Turkiya: Erdo‘g‘on va Islom haqida qilgan hazillari uchun hajvchi hibsga olindi

Go‘ktash Erdo‘g‘onni diktator deb atagan.

Surat manbasi, INSTAGRAM/@DENIZGOKTASX

Surat tagso‘zi, Go‘ktash Erdo‘g‘onni diktator deb atagan.
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Istanbul sudi stendap-hajvchi Deniz Go‘ktashni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi. U YouTube'da 9,4 million marta tomosha qilingan chiqishi sabab Istanbulning asosiy aeroportida ushlangan edi.

Go‘ktash sahnadagi chiqishi orqali «nafrat va adovat qo‘zg‘atish», shuningdek Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni haqorat qilishda ayblanmoqda.

Hajvchining chiqishida, jumladan, quyidagilar aytilgandi:

«Men 1994 yilda tug‘ilganman. U esa 1994 yilda Istanbul shahar hokimi bo‘lgan. Biz uning hayotidagi barcha muhim bosqichlar, faoliyatidagi barcha o‘sish jarayonlariga guvoh bo‘ldik. U men uchun xuddi men yoqtirmaydigan, doimo nolib yuradigan qo‘shnimga o‘xshaydi. Lekin baribir qo‘shningizning hayoti sizga qiziq bo‘ladi-ku: bugun nima qildi ekan, axlat qutisida nima bor va hokazo. Uning uyalchan diktatordan o‘z diktatorligini bemalol qabul qilgan diktatorga aylanish jarayoni...»

Go‘ktash Turkiyada fikr erkinligiga qarshi kuchaygan bosimning navbatdagi nishonlaridan biri bo‘lmoqda. Bu kampaniya doirasida faollar, jurnalistlar va boshqa jamoat arboblari ham ta’qib qilinmoqda.

Shuningdek, kelasi hafta poytaxt Anqarada bo‘lib o‘tadigan NATO yetakchilari sammiti arafasida 200 nafardan ortiq kishi qo‘lga olindi.

7–8 iyul kunlari Erdo‘g‘an mezbonlik qiladigan sammit xavfsizligini ta’minlash uchun o‘n minglab xavfsizlik xodimlari safarbar etilmoqda. Sammitda AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa davlatlari yetakchilari hamda Ukrainaning Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

O‘tgan oyda jurnalistlar, advokatlar, akademiklar, kasaba uyushmalari vakillari va ekologik faollar ham hibsga olingan edi.

Hukumat Anqara shahrida 10 iyulga qadar namoyishlar o‘tkazishni taqiqladi. Shuningdek, mustaqil turk ommaviy axborot vositalari sammitni yoritish uchun akkreditatsiya berilmaganidan shikoyat qilmoqda. NATO esa ommaviy axborot vositalariga kirish imkoniyatini ta’minlash mezbon davlat zimmasida ekanini bildirib, bu masala yuzasidan Turkiya hukumati bilan aloqada ekanini ma’lum qildi.

Erdo‘g‘on Turkiyada NATO sammitiga mezbonlik qilishi kutilmoqda.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Erdo‘g‘on Turkiyada NATO sammitiga mezbonlik qilishi kutilmoqda.

Iyun oyi oxirida qo‘lga olinganlar orasida Turkiyaning eng mashhur ekologik tashkilotlaridan biri bo‘lgan TEMA jamg‘armasi ko‘ngillilari ham bor edi. TEMA ma’lum qilishicha, ushlanganlarning ko‘pchiligi tabiat qo‘ynidagi sayohatdan qaytayotgan nafaqaxo‘rlar bo‘lgan va ularning aksariyati keyinchalik ozod etilgan.

Deniz Go‘ktash ta’tildan Istanbulga qaytganida hibsga olindi. Hajvchining qo‘llari orqasiga kishanlangan holda olib ketilayotgani aks etgan suratlar uning tarafdorlari tomonidan keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Juma kuni Istanbuldagi Chag‘layan sudida prokurorlar tomonidan so‘roq qilinganidan so‘ng, sud Erdo‘g‘an va Qur’on haqidagi chiqishining bir qismi sabab Deniz Go‘ktashni sudgacha qamoqda saqlash haqidagi prokuror so‘rovini qanoatlantirdi.

Istanbul bosh prokuraturasi ma’lum qilishicha, hokimiyat organlariga Go‘ktashning videosi yuzasidan 185 ta shikoyat kelib tushgan.

Deniz Go'ktash
Surat tagso‘zi, Deniz Go‘ktash.

Turkiya Din ishlari boshqarmasi juma kuni mamlakatdagi barcha masjidlarda o‘qib eshittiriladigan haftalik xutbasida Go‘ktashning ismini tilga olmagan holda mazkur stendap chiqishiga ishora qildi. Oliy muftiy idorasi bayonotida: «Raqamli platformalardan foydalanish va muqaddas qadriyatlarimizni hazil niqobi ostida vaqti-vaqti bilan masxara qilish farzandlarimizni qadriyatlarimizdan kun sayin uzoqlashtirmoqda», deyildi.

Prokurorga bergan ko‘rsatmasida Go‘ktash diniy e’tiqodga ega bo‘lgan biror kishini xafa qilish niyati mutlaqo bo‘lmaganini ta’kidladi.

Shuningdek, u prezidentni haqorat qilgani haqidagi ayblovni ham rad etdi. Uning aytishicha, mazkur dasturni qariyb uch yil davomida Turkiyaning turli shaharlarida namoyish qilib kelgan va «diktator» so‘zini ishlatishi Turkiyada keng muhokama qilinadigan mavzu hisoblanadi.

Uning videosi 1 iyunь kuni Istanbuldagi eng mashhur ochiq osmon ostidagi sahnalardan birida yozib olingan va 24 iyunь kuni YouTube'ga joylangan.

«Bu chiqishni 100 mingdan ortiq odam tomosha qildi va aynan shu qismdan ranjiganini bildirib birorta ham shikoyat qilgan inson bo‘lmadi», dedi u.

Tanqidchilar Go‘ktashning hibsga olinishini Turkiyada jamoatchilikka tanilgan shaxslarga qarshi olib borilayotgan keng qamrovli bosimning bir qismi sifatida baholamoqda. Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlardan biri bo‘lgan Human Rights Watch mamlakatda «asosiy muxolifat partiyasi, ommaviy axborot vositalari va umuman so‘z erkinligiga nisbatan keng ko‘lamli cheklovlar» joriy etilganidan ogohlantirgan.

Erdo‘g‘anning eng yirik siyosiy raqibi, Istanbul shahar hokimi Ekrem Imomo‘g‘li bir yildan ortiq vaqtdan buyon qamoqda saqlanmoqda.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Erdo‘g‘anning eng yirik siyosiy raqibi, Istanbul shahar hokimi Ekrem Imomo‘g‘li bir yildan ortiq vaqtdan buyon qamoqda saqlanmoqda.

Erdo‘g‘anning eng yirik siyosiy raqibi, Istanbul shahar hokimi Ekrem Imomo‘g‘li bir yildan ortiq vaqtdan buyon qamoqda saqlanmoqda. U o‘tgan yil mart oyida korruptsiya va boshqa bir qator ayblovlar bo‘yicha sud muhokamasiga tortilgan.

Imomo‘g‘li mansub bo‘lgan muxolifatdagi Respublika xalq partiyasi (CHP) ham keng ko‘lamli bosimga duch keldi. Partiya bu holatni Turkiya demokratiyasiga qarshi «sud to‘ntarishi» deb baholadi.

May oyida Anqara sudi CHPning butun rahbariyatini, jumladan partiya raisi O‘zgur O‘zelni lavozimidan chetlatib, uning o‘rniga partiyaning tajribali arbobi Kemal Qilichdoro‘g‘lini tayinladi. Qilichdoro‘g‘li so‘nggi prezidentlik saylovida Erdo‘g‘anga mag‘lub bo‘lgan edi.

Juma kuni Istanbuldagi Chag‘layan sudi oldida hibsga olingan hajvchini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘plab odamlar to‘plandi. Qilichdoro‘g‘li sud binosiga kirib kelganida esa binoda «xoin» degan hayqiriqlar yangradi.

Qilichdoro‘g‘li Go‘ktashning aeroportda qo‘llariga kishan solingan holda hibsga olinishini tanqid qilib, uni ozod qilish kerakligini aytdi. Biroq muxolifat tarafdorlari uning CHP rahbarligiga qayta keltirilishini partiya ta’sirini susaytirishga qaratilgan rasmiy urinish sifatida baholamoqda.

Namoyishchilar, shuningdek, 77 yoshli Qilichdoro‘g‘lini yoshlar hokimiyat tomonidan nishonga olinayotganida qisman mas’ul deb hisoblashdi.

So‘z erkinligini kuzatuvchi Media and Law Studies Association tashkiloti Go‘ktash «shunchaki hazil qilgani uchun qamoq jazosiga duch kelayotganini» ta’kidlab, satira Turkiya Konstitutsiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konventsiyasi bilan himoya qilinishini eslatdi.