HRW: 220 qochqin uyg‘urning huquqlari himoya qilinishi kerak!

Published

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti, Tailand hukumatini chegarani noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblanayotgan 220 uyg‘urni Xitoyga topshirmasdan, ularga BMTning Qochqinlar qo‘mitasiga murojaat qilishlarini ta‘minlashga chaqirgan.

13 martda Tailand politsiyasi Songkxla viloyatidagi changalzorda yashiringan katta guruh uyg‘urlarni topgan, ular chegarani noqonuniy kesib o‘tganligini aytib, Xitoyga qaytarib yuborilishini bildirgan edi.

Xalqaro tashkilot Uyg‘urlarning Xitoyga majburan qaytarilishi ular uchun fojeali yakun topishi, qiynoqlarga solinishi mumkinligidan xavotirda.

"Tailand hukumati uyg‘urlar Xitoyga qaytarilsa, ular "qora bo‘shliq"da yo‘q bo‘lib ketishini anglashi kerak. Guruhdagi barcha kishilarga o‘zlarining da‘volarini bildirishga va muammolari adolatli qaror topishiga imkon berish lozim",- deb aytadi Human Rights Watch vakili.

Odatdagi xalqaro huquq me‘yorlari ostida va Qiynoqlarga qarshi konventsiya a‘zosi sifatida Tailand bu insonlarning huquqlari jiddiy buzilishining oldini olishi, ularni majburan ortiga qaytarib yuborilmasligini ta‘minlashi zarur, deyiladi murojaatda.

Сурат манбаси, Reuters

Tailand muhojirlik xizmatining chekka kauchuk plantatsiyalarida o‘tkazgan tungi reydida 78 erkak, 60 ayol va 82 bola ushlangan va Songkxlaning Sadao vaqtinchalik ushlab turish markaziga olib ketilgan. Guruh a‘zolari o‘zlarining turk millatiga mansubliklarini, faqat Turkiya elchixonasi rasmiy vakillari bilan gaplashishlarini bildirishgan.

Ayni paytda Xitoy diplomati ham Songkxlaga borgan va guruh a‘zolari va Tailand rasmiylari bilan uchrashuvni talab qilgan.

Oxirgi yillarda Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan o‘nlab qochqin uyg‘urlar majburan chiqarib yuborilgan.

Jumladan Kambuja davlati 20 dan ortiq uyg‘urning ishi BMT Qochqinlar qo‘mitasida ko‘rib chiqilayotganiga qaramasdan, ularni Xitoyga deportatsiya qilgan. Malayziyadan olti uyg‘ur chiqarib yuborilgan. Xabarlarga qaraganda, Xitoyda ularga terror aybi bilan o‘lim hukmi, shuningdek uzoq yillik qamoq jazolari berilgan.

Xitoy hukumati o‘zining Shinjon Uyg‘ur muxtor viloyatida uyg‘urlarga qarshi harakatlarini "diniy ekstremizm va terrorizmga, bo‘lginchilikka qarshi kurash", bilan oqlab keladi.

Uyg‘urlar o‘zlari Sharqiy Turkiston nomi bilan ataydigan rasmiy Shinjon aholisining qariyb yarmini tashkil etadilar.

Xitoy mintaqaga katta miqdorda sarmoya kiritgan va hududning boy gaz va neft zahiralari Xitoy iqtisodi uchun hayotiy muhim ahamiyatga ega.

Ammo ko‘pchilik uyg‘urlar sharqdan katta sondagi Xan xitoylarining ko‘chib kelishi tufayli o‘zlarining ishsiz qolganliklaridan shikoyat etadilar.

Muhojirotdagi uyg‘ur guruhlari zo‘ravonliklarning asosiy sabablari Xitoyninng qattiqqo‘l siyosatidan norozilik va Xan xitoylarining mintaqaga oqib kelayotgani ekanini aytishadi.

Xitoy rasmiylari "terrorchilarga qarshi kurashda qattiqqo‘l siyosatni davom ettirish"ga va‘da berishgan.