi hisob-kitob qilib, Ukrainada surrogat onalik orqali yiliga taxminan 1,5 ming bola tug‘ilishini, ularning 95%i xorijlik juftliklar uchun ekanini ma’lum qilgan. Hozirda rasmiy statistika yo‘q.
"Keng qamrovli bosqin boshlanganda dasturlar soni keskin kamaydi, ammo hozir asta-sekin tiklanmoqda", - deydi Oksford universiteti tadqiqotchisi Polina Vlasenko. U Ukrainada reproduktiv xizmatlar bozorini o‘rganadi.
2022 yil fevralda rus tanklari Kievga yaqinlashganda klinikalar ham omon qolishga urindi.
Ular genetik materialni Ukraina g‘arbidagi xavfsizroq hududlarga olib ketishdi, embrionlarni saqlash uchun zarur bo‘lgan suyuq azotni izlashdi. Ayrim surrogat onalar okkupatsiya qilingan hududlarda qolib ketdi, xorijlik ota-onalar esa bolalarini olish uchun Ukrainaga kirolmadi. Bolalar ozuqasi, tagliklar va dorilar tanqisligi yuzaga keldi.

Hozirda Ukrainaga kelishga jur’at qilayotgan juftliklar soni asta-sekin ortib bormoqda. Sabab - jahon bozoridagi talab.
Tadqiqotchilar taxmin qilishicha, 2034 yilga kelib surrogat onalikning jahon bozori o‘n barobar o‘sadi. Bunga tug‘maslikning ko‘payishi va reproduktiv texnologiyalarning rivojlanishi sababdir.
Bi-bi-si mart oxirida tashrif buyurgan "Biotexkom" klinikasida ish juda qizg‘in edi. Yo‘laklardagi divanlarda xorijlik juftliklar uchun bola dunyoga keltirishni ko‘zlagan o‘ttizga yaqin homilador ayol o‘tirardi. Ular kameralarni ko‘rgan zahoti tashqariga chiqib ketishdi, boshqalar esa yuzini kapyushon va tibbiy niqob bilan yashirishdi.
Xuddi shu holat yangi tug‘ilgan bolalarning biologik ota-onalari yig‘ilgan xonalarda ham kuzatildi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Ularning barchasi tasvirga olishga keskin qarshi, chunki ko‘pchilikning qarindoshlari va do‘stlari surrogat ona xizmatidan foydalanayotganini bilmaydi.
"Biotexkom" klinikasiga borish uchun Kievning chetiga chiqdik, xarita bizga turg‘un mahallalar joylashgan tuman tomon boshladi. Ko‘rsatilgan manzilda tibbiy muassasa o‘rniga ko‘p qavatli uy turibdi. Shu uydagi bir xonadonda klinika joylashgan - ota-onalar, surrogat onalar va bolalar uchun xonalar, ularga enagalar qaraydi.
Havo hushyorligi yangraganda, ular mashq qilingan harakatlar bilan, shoshilmasdan, chaqaloqlarni ko‘targichlarga solib, yerto‘laga tushishadi.

"Biotexkom" — Ukrainadagi eng yirik surrogat onalik markazlaridan biri, axborot vositalari uni bir vaqtlar "bolalar fabrikasi" deb atagan.
Klinika bir necha bor janjal markazida qolgan. COVID-19 pandemiyasi boshlanganda chegaralar yopilib, ota-onalar bolalarini olib keta olmagani uchun bir xonada o‘nlab chaqaloq yotgani haqida videolar tarqalgan.
Klinika rahbari Albert Tochilovskiyga odam savdosi va soliqdan qochish moddalari bilan jinoyat ishi ochilgan. Ammo Bosh prokuratura idorasi tushuntirishicha, "tergov xalqaro hamkorlik doirasidagi protsessual harakatlar sababli to‘xtatilgan".
Tochilovskiy esa barcha ayblovlarni rad etib, ularni "o‘ylab topilgan" deb atagan.
Urushga moslashgan "Biotexkom" turli davlatlarda hamkor klinikalar tarmog‘ini yaratdi. Mijozlar o‘z biomaterialini ularga qulay joyda topshirishi, keyin esa kurьer orqali Ukrainaga yuborishi mumkin.
"Bu bizning xazinamiz, eng qimmatli narsamiz", - deydi klinika yuristi Denis German suyuq azot tumanlari chiqib turgan katta konteyner qopqog‘ini ochib, bizga ko‘rsatarkan.
"Bu yerda 10 mingdan ortiq embrion bor. Mana bular Qozog‘istondan kelgan, bular esa Nyu-Yorkdan", - deb faxr bilan ko‘rsatadi u.
Klinika 2009 yildan beri barcha biomaterialni saqlab kelmoqda, o‘shanda birinchi marta embrionni surrogat ona bachadoniga ko‘chirish amaliyoti o‘tkazilgan edi.
"Biotexkom"da surrogat onalik orqali bola tug‘ish narxi 40 mingdan 50–65 ming yevrogachae. Germanning aytishicha, bu AQShga nisbatan ancha arzon. Bu pulga juftliklar to‘liq xizmat paketi oladi, ya’ni ota-onalar bolani olib ketgunga qadar tibbiy amaliyotlardan tortib, yashash va bolaga qarashgacha.

"Biz doimo ota-onalar bilan aloqada bo‘lamiz, embrionlarning holati, surrogat ona homilador bo‘lganini xabar qilamiz", - deydi German.
Uning ta’kidlashicha, ota-onalar ovozli xabar yuborishadi, enagalar ularni chaqaloqlarga eshittirishadi. Bu esa bolalar ona-otasining ovoziga o‘rganishi uchun kerak.
Klinika ma’lumoticha, surrogat onalar bir bolani dunyoga keltirgani uchun taxminan 19 ming dollar oladi.
Homiladorlikning tahminan yarmida klinika barcha ayollarni boshqa shaharlardan Kievga ko‘chirib keladi.
Ko‘pchilik, Anastasiya kabi, bolalari bilan keladi. Chunki surrogat ona bo‘lishni xohlagan ayolning kamida bitta o‘z farzandi bo‘lishi shart. Klinika ular uchun kichik xonadon ijaraga oladi va har hafta oziq-ovqat hamda dori-darmon yetkazib turadi.
Surrogat onalik - milliardlab mablag‘ aylanadigan global biznesning bir qismi. Saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda klinikalar mijozlar uchun raqobatlashadi, agentlar tarmog‘i esa bola tug‘ishga rozi bo‘ladigan ayollarni izlab topadi va tanlab oladi.
22 yoshli Karina surrogat onalik haqida TikTok'dagi reklama orqali bilgan.
Ish
Karina 17 yosh to‘lganida uning qadrdon shahri Baxmutga keng qamrovli urush yetib keldi. Rossiya aviahujumi qizning uyini vayron qildi, keyin esa butun shaharni xarobaga aylantirdi.
"Mening ayrim naralarim qoldi xolos. Hatto barcha suratlarim yonib ketdi", - deydi u.
Karina va uning sobiq yigiti oldinroq qochib ketishga ulgurishdi. Avval Kiev viloyatidagi Belaya Serkov shahriga ko‘chishdi. Keyin esa Karina yangi yigiti bilan Kievga ko‘chdi va ularning Ulyana ismli qizi tug‘ildi.

Uning kasbi - oshpaz-konditer. U ota-onasiga yuk bo‘lmaslik uchun erta pul ishlay boshlagan. Baxmutda shaurma sotgan, Belaya Serkovga ko‘chgach, barista bo‘lib ishga kirgan.
Karina birinchi ishidan to‘plagan pulini ko‘chish va xonadon ijarasiga sarfladi, keyin esa qiyinchiliklar boshlandi.
"Joy narxi oshdi, yigitim armiya yoshida, bu bilan bog‘liq muammolar boshlandi, u avvalgidek ishlay olmadi, shaharda erkin harakat qila olmadi", - deydi Karina.
U "non, bola ozuqasi va taglik uchun tiyin sanay boshlaganda", biror chora topish kerakligini o‘yladi.
Homiladorlik paytida kasalxonada yotganda u surrogat ona bo‘lgan bir ayol bilan tanishgandi.
"Avvaliga men keskin qarshi edim va hayratda qoldim, keyin esa bu masalaga chuqurroq qiziqdim", - deydi Karina. U buni yaxshi daromad deb o‘yladi.
Karina birinchi surrogat onalik dasturini "Biotexkom" klinikasida boshladi. U yerda unga uch marta embrion ko‘chirildi, ammo birortasi ham o‘rnashmadi. Klinika ham Karinaga yoqmadi.
"Ularda munosabat juda befarq, - deydi u, - Kabinetga kirsang, hech kim salom ham bermaydi".
Shunda u TikTok'da surrogat onalik agenti Svetlananing videosini ko‘rdi.

Svetlana Ferta agentligini boshqaradi, deyarli hamma ish uning zimmasida. U surrogat onalarni UZI va maslahat uchun kasalxonaga olib boradi, kiyim va oziq-ovqat bilan ta’minlaydi, biologik ota-onalar bilan aloqa o‘rnatadi.
"Svetlana bizga onadek, - deydi Karina. - U hamma narsaga g‘amxo‘rlik qiladi. Bir kuni Yangi yil oldidan bolam bilan archa olishga borganda hamyonimni yo‘qotib qo‘ydim. Juda qattiq xafa bo‘ldim. Svetlana esa oylik to‘lovni muddatidan oldin berdi".
Hozir Karina homiladorlikning oltinchi oyida. U dunyoga keltirishi kerak bo‘lgan qizaloqning ota-onalari haqida bilgani - faqat ular Xitoydan ekani.
Karina surrogat onalikni pul uchun tanlaganini va agar urush bo‘lmaganida, ehtimol, bunday qilmasligini ochiq aytadi.
Bola tug‘ilgandan keyin u 17 ming dollar oladi. Aslida Karina 21 ming olishi kerak edi, chunki homilasi egizak edi. Ammo 14-haftada bitta homila nobud bo‘ldi va ikkinchi bola hamda Karinaning sog‘lig‘i uchun jiddiy xavotirlar kelib chiqdi.
Karina aytishicha, qarindoshlari avval uning dasturda ishtirok etishiga keskin qarshi bo‘lishgan.
"Yigitim va uning oilasi ham. Lekin men rozi bo‘ldim va menga farqi yo‘q. Mening tanam - mening ishim", — deydi u.

"Bilaman, bu mening bolam emas, — deydi Karina. — Lekin men uni sevaman, u bilan gaplashaman, ota-onasi uni kutayotganini, ular uni yaxshi ko‘rishini, va men uning uchun xursandligimni aytaman".
Karina tug‘ilgandan keyin bolani berishda yoqimsiz holat bo‘lishi mumkinligini tan oladi, ammo surrogat onalik kimnidir baxtli qilishini ta’kidlaydi.
"Men ota-onalar bolani qo‘llariga olib, quvonchdan yig‘lashini ko‘rgim keladi", - deydi u.
Orzu
Ko‘p juftliklar uchun bu haqiqatan ham oxirgi umid.
O‘zining yangi tug‘ilgan o‘g‘lini birinchi marta ko‘rish uchun Yelena va Igor Shimoliy Makedoniyadan ikki ming kilometr yo‘l bosib kelishdi. Ular besh yildan beri shafqatsiz urush davom etayotgan mamlakatga keldilar.
"Bizga aqlsdan ozibsiz deb aytishdi. Lekin biz ota-ona bo‘lish uchun barchasiga tayyor edik. Hatto tog‘larni ag‘darib tashlashga ham», — deydi Igor. U Braziliyadan, bosh-oshpaz bo‘lib ishlaydi. Yelena esa makedoniyalik, Hilton mehmonxonasida SPA menejeri. Ikkalasi ham qirq yoshlar atrofida.
Yelena va Igor to‘qqiz yil davomida farzand ko‘rishga harakat qilishdi. Juftlik uch marta inseminatsiya (erkakning urug‘ini ayol bachadoniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritish) va to‘rt marta EKO dasturidan o‘tdi, Yelena bir nechta og‘ir operatsiyalarni ham boshdan kechirdi.
"Shifokorlar tabiiy yo‘l bilan homilador bo‘lishimiz mumkin deyishardi, lekin hech narsa sodir bo‘lmadi", - deydi juftlik. Bir kuni Yelena Instagram'da "Biotexkom" reklamasini ko‘rib qoldi.
"Men qo‘rqdim, lekin bizda boshqa tanlov yo‘q edi", - deydi u.
Juftlik birinchi marta Ukrainaga 2024 yil iyulda keldi. Kievda soatlab elektr quvvati o‘chirilardi, kechalari havo hushyorligi uzluksiz yangrardi. Bir kuni Yelena va Igor klinika yerto‘lasida 10 soat o‘tirishga majbur bo‘lishdi.
Joriy yil mart oyida ularning Aleksandr ismli o‘g‘li tug‘ildi.

"Shuncha yillik urinishlardan keyin bolangni qo‘lingga olish hissini so‘z bilan ifoda qilib bo‘lmaydi", - deydi Yelena. Igor ko‘zida yosh bilan: "Bu - hayotimizda sodir bo‘lgan eng yaxshi voqea" - deya qo‘shimchalaydi.
Homiladorlik paytida ular surrogat ona bilan muloqot qilmagan, lekin bola tug‘ilgandan keyin uchrashishgan. "Uning o‘z oilasi, ikki farzandi bor, ehtimol bu oson emas, u kuchli ayol", — deydi ular.
Surrogat ona Aleksandr uchun to‘shakcha to‘qib bergan.
Yelena va Igor butun jarayondan hech qanday noqulaylik sezmaganini aytishadi. "Bu maffin pishirishga o‘xshaydi, - deydi Igor, - barcha masalliqlarni yig‘ib, boshqa meshda pishirishga qo‘yasan".
Bola tug‘ilgandan keyin ular klinikadan surrogat ona bir muddat chaqaloqni ko‘krak suti bilan oziqlantirishi mumkinmi, deb so‘rashgan, "chunki bu birinchi haftalarda juda muhim". Ammo ularga rad javobi berilgan, chunki tug‘ruqdan keyin ayolga sut chiqishini to‘xtatadigan dorilar beriladi.
Ularning ishonchi komilki, surrogat onalikning asosida o‘zaro yordam printsipi bor. "Biz ularga yordam beramiz, ular bizga yordam berishadi", - deydi Yelena.
"Reproduktiv ekspluatatsiya"
Biroq tanqidchilar voqelik boshqacha ekanini aytishadi.
"Ayollar bolani topshirgandan keyin qanday ahvolda bo‘lishini bilmaymiz", - deydi huquq himoyachisi va feminist Mariya Dmitrieva.
Uning aytishicha, ayollarga na psixologik, na huquqiy yordam ko‘rsatiladi, surrogat onalikdan kelib chiqqan tibbiy muammolar bilan ular o‘zlari kurashishga majbur.
Dmitrieva shuningdek, ayollar tibbiy va psixologik oqibatlar haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas, deb hisoblaydi, na o‘zlari uchun, na ular tug‘adigan bolalar uchun.
"Homiladorlik paytida ona va bola o‘rtasida shakllanadigan bog‘lanish umrbod saqlanadi, - deydi u. - Surrogat onalik esa uni uzib tashlaydi va muhabbat bo‘lishi kerak joyda jarohat yaratadi".

Huquq himoyachisi surrogat klinikalarning maqsadli auditoriyasi kambag‘al ayollar ekanini yashirmaydi degan fikrda. Urush paytida moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan ayollar soni ortib bormoqda, klinikalar esa ularga pul topish yo‘lini taklif qiladi.
Surrogat onalik agentliklarining marketingi ochiq va hatto tajovuzkor bo‘lishi mumkin.
Ayrim e’lonlar kelajakdagi ota-onalarga "Qora Juma"da chegirmalar taklif qiladi. Boshqalar esa ayollarni tez pul topish va’dalar bilan jalb qiladi.
"Yana bolalar eshitmasligi uchun yashirincha yig‘layapsanmi? Men uyni ta’mir qildim, qarzlarimni to‘ladim, ertangi kundan qo‘rqmay qo‘ydim", - deyiladi bir reklamda.
Yana biri surrogat onalikni armiya xizmatiga qiyoslaydi: "Ayoldan jasorat va kuch talab qiladigan tanlov bor".
O‘tgan yil sentyabrda o‘nlab nodavlat tashkilotlar Ukrainada surrogat onalikni butunlay taqiqlashga chaqirishdi.
Ular uni "ayollarning reproduktiv ekspluatatsiyasi" deb atashadi. Sanoatdagi homiladorliklarning 95%i xorijliklar tomonidan buyurtma qilinayotgani esa "ekstraktivizm shakli", ya’ni boy G‘arb davlatlari Ukraina resurslaridan foydalanishi sifatida baholanadi.
"Ular ukrain ayollarini ekspluatatsiya qilishyapti, ukrain tibbiy tizimini ekspluatatsiya qilishyapti va xorijliklar xohlamagan har qanday bolani ukrain bolalar uyiga tashlab ketishyapti", - deydi Dmitrieva.

Surat manbasi, Соцсети
Uning fikricha, tijoriy ham, "alturistik" surrogat onalik ham taqiqlanishi kerak, "chunki bu chaqaloqlarni sotishdir".
Klinikalar esa bunga qo‘shilmaydi.
"Biz 100% ishonch bilan aytamizki, ayollar bu qarorni hech qanday bosimsiz qabul qilishadi. Ular qonuniy ishni o‘z xohishi bilan qilishadi va o‘z vaqtida adolatli haq olishadi", - deydi "Biotexkom" yuristi Denis German.
U ta’kidlaydiki: klinika "bolalarni sotmaydi va odam savdosi bilan shug‘ullanmaydi". Reklama, jumladan "Qora Juma" aktsiyalari esa, uning aytishicha, diqqatni jalb qiladi va odamlarga surrogat onalik haqida ko‘proq ma’lumot olishga yordam beradi.
Ota-onalarni kutish
Ammo tijoriy yondashuvning ham salbiy oqibatlari ham bor.
Bi-bi-si aniqlashicha, ko‘p hollarda bo‘lajak ota-onalar chaqaloqlarni o‘z vaqtida olib ketishga ulgurishmaydi.
Klinikalar maxsus bolalar xonalarini tashkil qiladi, u yerda hamshiralar va enagalar jamoasi kunu-tun yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga qaraydi. Bularning barchasi havo hushyorligi va ruslar tomonidan qilingan hujumlar fondida kechadi.
Klinikada tushuntirishlaricha, hozir Ukrainaga kirish qiyin, tug‘ruq kutilganidan oldin boshlanishi mumkin, ota-onalarda hujjatlar yoki transport bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi. Ammo bunday holatlar urushdan oldin ham bo‘lgan, masalan, COVID-19 pandemiyasi paytida.
"Biotexkom"da chaqaloqlar ota-onalarini qancha vaqt kutishi haqida aytilmaydi.
Biroq boshqa surrogat onalik agentligida bizga aytishlaricha, ba’zan kutishlar haftalarga cho‘zilib ketadi.

Svetlana, o‘tmishda o‘zi ham surrogat ona bo‘lgan, hozir esa o‘z agentligi Ferta'ni boshqaradi, aytishicha, bunday holatlar 80%da sodir bo‘ladi.
"Bu yaxshi emas, lekin afsuski, sodir bo‘ladi", - deydi u.
Hozir u bir bolaga qaraydi, chaqaloq surrogat onadan bir oydan ko‘proq vaqt oldin tug‘ilgan, lekin haligacha olib ketilmagan.
Bir paytlar Svetlana egizaklarga - xitoylik o‘g‘il va qizga ham 11 oy davomida qaragan.
"Men ularni berganimda yig‘ladim, - deydi u ko‘z yoshini arang tiyib. - Bu og‘riqli. Men ularni o‘z farzandimdek qabul qilgan edim. Ular qanday o‘sishini, gapirishni boshlashini, tish chiqarishini ko‘rdim. Haligacha menga og‘riqli".
Fojia
Ammo hamma bolalarni ham olib ketishmaydi.
Vey 2021 yilda surrogat onadan tug‘ilgan. Tug‘ruq muddatidan oldin boshlangan va bolada miyada jiddiy shikastlanish yuz bergan.
Veyda eng og‘ir darajadagi nogironlik bor: u mustaqil o‘tira olmaydi, boshini tuta olmaydi va to‘g‘ri ko‘ra olmaydi.
Uning xorijlik ota-onalari bolaning og‘ir tashxislarini bilgach, uni olib ketishga kelmadi. Bolani dunyoga keltirgan surrogat ona ham uning taqdiri bilan qiziqmadi.
"Hech kim Vey bilan qiziqmadi, hech kim u haqida so‘ramadi», - deydi hozir Vey yashab turgan bolalar uyi rahbari Oksana Sidorchuk.

Bola sutka davomida tibbiy ko‘makka muhtoj, u umrining oxirigacha ichishi kerak bo‘lgan dorilarni qabul qiladi. Bunday bolalarga g‘amxo‘rlik qilish davlat muassasalari zimmasiga tushadi.
Ikki yarim yil oldin Veyni bolalar internatidan Oksana Sidorchuk ochgan nogiron bolalar uchun xususiy "Happy Home" uyiga ko‘chirishdi.
"Vey boshqa bolalar kabi bola, - deydi u. - U quchoqlashishni, mazali ovqatni va odamlar orasida bo‘lishni yaxshi ko‘radi, uning ham bolaligi bor".
Vey ehtimol hech qachon mustaqil yura olmaydi va o‘tira olmaydi, lekin "biz unga harakat quvonchini his qildirishimiz mumkin", deydi Sidorchuk. Har kuni bola bilan fizioterapevt, logoped, neyropsixolog shug‘ullanadi, shuningdek suzishga boradi.
Veyning farzandlikka olinish imkoniyati juda kichik. Uning shaxsiy ishini 15 oila ko‘rib chiqqan, lekin og‘ir tashxislar sababli ular bunday bolani olishga tayyor emas, deydi vasiylik xizmati.
Sidorchukning fikricha, surrogat onalikni qonun bilan tartibga solish mumkin emas, uni taqiqlash kerak.
"Men uchun bu tabiiy emas va og‘riqli ko‘rinadi, ayol faqat pul topish uchun kimgadir bola tug‘ib bersa. Lekin bola aybdor emas, kattalar shunday kelishib olgani uchun", — deydi u.

Uning fikricha, bunday bola tug‘ilishi uchun javobgarlik, moliyaviy javobgarlik ham, jarayondagi barcha ishtirokchilar: klinika, surrogat ona va biologik ota-onalar zimmasiga tushishi kerak.
Biz bu haqda "Biotexkom" klinikasi rahbari Albert Tochilovskiydan so‘radik, u Veyning surrogat onasi va biologik ota-onalari bilan shartnoma tuzgan edi.
Tochilovskiy bu voqeani darhol eslay olmadi. Veydan ota-onalar voz kechganidan keyingi ilk intervyularidan birida u bolani "tirikdan ko‘ra o‘likka yaqin" deb aytgan edi.
"Agar ota-onalar boladan voz kechsa, qonunga ko‘ra men uning hayotida ishtirok etishga haqli emasman. Davlat bu bola bilan nima qilishni hal qiladi", - deydi Tochilovskiy.
Biroq u o‘zining qisman javobgarligini ham tan oladi.
"Agar ayol homiladorlikni oxiriga yetkaza olmasa, demak, biz biror joyda tibbiy xatoga yo‘l qo‘yganmiz. Agar muddatidan oldin tug‘ruq sodir bo‘lsa yoki biz nimanidir ko‘rmay qolgan bo‘lsak, keyin ota-onalar boladan voz kechsa,qisman, menimcha, bu ham bizning aybimiz".
"Biz uchun har bir bunday holat, puldan ko‘ra ko‘proq obro‘ yo‘qotishdir", - deydi Tochilovskiy va "Men uchun bu ham fojia" – deya qo‘shimchalaydi.
Surrogat onalikni taqiqlash
Bolalarni himoya qilish davlat xizmatida aytishlaricha, biologik ota-onalar surrogat onadan tug‘ilgan bolani olib ketmasligi holatlari kam uchraydi. Lekin hukumat surrogat onalik bilan bog‘liq boshqa masalalardan ham xavotirda.
"Biz bu bolalar qayerga ketishini bilmaymiz, - deydi Ukraina Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy xizmatlar departamenti rahbari Valeriya Soruchan. - Ular mamlakatdan chiqarilishi bilan nima bo‘lishini bilmaymiz. Surrogat onalik - bolalar savdosining bir usuli".
Ukrainada surrogat onalikni tartibga soluvchi alohida qonun yo‘q. Bu amaliyot ko‘p yillar davomida Sog‘liqni saqlash vazirligi buyruqlari, Oila kodeksining ayrim moddalari va ishtirokchilar o‘rtasidagi yuridik shartnomalar bilan belgilanib kelgan.
Hukumat bu sohani tartibga solishga harakat qilmoqda, yordamchi reproduktiv texnologiyalar haqidagi qonun loyihasi uchinchi marta Oliy Radaga kiritildi. Ammo uning oxirgi varianti, 2025 yil avgustda ro‘yxatga olingani ham shifokorlar, bemorlar va ayrim deputatlar orasida ko‘p bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
13683-sonli qonun loyihasi reproduktiv xizmatlarni jiddiy cheklashni, xususan, xorijlik juftliklar uchun surrogat onalikni to‘liq taqiqlashni taklif qilmoqda. Hujjatga ko‘ra, er-xotindan kamida biri Ukraina fuqarosi bo‘lishi shart.
Keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin bu masala yanada dolzarblashdi.
"Biz shunday vaziyatdamizki, yaqin kelajakda bolalar bog‘chalari va maktablarga boradigan bolalarning o‘zi qolmasligi mumkin", — deydi Ukraina parlamenti deputati va Oliy Radaning Millat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Oksana Dmitrieva.
U xorijliklar uchun surrogat onalikni to‘liq taqiqlash tarafdori emas, ammo bu xizmat birinchi navbatda Ukraina fuqarolari uchun mavjud bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.
"Biz millatimiz sonini ko‘paytirishimiz kerak", — deydi u.
Dmitrieva ham, Valeriya Soruchan ham xorijliklar uchun surrogat onalikni taqiqlash demografik vaziyatni yaxshilashga xizmat qilishiga ishonadi.
Bu taqiq demografiyaga qanday ta’sir qilishi haqidagi aniqlashtiruvchi savolga javoban Valeriya Soruchan buni etnik bog‘liqlik bilan izohlaydi.
"Agar surrogat onalikdan foydalanayotgan juftlikdan biri Ukraina fuqarosi bo‘lsa va o‘zini etnik jihatdan ukrain deb bilsa, biz shu etnik mansublikni saqlab qolamiz va millatni asraymiz", — deydi u.
Shu bilan birga, Oksford universiteti tadqiqotchisi Polina Vlasenko bu taqiq tug‘ilish ko‘rsatkichlariga qandaydir ta’sir qilishiga shubha bilan qaraydi.
"Surrogat onalarning aksariyatining allaqachon farzandlari bor va ular, ehtimol, yana tug‘ishni rejalashtirmagan, — deydi Vlasenko. — Ular uchun bu o‘z farzandlarini ta’minlashning bir yo‘li".
"Ayollarga munosib ish o‘rinlari va munosib maosh taklif etilsa, haqiqatan ham tug‘ilish ko‘rsatkichlarini oshirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan narsa ana shu bo‘lar edi", — deya qo‘shimcha qiladi u.

Ukraina surrogat onadan tug‘ilgan bolalarning keyingi taqdiri haqida hech narsa bilmaydi, degan bahs Vlasenko fikricha, tanqidga dosh bermaydi. Bu bolalar genetik va yuridik jihatdan o‘z ota-onalariga tegishli, deydi u.
Yevropaning ko‘p davlatlari tijoriy surrogat onalikni taqiqlagan. Ayrim mamlakatlarda, masalan Italiyada, bu uchun hatto jinoiy javobgarlik belgilangan, 2024 yildan esa xorijda surrogat ona xizmatidan foydalanganlar ham jazolanadi.
Yevropa Ittifoqiga integratsiya yo‘lida Ukraina ham bu sohani tartibga solishga intilmoqda. "Bu qonun loyihasi - Yevropaga bergan va’damiz", - deydi Soruchan.
Biroq taqiqni tanqid qilayotganlar, jumladan klinikalar va surrogat onalik agentliklari, uning amalda tijoriy surrogat onalikni "o‘ldirishini" va bunday xizmatlar uchun qora bozor paydo bo‘lishini aytishadi.
Biz surrogat onalikni taqiqlash ehtimoli haqida aytganimizda, Anastasiya juda hissiyot bilan munosabat bildirdi.
"Men bu qonun loyihasiga keskin qarshiman! Hammasi ixtiyoriy, hech kim seni majbur qilmaydi", - deydi u.
"Bu mening rejalarimni vayron qiladi, - deydi Karina. - Men ishga chiqish uchun bolani qayerga berish haqida o‘ylashimga to‘g‘ri keladi va men to‘qqiz oyda shuncha pul ishlay olishimga ishonmayman".

Hozir qonun loyihasi Verxovniy Rada qo‘mitalarda ko‘rib chiqilmoqda, parlament sessiyasida eshituvlar hali bo‘lgani yo‘q.
Agar qonun qabul qilinsa, prezident imzolaganidan keyin 12 oydan so‘ng kuchga kirishi kerak, shunda barcha taraflar o‘z majburiyatlarini bajarishga ulguradi, deydi Valeriya Soruchan.
***
Anastasiya farzandlari uchun uy olishni orzu qiladi. Lekin surrogat onalik dasturidan olgan pulni qarzlarni to‘lashga, davolanishga va bolalarini o‘qitishga sarflashni rejalashtirgan.
Karina ham uy sotib olishni xohlaydi, lekin bir dastur puli yetarli emas. U sog‘lig‘i imkoniyat bersa, orzularini amalga oshirish uchun qancha kerak bo‘lsa, shuncha tug‘ishga tayyor.
Baxtli yosh ota-onalar Yelena va Igor Skopega, uylariga qaytishdi. Ularga Aleksandrni tug‘ib bergan surrogat onaning holi keyin nima bo‘lishini bilmaydilar, lekin "klinika hammasiga g‘amxo‘rlik qiladi", deb ishonishadi.
Ayni damda jajji Vey o‘z oilasini kutmoqda.
Agar Veyning biologik ota-onalari bu hikoyani ko‘rganida, bolalar uyi rahbari Oksana Sidorchuk ularga shunday degan bo‘lardi: "Vey juda o‘ziga xos bola, u ota-onalarga juda muhtoj va ular uchun o‘ziga xos baxt bo‘lishi mumkin".
"Har qanday bola - xato emas, har qanday bola yashashga va baxtli bolalikka haqli" - deydi u.
Material Bi-bi-si Jahon xizmati sog‘liq masalalari bo‘yicha muxbiri Sofiya Bettiza, Bi-bi-si jurnalisti Fey Ners va BBC News Ukraina jurnalisti Viktoriya Kalimbet bilan hamkorlikda tayyorlangan.

- Material BBC Jahon xizmati Global Women loyihasi doirasida yaratilgan, u dunyo bo‘ylab ayollar haqida keng tarqalmagan va muhim hikoyalarni yoritadi.






























