Vengriyada hukumat almashganining ahamiyati nimada?

Maryar qorong‘ulikda, qo‘lida Vengriya bayrog‘ini tutgancha, kadrning chap tomoniga qarab turibdi; uning ortida partiya a’zolari qarsak chalmoqda, fonda esa saylovdagi g‘alaba nishonlanayotgan parlament binosi ko‘rinib turibdi.

Surat manbasi, Akos Stiller / Bloomberg via Getty Images

Surat tagso‘zi, Piter Maryar Orban davridagi islohotlarni bekor qilish uchun zarur bo‘lgan konstituttsion ko‘pchilik ovozini qo‘lga kiritish arafasida turibdi
O'qilish vaqti: 5 daq

Viktor Orbanning 16 yillik hokimiyati yakuniga yetdi va "saylov avtokratiyasi" deb qoralangan tizim chilparchin bo‘ldi. Uni sobiq tizim vakili bo‘lgan, vengerlarning ko‘pchiligini bu tuzumga chek qo‘yishga ishontira olgan 45 yoshli siyosatchi mag‘lub etdi.

"Biz buni uddaladik," - dedi Piter Maryar Dunay daryosi bo‘yida, daryoning narigi tarafidagi Budapeshtning muhtasham parlament binosiga qarab turgan quvnoq tarafdorlari qarshisida. "Biz birgalikda Vengriya rejimini ag‘dardik."

Ovoz berish natijalarining 98 foizidan ko‘prog‘i hisoblab chiqilgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uning "Tisza" partiyasi hayratlanarli darajada 138 ta o‘rinni qo‘lga kiritmoqda. Orbanning "Fides" partiyasi 55 ta, o‘ta o‘ngchi "Bizning vatanimiz" partiyasi esa 6 ta o‘ringa ega bo‘ldi.

Ushbu yirik g‘alaba Maryarga nafaqat Orbanning tobora ommabopligini yo‘qotib borayotgan ichki siyosatini o‘zgartirish, balki Vengriyaning global munosabatlarini qaytadan tiklash imkonini beradi.

Orban ham AQSh prezidenti Donald Tramp bilan (saylovoldi kampaniyasining so‘nggi haftasida hatto AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens uni qo‘llab-quvvatlash uchun shaxsan kelgan edi), ham Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin hamkor edi. U Yevropa Ittifoqi va Ukraina uchun haqiqiy "bosh og‘rig‘i"ga aylanib qolgan edi.

Maryar esa, aksincha, Rossiyadan uzoqlashish hamda Yevropa Ittifoqi va Ukraina bilan yanada samimiy aloqalarni o‘rnatish platformasida turdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Ikki yil davomida Maryar o‘zining jadal o‘sib borayotgan harakatini qishloqma-qishloq, maydon va shaharlar bo‘ylab olib yurdi. U yillar davomida Vengriyada ildiz otib ketgan tanish-bilishchilik va korruptsiyadan charchagan xalqni o‘z atrofiga birlashtirdi.

"Demokratik Vengriya tarixida hali hech qachon bunchalik ko‘p odam ovoz bermagan va hech bir partiya bunchalik kuchli ovozga ega bo‘lmagan," - dedi u yakshanba kuni tunda. Bu galgi saylovda saylovchilarning rekord darajadagi 79.5% qismi ishtirok etdi.

Orbanning hukmronligi ketma-ket to‘rtta saylovdagi g‘alaba va mutlaq ko‘pchilikning qo‘llovi ustiga qurilgan edi, biroq hammasi sanoqli daqiqalar ichida yakunlangani ayon bo‘ldi.

Maryar tarafdorlari Dunay daryosining Buda tarafidagi maydonda natijalarni hayajon bilan kutib turgan bir paytda, "Tisza" yetakchisi Facebook da kutilmagan xabarni qoldirdi: "Hozirgina Viktor Orban menga qo‘ng‘iroq qildi va g‘alabamiz bilan tabrikladi."

Yoshlar qorong‘ulikda (g‘alabani) nishonlamoqdalar.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Budapesht ko‘chalari Maryarning g‘alabasini nishonlayotgan shod-xurram tarafdorlar bilan to‘lib-toshdi

Sodir bo‘lgan voqealarni anglab yetishga ulgurmaslaridan va hali ovozlarning atigi 30 foizi hisoblab chiqilgan bir paytda bu xabar tarqaldi.

Biroq bir necha daqiqa o‘tgach, Orbanning o‘zi daryoning narigi betida, bir milcha uzoqlikdagi konferentsiya markazi sahnasida ko‘rinish berdi. Uning atrofida tushkun kayfiyatda "Fidesz" partiyadoshlari turardi.

"Saylov natijalari aniq va og‘riqli," - dedi va u hamkasblariga, o‘ziga sodiq qolgan taxminan 2,5 million vengerga minnatdorchilik bildirdi. "Oldimizda turgan kunlar jarohatlarimizni davolash uchun xizmat qiladi."

Xabar Maryar tarafdorlari orasida tez tarqaldi va partiya shtab-kvartirasiga aylangan yaqin atrofdagi mehmonxonada "Tisza" faollari bir-birlarini quchoqlab tabriklay boshladilar.

Maryar Orban davridagi ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘zgarishlarni bekor qilishga, korruptsiyaga qarshi kurashishga, sud mustaqilligini tiklashga hamda "NYeR" nomi bilan tanilgan, partiyaga sodiq kishilarni boyitish va davlat resurslarini sovurishga xizmat qilgan nafratli homiylik tizimiga chek qo‘yishga va’da berdi.

Konstituttsiyaga ushbu o‘zgartirishlarni kiritish uchun unga Vengriya parlamentidagi 199 ta o‘rindan uchdan ikki qismi, ya’ni 133 ta ovoz kerak edi. Yakuniy natijalar hali to‘liq e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, "Tisza" partiyasi 138 ta o‘rinni egallash arafasida turibdi.

Maryar o‘z tarafdorlarini tuzum almashishiga tayyor turishga chaqirib kelayotgan edi, endi esa bu haqiqatga aylangach, haqiqiy bayram boshlandi va shampan vinolari suvdek oqdi. Budapesht ko‘chalarida mashinalar signal chalib, ayollar lyuklardan Vengriya bayroqlarini silkitib borishardi.

Maryarni qo‘llab-quvvatlayotganlarning ko‘pchiligi uning azaliy tarafdorlari emas. U yillar davomida Orbanni qo‘llab kelgan, endi esa uni hokimiyatdan ag‘dardi.

"U shunday odamki, unga to‘liq ishonib bo‘lmaydi," - dedi Agnes ismli advokat Bi-Bi-Siga. "Biroq biz shunday nuqtadamizki, u va’da qilayotgan yaxshiroq narsalarga umid qilishga majburmiz va uning va’dalari amalga oshishiga chin dildan ishonamiz."

Mashinada bayroq ushlab turgan ayol
Surat tagso‘zi, Vengriyada Orbanning hokimiyatdan ketishi nishonlanar ekan, butun Budapesht bo‘ylab bayram shodiyonalari avj oldi.

Maryarning navbatdagi nishonida Orbanparast davlat media vositalari turibdi. "M1" telekanali va vaqt o‘tishi bilan "Fidesz" ittifoqchilari tomonidan sotib olingan sobiq mustaqil veb-saytlar shu paytgacha partiya chizig‘idan chiqmasdan xizmat qilib kelayotgan edi.

Keyingi qadam qanday bo‘lishini bilmay, esankirab qolgan "M1" kanali Maryarning ovoz berish jarayoni tugashi bilanoq qilgan nutqini qayta namoyish etdi. O‘shanda u g‘alabadan umidvor edi, biroq telekanal bu nutqni berayotgan vaqtda u allaqachon g‘alaba qozonib bo‘lgan, ya’ni nutq o‘z dolzarbligini yo‘qotgan edi.

Vengriya anchadan beri go‘yoki bir-biriga parallel ravishda mavjud bo‘lgan ikki xil dunyodek tuyulardi. Birinchisida, Orban o‘z tarafdorlarini va televidenie tomoshabinlarini g‘alaba qozonishlariga va yana to‘rt yil hokimiyatda qolishlariga ishontirib keldi. Buni hukumatga xayrixoh bo‘lgan va hatto yakshanba oqshomigacha "Fidesz" g‘alabasini bashorat qilgan ijtimoiy so‘rovnomalar ham quvvatlab turdi.

Ikkinchi dunyoda esa qayerga bormasin ulkan olomonni to‘play olgan Maryar bor edi. Uni o‘z raqibidan tobora o‘zib ketayotganini xabar qilgan nufuzli so‘rovnoma markazlari qo‘llab-quvvatlayotgan edi.

Yakshanba oqshomida ushbu ikki dunyo to‘qnashdi va ulardan faqat bittasi haqiqat bo‘lib chiqdi.

Kostyum kiygan kishi boshqa erkaklar qurshovida turibdi

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Orban o‘z partiyasi yetakchisi lavozimidan iste’fo bergani yo‘q

Maryar o‘zining partiyadoshlari hamrohligida sahnaga chiqishdan oldin olomon orasidan ohista yurib o‘tdi.

"Siz bugun mo‘jiza yaratdingiz, Vengriya bugun tarix yozdi," - dedi u "Ria-Ria-Xungariya!" degan hayqiriqlar ostida to‘planganlarga qarata.

U o‘zlarining saylovdagi g‘alabasini 1848-yilgi Vengriya inqilobi va 1956-yilgi Sovet istilosiga qarshi qo‘zg‘olon bilan qiyosladi.

Vaqtida Orbanning o‘zi ham Sovet istilosiga qarshi chiqishlar qilgan edi, biroq keyinchalik u Putinning yaqin hamkoriga aylandi. Uning Rossiyadan keladigan arzon neft va benzinni oqlab kelishi uni Yevropa Ittifoqida (YI) obro‘sizlantirib qo‘ygan edi. Sababi, YI Rossiya importiga qaramlikdan qutulishga harakat qilmoqda. Shuningdek, Orban Ukrainaga 90 milliard yevrolik ($105 milliard) kredit ajratish bo‘yicha YI kelishuvidan voz kechgan edi.

Vengriyaning bo‘lajak bosh vaziri Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni yaxshilashga va’da berar ekan, Maryar tarafdorlari "Ruslar, uyingizga keting!" deya hayqirishdi.

2026-yil 12-aprel, Vengriyaning Budapesht shahridagi umumxalq saylovlari kechasida shahar ramzi bo‘lgan Zanjirli ko‘prik milliy bayroq ranglari bilan yoritilgan.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Budapeshtning ramzi hisoblangan "Zanjirli ko‘prik" Vengriya bayrog‘i ranglari bilan yoritildi

Polsha Bosh vaziri Donald Tusk Maryarning "shonli g‘alabasi"ni birinchilardan bo‘lib qutlagan ko‘plab Yevropa yetakchilari qatorida bo‘ldi va venger tilida "Ruszkik Haza" - "Ruslar, uyingizga keting!" deb qo‘shimcha qildi.

"Tisza" yetakchisi bosh vazir sifatidagi ilk xorijiy tashrifini Varshavaga - Polsha bilan Vengriya o‘rtasidagi 1000 yillik do‘stlikni mustahkamlash uchun amalga oshirishga va’da berdi.

U, shuningdek, Bryusselga borishni ham rejalashtirgan. U yerda Yevropa Komissiyasini korruptsiyaga qarshi kurashdagi kamchiliklar va sud tizimi mustaqilligini ta’minlay olmagani sababli muzlatib qo‘yilgan 17 milliard yevrogacha bo‘lgan mablag‘larni qayta ochishga ko‘ndirishni maqsad qilgan.

Kuniga yettitagacha nutq so‘zlangan va butun mamlakat bo‘ylab katta olomonni ruhlantirgan marafonday uzoq davom etgan saylov kampaniyasidan so‘ng, Maryar ulkan ta’sir kuchiga ega bo‘lib oldi.

Uning mag‘lub bo‘lgan raqibi shanba oqshomidagi so‘nggi saylovoldi nutqida go‘yoki nima sodir bo‘lishini sezgandek, charchagan va tushkun kayfiyatda ko‘rindi.

Hozirda 62 yoshda bo‘lgan Orban partiya yetakchiligidan iste’fo bergani yo‘q, biroq usiz "Fidesz" partiyasining kelajagini tasavvur qilish qiyin.

Hozircha u va uning partiyasi o‘z mag‘lubiyat alamini yengishga harakat qilayotgan bir paytda, Orban vaqtincha davlatni boshqarib turadi.

Budapeshtdan Rita Palfi tayyorlagan qo‘shimcha ma’lumotlar asosida.