Tailand Bosh vaziri iste‘foga chiqishdan bosh tortmoqda

Mening iste‘foimni so‘rash noqonuniydir, deb aytgan Bosh vazir Yiglak Chinavat xonim. Mamlakat poytaxti Bangokda hukumatdan norozi minglab odamlar uning ketishini talab qilishmoqda.
Chinavat xonimga ko‘ra, namoyishchilarning talabi konstitutsiyaga to‘g‘ri kelmaydi. Shunday bo‘lsa ham ular bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.
"Men iste‘fo bermayman va hukumatni tarqatmayman. Hukumat xalq tomonidan saylovlarda saylab olingan. Men odamlarni baxtli qilish uchun qanday imkoniyatim bo‘lsa, amalga oshirishga tayyorman...lekin men bosh vazir sifatida konstitutsiya doirasida ish qilishim kerak", - deb aytgan Yiglak Chinavat xonim muxolifatning talabini inkor qilarkan.
Uning ta‘kidlashicha, mamlakat qurolli kuchlari siyosiy qarama-qarshilikda betaraf qoladi va o‘z burchini bajarib, barqarorlikni ta‘minlaydi. Shu bilan birga 1 dekabrda ommaviy namoyishlardan boshlangandan buyon birinchi marta armiyaga chaqirish boshlangan.
Bosh vazir armiya mamlakatdagi barqarorlikni saqlab turishini bildirdi.
Sobiq bosh vazirning ta‘siri

Сурат манбаси, REUTERS
Yiglak Chinavatning akasi sobiq bosh vazir Taksin Chinavat 2008 yil harbiy to‘ntarish tufayli qudratdan ag‘darilgan va mamlakatdan qochgan edi.
Sobiq bosh vazir vatanida korruptsiyada ayblanib, sirtdan 2 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Hukumatning amnistiya haqida chiqargan qonun loyihasi Tailandda ommaviy namoyishlar boshlanib ketishiga sabab bo‘ldi.
Muxolifatga ko‘ra, ushbu qonun Taksin Chinavatning mamlakatga hech narsa bo‘lmaganday qaytishiga imkon beradi.
Muxolifat Britaniyadan siyosiy boshpana olgan sobiq bosh vazir Taksin Chinavat mamlakat siyosatiga o‘z singlisi orqali ta‘sir o‘tkazib kelayotganiga ishonadi.
Hukumatning namoyishchilar bilan muzokaralar olib borishga tayyorligini aytishiga qaramay, dushanba kuni namoyishlar yangi to‘lqin bilan avj oldi.
Norozi olomon hukumat binosiga bostirib kirishga uringan.
Politsiya bilan to‘qnashuvlarda to‘rt kishi o‘lgani, 50 dan ortiq inson yaralangani xabar qilingandi.
Muxolifat yetakchilaridan Sutxep Txiaksuban yakshanba kuni bosh vazir ikki kun ichida iste‘foga chiqishi kerakligi haqida talabni qo‘ydi.





























