Sadir Japarov: Qirg‘iziston sanksiyaga tushgan birorta ham tovarni Rossiyaga jo‘natmagan

Surat manbasi, official
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakat Rossiyaga sanksiyaga tushgan tovarlarni jo‘natmaganini ma’lum qildi. U bu haqda AQShga tashrifi doirasida 21 sentyabr kuni Amerika-Qirg‘iziston tadbirkorlar kengashi tomonidan tashkil etilgan yig‘ilishda so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
Japarovning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston Rossiyaga tovarlarni avvaldan ham eksport qilib kelgan. U so‘nggi yillardagi savdo o‘sishini Ukrainadagi urushdan keyin paydo bo‘lgan reeksport bilan bog‘lash noto‘g‘ri degan pozitsiyani bildirdi.
"Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush munosabati bilan Qirg‘iziston Xitoy yoki Yevropa tovarlarini Rossiyaga tashiyotgani va iqtisodiyoti shuning hisobiga ko‘tarilayotgani, aks holda ko‘tarilmagan bo‘lar edi, deya "Nyu-York Tayms" bu yerda noto‘g‘ri yozgan. Chunki biz Rossiyaga avvaldan ham tovarlar sotib kelamiz. Xitoydan ham eksport qilamiz. Biroq harbiy tovarlarni emas. Sanksiyaga tushgan birorta ham tovarni hujjat asosida yoki amalda Rossiyaga yuborganimiz yo‘q. Biz ham sanksiyalarni hurmat qiladigan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti qonunlarini hurmat qiladigan davlatmiz".
Japarov Qirg‘iziston iqtisodiyotining o‘sishiga reeksport emas, boshqa omillar ta’sir etayotganini aytdi. U iqtisodiyot o‘sishi uchun jinoyatchilik va korruptsiya kamayishi kerakligini bildirib, davlat rahbarlari byudjet mablag‘lari o‘g‘irlanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerakligiga to‘xtaldi.
Sanksiyaga tushgan birorta ham tovarni hujjat asosida yoki amalda Rossiyaga yuborganimiz yo‘q.
"Men ertaga ham bu bo‘yicha o‘z so‘zimda aytaman. Iqtisodiyot ko‘tarilishining faqat uchta sababi bo‘ladi. Qaysi davlat bo‘lmasin, bu faqat Qirg‘izistonga tegishli emas. Birinchisi, kriminal degan narsa yo‘q bo‘lishi kerak. Chunki chetdan kelgan investor o‘zini xavfsiz his qilib, biznesiga kiritgan pulini qaytarib olishi, ikki-uch barobar qilib qaytarib olishiga ishonishi kerak. Ikkinchisi, korruptsiya. Amaldorlar darajasida, yuqorida bo‘ladimi, o‘rta yoki quyi pog‘onada bo‘ladimi, umuman korruptsiya yo‘q bo‘lishi kerak. Uchinchisi esa eng asosiysi, rahbar, prezidentning o‘zi o‘g‘irlamasligi kerak. Boshqalarga ham o‘g‘irlatmasligi kerak, vazirlarga ham. Ana shunda byudjeting to‘ladi. Ana shunda iqtisodiyoting ko‘tariladi. Xalqingning turmushi yaxshilanadi. Masalan, 2020 yilgacha aholi jon boshiga YaIM hajmi 1000 dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozir 4000 dollarga yaqinlashib qoldi. 2030 yilgacha uni yanada ko‘paytirish rejalarimiz bor".
Japarovning bu bayonoti The New York Times nashri Qirg‘iziston iqtisodiyotining so‘nggi yillardagi o‘sishi haqida e’lon qilgan materialidan keyin yangradi.
The New York Times nimani yozgan edi?
15 sentyabrda e’lon qilingan maqolada Qirg‘iziston iqtisodiyoti 2025 yilda 11 foiz o‘sgani, o‘sishning bir qismi esa Rossiyaga yo‘naltirilgan reeksport bilan bog‘liq ekani yozilgan. Nashr Osiyo taraqqiyot banki ma’lumotlariga tayanib, so‘nggi to‘rt yilda reeksport mamlakat iqtisodiy o‘sishining 30–40 foizini ta’minlaganini ta’kidlagan.
The New York Times materialida Qirg‘iziston orqali Rossiyaga avtomobillar, elektronika va ham fuqarolik, ham harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan ayrim uskunalar o‘tgani aytiladi. Shuningdek, Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirganidan so‘ng Qirg‘iziston Xitoy va G‘arb davlatlaridan kelgan ayrim tovarlarni Rossiyaga olib o‘tuvchi muhim yo‘nalishlardan biriga aylangani bayon qilingan.
Shu bilan birga, Qirg‘izistondagi iqtisodiy o‘sishni faqatgina reeksport bilan tushuntirish noto‘g‘ri ekani ta’kidlangan. The New York Times materialida oltin narxining o‘sishi, moliya va kriptovalyuta sektorlarining kengayishi, shuningdek, davlat qurilishiga sarflangan xarajatlarning ko‘payishi ham iqtisodiy o‘sish omillari sifatida ko‘rsatilgan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Xalqaro Valyuta fondi ham Qirg‘iziston savdosida reeksportning keskin o‘sganini qayd etadi. Mazkur fondning 2026 yildagi hisobotida 2025 yilda mamlakatga import qilingan iste’mol tovarlarining muhim qismi Yevroosiyo bojxona ittifoqining boshqa mamlakatlariga, asosan Rossiyaga qayta eksport qilingani aytiladi. Fond bunday savdoda nazoratga olingan tovarlarning ruxsatsiz qayta eksport qilinishi va boshqa mamlakatlarga yo‘naltirilib ketish xavfi borligini ta’kidlagan.
Qirg‘iziston hukumati bunga qadar sanksiyaga tushgan tovarlarni nazorat qilish kuchaytirilganini aytib kelgan. The New York Times nashriga bergan sharhida Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Qosimaliev Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya tomonidan belgilangan sanksiyaviy tovarlar hisobga olinishini va ular qattiq nazorat qilinishini bildirgan.
Prezident Sadir Japarov Qirg‘izistonning aholi jon boshiga hisoblangan YaIM hajmi hozir 4 ming dollarga yaqinlashganini aytdi.
Prezident Sadir Japarov shu kunlarda AQShda bo‘lib turibdi. U bungacha Amerika Qo‘shma Shtatlarining (AQSh) Yuta shtatiga borib, hudud rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. Shuningdek, qirg‘iz prezidenti AQShga tashrifi doirasida BMT Bosh assambleyasining 81-sessiyasida ishtirok etishi aytilgan.































