O‘zbekistonlik oila farzandini mashinaga almashtirmoqchi bo‘ldi

Сурат манбаси, AP

    • Author, Shodiyor Saif
    • Role, BBC, Olma-ota
  • Published

Ostonada yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini Toyota Kemri rusumli mashinaga almashtirmoqchi bo‘lgan asli o‘zbekistonlik oila qo‘lga olingan.

Oila chaqaloq tug‘ilgandan ikki kun o‘tib mashinani o‘z nomiga hujjatlashtirib olgan vaqti ushlangan. Chaqaloq esa shifoxonaga yotqizilgan.

Farzand 27 yanvar kuni dunyoga kelgan. Ota onasi ikki o‘tgach uni mashinaga almashtirish jarayonida qo‘lga olingan.

"Ostona shahar Ichki ishlar departamenti xodimlariga o‘zlarining yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini Toyota Kemri rusumli mashinaga almashtirmoqchi bo‘lgan oila haqida xabar kelib tushdi.Tezkor surishtiruv jarayonida ayolning 25 va erining 29 yoshda ekanligi aniqlandi", - deydi poytaxt Ichki ishlar departamenti matbuot kotibi Sofya Qilishbekova.

Politsiya bergan ma‘lumotga ko‘ra, ushbu juft bolasini sotishni oldindan rejalashtirgan. Chaqaloqqa almashtirmoqchi bo‘lgan mashinasi rusumi va uning 2008 yildan eski bo‘lmasligini shart qilib qo‘ygan.

Bola almashtirilgan Toyota Kemrining 2012 yilda ishlab chiqarilgani aytilmoqda. Bunday mashinalar Qozog‘istonda holatiga qarab 23 ming dollardan 29 ming dollargacha baholanadi.

Politsiya matbuot xizmati ushbu oilaning o‘ta muhtoj emasligini ta‘kidlamoqda. Chaqaloqning onasi o‘zini uy bekasi deya ko‘rsatgan. Otasi esa Ostonadagi tashkilotlardan birida ish yurituvchi bo‘lib xizmat qiladi.

Ichki ishlar departamenti matbuot xizmati oilaning muhtoj qatlamga kirmasligini aytmoqda.

Ismi oshkor qilinmayotgan ota asli o‘zbekistonlik bo‘lib bundan sakkiz yil burun Qozog‘iston fuqaroligini olgan. Uning turmush o‘rtog‘i esa hali ham O‘zbekiston fuqarosi.

Politsiyaning bildirishicha, ushbu juftlikning 5 yoshli yana bir farzandi bor va u O‘zbekistonda qarindoshlarning qo‘lida katta bo‘lmoqda.

Ostona shahar Ichki ishlar departamenti matbuot kotibi Sofya Qilishbekova bolani mashinaga almashtirish oldindan kelishilgan bo‘lsa ham uning surrogat ona emasligi aniq ekanligini aytadi.

"Bu yerda surrogatlik kelishuv bo‘lmagan. Surrogat ona bo‘lganida buning qonunga zid joyi yo‘q. Shunday bo‘lganida oldindan kelishib bolaning qanday rivojlanayotganini nazorat qilib turishadi. Bular esa sotamiz deb e‘lon berishgan", - deydi Sofya Qilishbekova.

Er-xotinga balog‘atga yetmaganlarni sotish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ushbu ayb bo‘yicha ular 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Qilishbekova xonimga ko‘ra Ostona shahrida bolasini sotuvga qo‘yish amallari oldin uchramagan.

O‘zbekistonliklarning o‘z bolasini sotuvga qo‘yish hollari Qozog‘istonda birinchi marotaba uchrayotgan bo‘lsa ham Rossiyada bunday holatlar oldin ham bo‘lganligi aytiladi.

Markaziy Osiyolik muhojirlarning Rossiyada yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini yo‘lkira uchun yoki qarzlarni qutilish maqsadida sotishga urinayotgan hollari huquq tartibot organlari tomonidan bir necha marotaba oldi olingan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: 44 7858 860002