Putin Ukraina talabalar yotoqxonasiga zarba berganini aytib, qasos olishga va’da berdi

Surat manbasi, Reuters
Vladimir Putin Ukraina sharqiy Ukrainadagi ishg‘ol etilgan hududdagi talabalar yotoqxonasiga halokatli hujum uyushtirganlikda ayblab, qasos olishga va’da berdi.
Rossiya favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Lugansk viloyatining Starobelsk shahrida tungi zarba natijasida 16 kishi halok bo‘lgan, 42 kishi jarohatlangan. Yana besh kishi vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin.
Ukraina harbiylari Starobelskda Rossiyaning elita "Rubikon" dron bo‘linmasi shtabiga zarba berilganini bildirdi. Ammo bu zarba Rossiya ta’kidlayotgan aynan o‘sha binoga to‘g‘ri kelgan-kelmagani ochiq aytilmadi.
Putin esa bu yerda "hech qanday harbiy inshootlar, razvedka xizmatlari yoki ularga aloqador ob’ektlar bo‘lmaganini" ta’kidladi.
"Shuning uchun ham o‘q-dorilar bino poyiga bizning havo mudofaa yoki elektron urush tizimlarimiz harakati natijasida kelib tushgan deb da’vo qilish uchun mutlaqo hech qanday asos yo‘q", - dedi u juma kuni Moskvadagi Kreml qarorgohida bo‘lib o‘tgan qabulda.
U Rossiya harbiylariga qanday qilib javob qaytarish bo‘yicha "takliflar" tayyorlashni buyurdi.
Rossiya rahbariga ko‘ra, Ukraina zarbasi uch to‘lqinda, 16 ta dron yordamida amalga oshirilgan.
Davlat televideniesi jabrlanganlardan biri sifatida 19 yoshli talaba Diana Shovkunni ko‘rsatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u qulagan beton parchasi tegib, boshidan jarohat olgan.
Moskva halok bo‘lganlar deb aytgan shaxslarning foto yoki videolari namoyish etilmadi.
Shanba kuni ertalab Rossiya rasmiylari kora dengiz buyidagi Novorossiysk portida dronlar qoldiqlari yoqilg‘i omborida yong‘inga sabab bo‘lganini, natijada ikki kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.
Krasnodar o‘lkasining janubiy shtabi xabar berishicha, "bir nechta texnik-ma’muriy binolar yongan" va dron bo‘laklari yoqilg‘i terminaliga tushgan.
Ikki kishi shifoxonaga yotqizilgan, o‘lim holatlari qayd etilmagan.
Shtab, shuningdek, dronlar shimolroqda joylashgan Anapa shahrida xususiy uylarga zarar yetkazganini aytdi.
Ukraina harbiylari juma kuni kechqurun Starobelskdagi "Rubikon" shtabi nishonga olinganini yana bir bor tasdiqladi. Ular mazkur maxsus dron bo‘linmasi Ukrainadagi fuqarolar va fuqarolik infratuzilmasiga muntazam hujumlar uyushtirib kelayotganini ta’kidladi.
Bayonotda, shuningdek, Ukraina kuchlari "xalqaro gumanitar huquq, urush qonunlari va odatlariga qat’iy amal qilgan holda faqat harbiy maqsadlarda foydalanilayotgan infratuzilma va ob’ektlarga zarba berayotgani" qayd etildi.
Payshanba kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bosib olgan Xerson viloyatidagi FSB shtabiga zarba berilganini bildirgan.
Uning aytishicha, taxminan 100 nafar rossiyalik "okkupant" halok bo‘lgan yoki jarohatlangan.
Moskva harbiylari bu haqda izoh bermagan, biroq Kremlga yaqin Telegram kanallaridan biri "ommaviy dron hujumi" ortidan "yo‘qotishlar" bo‘lganini xabar qildi.
Ukraina 2022 yilda Rossiya to‘liq bosqin boshlaganidan beri Rossiya armiyasini fuqarolarni ataylab nishonga olishda ayblab kelmoqda - Moskva bu ayblovlarni muntazam rad etadi.
O‘tgan hafta Ukraina rasmiylari Kievdagi ko‘p qavatli turar joy binosining bir qismi Rossiya raketa hujumi natijasida vayron bo‘lib, 24 kishi, jumladan uch nafar qiz bola halok bo‘lganini ma’lum qilgan.






























