Yangilanmoqda: Eron va AQSh o‘rtasida 2 haftalik shartli otashkesim. Isroilning Livanga qarshi hujumlari davom etmoqda

Surat manbasi, Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi kemalar qatnovi uchun ochilishi sharti bilan 2 haftalik otashkesim e’lon qildi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining aytishicha, "agarda Eronga qarshi hujumlar to‘xtatilsa" Eron otashkesimga rozi bo‘ladi.
Isroil otashkesimni qo‘llashi, ammo bunga Livan doxil emasligini bildirgan.
Otashkesim haqidagi e’lon prezident Tramp tomonidan dushanba kuni tunga qadar berilgan muhlat tugashidan avval qilingan. Aks holda AQSh prezidenti "butun boshli tamaddun yo‘q qilinishi" bilan po‘pisa qilgandi.
Ikki tomon o‘rtasida vositachilik qilayotgan Pokiston tomonlarni juma kuni Islomobodga muzokaralar uchun da’vat qilgan.
Eronning otashkesim shartlari

Surat manbasi, IRINN
Eron davlat matbuoti Eron otashkesimga rozi bo‘lishi uchun quyidagi shartlarni ilgari surganini ma’lum qilgan:
1. Iroq, Livan va Yamanga ham hujumlarni to‘xtatish
2. Eronga qarshi urushni to‘liq va mutlaqo muddatlarsiz to‘xtatish
3. Butun mintaqa bo‘ylab har qanday mojaroga chek qo‘yish
4. Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish
5. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi erkinligi va xavfsizligini ta’minlovchi protokollarni ishlab chiqish
6. Erondagi vayronagarchiliklarni qayta qurish uchun to‘liq tovon to‘lash
7. Eronga qarshi jazo choralarini bekor qilishga sodiqlik
8. AQSh tomonidan muzlatilgan mablag‘larni ozod qilish
9. Eron har qanday yadro quroliga ega bo‘lish harakatlarini amalga oshirmaydi
10. Bu shartlarga kelishilgan holatda otashkesim hamma jabhalarda kuchga kiradi.
Tramp uchun urushdan chiqishning qimmatga tushadigan yo‘li
Vashingtogn vaqti bilan soat 18:32 da AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Eron bilan muzokaralarga yo‘l ochish uchun 2 haftalik otashkesim haqida kelishuvga erishilganligini ma’lum qildi.
Soat 20.00 ga qadar kelishuvga erishilmasa Eron energiya va transport infratuzilmalari yer bilan yakson qilinishi haqida aytilgan muhlat yaqinlashib kelmoqda edi.
Bu kelishuv janob Trampga yo urushni kuchaytirish yo o‘z obro‘siga putur yetkazib, aytgan so‘zidan ortga chekinish kabi o‘ta mushkul tanlovdan bir qadar tin olishga imkon yaratadi.
Lekin bu tin olish muvaqqat bo‘lishi mumkinligi ehtimoli ham bor.
Endilikda Eron va AQSh doimiy kelishuvga erishish yo‘lida 2 haftalik muzokaralarni o‘tkazishlari nazarda tutilgan.
Muzokaralar qiyin o‘tishi bashorat qilinmoqda.
Ammo otashkesim haqidagi kelishuvdan so‘ng jahon bozorlarida neft narxi 100 dollardan kamroqqa tushdi va bu xushbinlik belgisi sifatida ko‘rilmoqda.
Amerika obro‘siga yetkazilgan zarar

Surat manbasi, Getty Images
Janob Trampning "butun boshli sivilizatsiya yer yuzidan yo‘q qilinadi" degan po‘pisasi otashkesimga ne qadar turtki berganini aytish qiyin, ammo AQSh prezidentining undan 2 kun avval hammani hayrat va dahshatga solgan so‘kinish so‘zlari bilan qilgan izhorotlari AQSh rahbariyati tarixida misli ko‘rilmagandir.
Hozirda erishilgan 2 haftalik muvaqqat otashkesim doimiy tinchlikka olib kelmasa ham Eron urushi butun jahonning AQShga nuqtai nazarini o‘zgartirib yubordi.
Bir vaqtlar jahon bo‘ylab barqarorlik poydevori sifatida ko‘rilgan AQSh hozirda xalqaro tartib asoslarini xatar ostiga qo‘ymoqda.
Dastlab ichki siyosatdagi an’ana va qabul qilingan normalarni buzgan prezident hozirda xalqaro sahnada ham shunday yo‘l tutmoqda.
Demokratlar partiyasi prezident Trampni qattiq tanqid qilib, "mamlakatni boshqarish uchun layoqatli emas" degan da’voni ham qilishdi.
Isroil Livan janubiga hujumlarni davom ettirmoqda

Surat manbasi, Getty Images
AQSh Eronni bombardimon qilishni to‘xtatgani va Pokistonning harbiy amaliyotlar to‘xtatilishi kerakligi haqidagi bayonotlariga qaramay, Isroil Livan janubiga hujum qilishda davom etmoqda.
Havo hujumlari, jumladan, janubiy Tir va Nabatiya shaharlarini ham nishonga oldi. Bu AQSh-Eron sulhi e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tgach sodir bo‘ldi.
Isroil "Hizbulloh" mavqelarini o‘qqa tutmoqda va Livan janubidagi aholini mahalni tashlab chiqishga da’vat qilgan. Bu holat sulh kelishuvi Livandagi "Hizbulloh"ga qarshi Isroil harbiy harakatlariga ham tegishli yoki yo‘qligi borasida noaniqlik mavjud bo‘lgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.
Isroil AQSh prezidenti Donald Trampning Eronga qarshi hujumlarni ikki haftaga to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorini qo‘llab-quvvatladi. Biroq, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Isroil Livanga hujum qilishni davom ettirishini ta’kidlamoqda, chunki u Eron bilan urushdagi sulh Livanga taalluqli emas deb hisoblaydi.
Bu Eron bilan otashkesimga erishish harakatlarida vositachilik qilgan Pokistonning Livandagi amaliyotlar ham to‘xtatilishi haqidagi bayonotiga zid keladi. Mojaroda vositachilik qilgan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Eron va AQSh o‘rtasidagi ikki haftalik sulh "hamma joyda, jumladan, Livanda" ham amal qilishini aytgandi.
"Hizbulloh" o‘z navbatida otashkesimga erishilganidan beri Shimoliy Isroilni o‘qqa tutishni to‘xtatgan ko‘rinadi. 2-mart kuni Isroilga hujum qilib, Livanni Yaqin Sharq urushiga tortgan guruhning 8-aprel kuni soat 1:00 dan beri hech qanday hujumlari haqida xabarlar yo‘q.
"Hizbulloh" hozircha Isroilning yangi hujumlari haqida izoh bermadi. AQSh-Isroilning Eronga qarshi urushida otashkesim e’lon qilinganidan so‘ng, Livan rasmiylari "Livanni mintaqaviy tinchlikka integratsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni" davom ettirishlarini ma’lum qilishdi.
Biroq, sulh e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Isroil "Hizbulloh"ga qarshi harbiy amaliyotlarni to‘xtatish niyatida emasligi ma’lum bo‘ldi. Chorshanba kuni Isroil harbiylari Bayrutning janubiy chekkalari aholisini evakuatsiya qilishga chaqirdi.

Surat manbasi, Getty Images
Fors ko‘rfazi davlatlari uzra hujumlar
Eron bilan AQSh 2 haftalik otashkesim e’lon qilganlaridan so‘ng ham mintaqadagi ba’zi davlatlar Eron tomonidan hujumlar hanuz yuz berganini xabar qilishgan.
Bu hujumlar Eron rahbariyati farmoni asosida amalga oshirilayotganidan dalolat bermaydi. Chunki Eronda mintaqaviy qo‘mondonlarga hujumlarni amalga oshirish qarorini olish salohiyati berilgandi va otashkesim haqidagi kelishuv joylarga yetib borguniga qadar vaqt olishi mumkin.
Quvayt ertalab soat 8 dan boshlab Eron tomonidan muttasil hujumlar bo‘lganini ma’lum qilgan.
Rasmiylar 28 ta dron urib tushirilgani, ammo mamlakat neft, energiya va suvni sho‘rsizlantirish tizimiga katta moddiy zarar yetkazilganligini bildirishgan.
Birlashgan Arab Amirliklari Mudofaa vazirligi raketa va dronlarni urib tushirayotganini xabar bergan. Vazirlik xabarida hujumlar Eron tomonidan kelayotgani aytilgan. Aholiga ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya qilingan.
Avvalroq Bahraynda Eron dron hujumi oqibatida 2 inson jarohatlangani ma’lum qilingandi. Ammo bu hujumlar otashkesim e’lon qilinishidan so‘ng yuz berganmi yo‘qligi aytilmagan.































