Xavfli sulola: Asadlar oilasi Suriyada qanday yuksaldi va quladi?

Surat manbasi, GettyImages/AFP/Anadolu (kollaj)
Asadlar oilasi uzoq yillar Suriyani qo‘rquv va shavfqatsizlik bilan boshqargan. Ammo mamlakatda boshlangan isyon va ichki nizolar oqibatida bu sulola qudratdan quladi.
Sunniy musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etadigan Suriya boshqaruvi qanday qilib ozchilik Shia Alaviylar vakili bo‘lgan Asad oilasi nazoratiga o‘tgandi?
Oilaning qudratdan qulatilishi nimaga bog‘liq edi - ularning shafqatsiz boshqaruvi usullarigami, mamlakatdagi ichki muammolar va guruhlargami, hukmron oilaning mazhabigami yoki Suriya tashqarasidagi yirik kuchlarga?
Uch qismdan iborat "Xavfli sulola" maxsus hujjatli filmi Asadlar oilasining yuksalishi, mamlakatni boshqarishi va qudratdan qulatilishiga e’tibor qaratadi.
Ogohlantirish: Maqoladagi ayrim hikoyalar ko‘ngilni xira qilishi mumkin.
Oilaviy biznes
Otasi Hafiz al-Asad o‘rnida prezident bo‘lishidan oldin Bashar Londonda ko‘z shifokori bo‘lib ishlagan.
Basharni o‘sha paytda bilgan odamlar uni kamsuqum va sirli deb ta’riflashadi.
Ammo qanday qilib bu ko‘z shifokori o‘z xalqiga qarshi qurol qo‘llagan, hamyurtlarini zaharlagan va Suriyadagi butun boshli shahar-qishloqlarni vayronaga aylantirgan shafqatsiz hukmdorga aylandi?
"Xavfli sulola" hujjatli filmining birinchi qismida xuddi shu savollarga javob topishga intilamiz.
Video quyidagi linkda:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
Asadlar oilasi Suriyani 53 yildan ko‘proq boshqargan. Oldin otasi Hafiz, uning vafotidan so‘ngi o‘g‘li Bashar prezident bo‘ldi.
Biroq mamlakat boshqaruvida ularning ko‘plab qarindosh-urug‘lari ham ishtirok etishgan.
Muhim mansablar va amallarni egallagan qarindoshlar ro‘yxati esa uzun.
Unda aka-ukalar, amaki-tog‘alar, oila bekasi Anisa va kelini Asmo ham bor.
Suriyada rasman prezidentlik boshqaruvi bo‘lgan, ammo amalda mamlakat Asadlar oilasining qattiqqo‘l nazorati ostida edi.
Buning ustiga Hafiz al-Asad prezidentlikni ham meros tarzida o‘g‘illaridan biriga berishni rejalagan.
Xususan, hukmron oilaning to‘ng‘ich o‘g‘li Basil "valiahd prezident" sifatida tanlangandi.
Biroq Basil 1994 yili avtohalokatda nobud bo‘ladi.
Shu asno "valiahdlik" Londonda bemorlarni davolab yurgan o‘rtancha o‘g‘il Basharning chekiga tushadi.
Shafqatsiz oila
Oilaboshi Hafiz al-Asad sulola asoschisi sanaladi.
Hafizning qanday odam bo‘lgani haqida gap ketganda, Suriyada uning istagi bilan tashkil etilgan harbiy parad va tomoshalar eslanadi.
Masalan, askarlar prezidentning ko‘z o‘ngida kuchukchalarni o‘ldirishga majbur bo‘lishgan.
Ayol harbiylar esa tirik ilonlarning boshini tishlab, uzishlari kerak edi.
"U hech kimga ishonmasdi" - Hafiz al-Asadni ta’riflaydi 1993-2000-yillari AQShning mintaqadagi tinchlik elchisi bo‘lgan Dennis Ross.
"Bu odam doimiy shubha va paranoyya olamida yashagan. Men nimani taklif qilmay, u hammasidan qandaydir yashirin ma’no yo tuzoq izlardi".
Hafiz al-Asad ko‘p bolali qashshoq oiladan chiqqan.
U ukasi Rifat bilan birga ham harbiylik, ham shafqatsiz boshqaruv sir-asrorini o‘rgangan.
Ular 1970 yilda to‘ntarish uyushtirib, fuqaroviy rahbarni hibsga olishadi.
Shu asno Suriya nazorati Asadlar oilasi qo‘liga o‘tadi.
Bu odam (Hafiz al-Asad) doimiy shubha va paranoyya olamida yashagan. Men nimani taklif qilmay, u hammasidan qandaydir yashirin ma’no yo tuzoq izlardi.
"Asadlar boshqaruvi sotsialistik harbiy diktaturaga asoslangan bo‘lsa-da, o‘zing ham yasha, boshqalarning ham yashashiga yo‘l ber, degan yondashuvni o‘z ichiga olgandi" - deydi Buyuk Britaniya maxfiy razvedkasi sobiq rahbari Jon Soyers.
"G‘arb elchilari mamlakat bo‘ylab erkin harakat qilishlari mumkin edi, lekin Suriya qattiq nazorat etilardi".
Hafiz al-Asad Suriyadagi isyon yo noroziliklarni kuch bilan bostirgan.
Masalan, 1983 yili Hamada "Islomiy Birodarlar" guruhi g‘alayon ko‘taradi.
Hafiz va Rifat shaharga hujum qilishga buyruq berishadi va natijada 20 ming kishi halok bo‘ladi.
Xullas, bu sulola kuch va qo‘rqitishga tayanardi.
Mislsiz kuch-qudrat ta’mini tatigan oila hokimiyatda qolishni maqsad qiladi.
Buning yo‘li esa demokratik saylov yo erkin tanlov emas, balki siyosiy merosxo‘rlik edi.
"Valiahd prezident"

Surat manbasi, DIMITAR DILKOFF/AFP via Getty Images
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Valiahd sifatida tanlangan to‘ng‘ich o‘g‘il avtohalokatda halok bo‘lishi ortidan, Londonda shifokorlik qiladigan o‘rtancha o‘g‘il Bashar valiahd sifatida tanlanadi.
Damashqqa qaytgan kamtarin ko‘z shifokoriga qanday qilib diktator bo‘lish o‘gitlari beriladi, u harbiy ishlar bilan tanishtiriladi.
Otasi Hafiz boshqaruviga mos tarzda xalqaro diplomatiya o‘rgatiladi.
Hafiz al-Asadning boshqaruv yillari davomida AQShda oltita prezident almashgan. U Oq Uy mezbonlariga yaqin ittifoqchi bo‘lish umidini berib kelgan.
Ammo 2000 yili Suriyani uzoq yillar boshqargan prezident Hafiz al-Asad olamdan o‘tadi.
Suriyada minglab odamlar ko‘chalarga chiqishadi, yig‘lashadi va aza tutishadi. Hatto Suriya parlamenti deputatlari ham yig‘lashgan.
Uning uzoq yillik boshqaruvi ostida boshqa davlat rahbarini ko‘rmay o‘sgan butun boshli avlod shakllangandi.
Otasini so‘nggi manzilga kuzatgan Bashar prezidentlikni oladi.
Suriya qonunlariga binoan 34 yashar Basharning prezident bo‘lish uchun yoshi yetmasdi. Xullas, tezda mamlakat konstitutsiyasi o‘zgartiriladi.
Shunga qaramay, Suriya ichkarisida ham, tashqarida ham ko‘pchilik yangicha, erkinroq davrlar va o‘zgarishlar boshlanishiga umid qilishardi.
Bir qarashda bu amalga oshayotgandek edi.
Yangi va yosh prezident Bashar al-Asad G‘arbda yashagan, kasbi odamlarni davolaydigan shifokor. Uning rafiqasi Asmo ham Londonda ulg‘aygan.
Darvoqe, Asmo "birinchi xonim" bo‘lish oldidan yashirin tarzda Suriya bo‘ylab kezadi.
"Prezident saroyiga o‘tishdan oldin Suriya xalqi bilan suhbatlashishni rejalashtirdim" - deydi Asmo al-Asad.
"Odamlar mening kimligimni bilishmagan va shu tariqa ochiqlik paydo bo‘lgan".
Bashar va Asmo hokimiyatga kelgach, Suriyani o‘zgartirishni va uni jahondagi zamonaviy davlatlar qatoriga olib chiqishni va’da qilishadi.
Inglizcha gapiradigan, nafaqat g‘arbona, balki o‘ta qimmatbaho kiyinadigan er-xotin opera teatrlarini ochishar, dunyoviy davlat unsurlarini targ‘ib etardilar.
Ammo Suriyani oldinda qora kunlar kutayotgan edi.
Hokimiyatni qo‘lga olgan Bashar tinch va raqsu musiqa yangrayotgan mamlakati 14 yildan keyin vayronaga aylanishini tasavvur etmagandi.
Bashar Suriyasi va G‘arb
Bashar otasining o‘rnida Suriyada hokimiyatga kelganidan bir yil o‘tgach, butun dunyoda, xususan, Yaqin Sharqda keskin o‘zgarishlarga turtki beradigan voqealar ro‘y berdi.
2001 yil 11 sentyabr hujumlaridan keyin AQSh boshchiligidagi ittifoq terrorga qarshi urush e’lon qiladi.
Bashar bir tarafdan G‘arbga ittifoqchilik qiladi, boshqa tomondan ichkarida urushlarga qarshiligini aytib keladi.
Lekin nega uning niyatlari amalga oshmadi va ne bois G‘arb bilan o‘rtasida ziddiyat yuzaga keldi?
Bu boradagi video quyidagi linkda:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
2004 yilga kelib, Yaqin Sharq mintaqasi urushlar va isyonlar girdobida qolgandi.
Suriyaning yon qo‘shnisi Iroqda AQSh kuchi bilan Saddam tuzumi qulatiladi va hokimiyat o‘zgaradi.
Bashar keyingi navbat Suriya bo‘lishi mumkin, deya qo‘rqadi.
Prezident Bashar AQSh bosqinini sekinlashtirish maqsadida diniy ekstremizmda ayblanganlarni Suriya qamoqlaridan ozod qilib, Iroqqa yuboradi.
Bundan xabar topgan AQSh Suriyani yovuzlik o‘chog‘i davlatlari qatoriga kiritadi.
Bashar uchun ilk sinov

Surat manbasi, YouTube/AFP via Getty Images
Qadim madaniyat beshiklaridan bo‘lgan Suriyani ulkan vayronagarchilik va uzoq urushlar kutayotgandi.
Asad hukumati o‘z muxoliflarini qamash yo o‘ldirishda ayblanardi.
Bashar va Asmo esa ayblovlarni rad etar, aksincha, suriyaliklarga ko‘proq erkinliklar berishlarini aytishardi.
Ammo butun mintaqada Arab bahori epkinlari esayotgan edi.
Tunisda meva sotuvchi isyon sifatida o‘zini o‘ldirishi ortidan boshlangan isyonlar ko‘plab Arab davlatlarini qamrab olayotgandi.
O‘sha yillari Bashar bilan birga ishlagan va uchrashgan odamlar Suriya rahbariyati xavf-xatarni tan olishni istamaganini aytishadi.
"Xavf yaqinlashib kelayotganini Bashar al-Asad darhol sezdi, ammo u buni tan olishni istamasdi" - eslaydi sobiq Madaniyat vaziri Riad Nassan Og‘a - "Aksincha, u Suriya Tunis emas, dedi".
"Inqilob Liviyaga yetib borgach, Suriya Liviya emas, deb aytdi".
Ammo 2011 yili Daraa shahrida maktab o‘quvchilari devorga "Keyingi navbat sizga, doktor" deb yozib ketishadi.
Basharning qarindoshi Atif esa bolalarni hibsga oladi, ularni qiynoqqa tutadi.
Bundan g‘azablangan odamlar ko‘chalarga chiqishadi va adolat talab qilishadi.
Atif esa ularga qarata "xotinlaringizni menga olib keling, men ularga bolalar sovg‘a qilaman" deb masxaromo‘z gapiradi.
Daraa shahrida yanada ko‘proq odamlar ko‘chalarga chiqishadi.
Ular boshida Prezident Asadga murojaat qilishadi va "bu inqilobga yetakchilik qiling, korruptsiyaga qarshi o‘zingiz kurashing" deyishadi.
Biroq Bashar odamlarni o‘qqa tutadi.
U prezident sifatida insonlarga quloq tutmaydi, o‘z xalqi sinovidan o‘ta olmaydi.
Quyidagi linkda batafsil ko‘ring:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 3
Suriyada Bashardan norozilik ortardi. Ammo hukumat tepasidagilar Basharni olqishlab, chapak chalishardi.
Ayrimlar hamon Basharga umid bog‘lashgan, u balki iste’fo berar, deb kutishardi.
Ammo Bashar chekinmaydigan ko‘rinardi. U dunyoviy prezident bo‘lsa-da, isyonchilarga qarshi muqaddas kitobga ham murojaat qiladi.
"Qur’oni Karimga ko‘ra, isyon qotillikdan ham yomonroqdir" - deydi Bashar al-Asad parlamentdagi nutqlaridan birida.
"Chunki isyon ishtirokchilari bilib-bilmay bo‘lsa ham o‘z vatanlarini vayron qilishga hissa qo‘shadilar".
Asad ortga qaytmasligini, murosa qilmasligini aytadi. U isyonni fitna deb ataydi.
"Biz o‘z manfaat va tamoyillarimizni himoya qilishdan bosh tortmaymiz. Bu uchun jang qilish kerak bo‘lsa, jang bo‘ladi" - deydi u.
Qudratdan qulash

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Xullas, Bashar islohotlar yo‘lidan ketmaydi. U urushni tanlaydi. Qasos yo‘lini tanlaydi.
Ammo Suriyada norozilik yanada kuchayadi, isyon to‘xtamaydi.
Odamlar ozodlik istashlarini aytishadi.
Isyonkorlarga qarshi kurash niqobi ostida Asad odamlar ustiga bir necha bor zarin gazi septiradi.
AQSh esa Yaqin Sharqdagi yana bir urushga aralashmasdi.
Bu borada IShID yo Islomiy Davlat guruhi o‘rtaga chiqadi va Asad Suriyasini nishonga oladi.
Asad ittifoqchisiz qolgandek edi. Ammo Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uning xaloskori sifatida o‘rtaga chiqadi.
Aksar isyonkorlarni tashkil etgan, deb ishonilgan Sunniy musulmonlar yashaydigan shaharlar Rossiya yordamida bombardimon qilinadi.
Moskvaning aralashuvi ortidan bir muddat urushda ustunlik posangisi Asad tarafga og‘adi.
Ammo bu Asadni va uning sulolasini inqiroz hamda tanazzuldan qutqarmaydi.
Suriyaga vahshat solgan Asadlar sulolasi qulatiladi. 2024 yil dekabrida esa Bashar al-Asad qudratdan ketkaziladi.
U oilasi bilan birgalikda Rossiyadan boshpana topadi.
Biroq 2011 yildan beri Suriyada yarim milliondan ortiq odam halok bo‘ldi. BMT Suriyani yer yuzidagi do‘zaxga ham qiyoslagan.
Yarim asrdan ko‘p Suriyani boshqargan Asadlar sulolasi qo‘rqitish, kuch va shafqatsizlikka tayangan.
Sulola 2024 yil dekabrida xunrezlik, parokandalik va vayronagarchilik manzarasida xotima topdi.
Oila bugun qudratda bo‘lmasa-da, ammo ularning uzoq yillik boshqaruvi hali ancha vaqt Suriyaga ham bevosita, ham bilvosita ta’sir etish ehtimoli katta.





























