Yevropada energetika inqirozi. U yana Rossiyadan neftь va gaz sotib oladimi?

Lufthansa inqiroz yuzaga kelishi bilanoq o‘nlab uchoqlaridan voz kechdi

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Lufthansa inqiroz yuzaga kelishi bilanoq o‘nlab uchoqlaridan voz kechdi
O'qilish vaqti: 5 daq

Yevropa Kreml tomonidan qo‘zg‘atilgan energetika inqirozidan endigina o‘zini tiklay boshlagan edi, ammo yangi muammo yuzaga keldi. AQShning Eron bilan urushi sababli dunyo neftь va gaz ta’minotining taxminan 15 foizidan ayrildi. Tanqislikka qarshi kurashish uchun Donald Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatdi, Yevropa Ittifoqida esa Rossiya nefti va gaziga qo‘yilgan to‘liq embargo rejalaridan voz kechish haqida fikrlar yangray boshladi.

Yevropa Rossiya bilan energetik «ajralish»ni vaqtincha to‘xtatib, Kremlga Trampning Eron bilan urushida foyda ko‘rish imkonini berishi mumkinmi?

Urushning dastlabki 44 kunidayoq narxlarning oshishi Yevropa Ittifoqiga yoqilg‘i importi uchun qo‘shimcha 22 milliard yevro xarajat keltirdi — kuniga o‘rtacha yarim milliarddan. Aviakerosin tanqisligi aviakompaniyalarni reyslarni qisqartirishga majbur qilmoqda, elektr va issiqlik narxlari tez sur’atda oshmoqda, benzin va dizel narxining ko‘tarilishi esa aholi, biznes va davlat daromadlarining kamayishiga tahdid solmoqda, yangi inflyatsiya to‘lqini va iqtisodiy o‘sishning sekinlashishini va’da qilmoqda.

Yangi inqirozga qarshi kurashish uchun Yevropada mablag‘ yetishmayapti — u avval pandemiya davrida, keyin esa Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi arafasida va undan keyin ham, Kreml boshlagan gaz urushi oqibatidagi birinchi energetika inqirozida allaqachon katta xarajatlarga botgan edi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Yevropa Ittifoqi navbatdagi inqirozga qarshi reja ustida ishlamoqda (u kelasi hafta taqdim etiladi) va qizg‘in bahs ketmoqda: nima noto‘g‘ri ketdi, nega oldingi inqirozdan keyin amalga oshirilgan Yevropaning energiya xavfsizligini himoya qilish rejasi uni yangi muammolardan himoya qila olmadi?

Ba’zilar bunga Germaniyaning yadroviy energetikadan voz kechganini sabab qilib ko‘rsatishmoqda. Boshqalar esa iqtisodiyotni yanada faolroq elektrlashtirish kerak edi, deb hisoblaydi. Ammo shundaylar ham borki, ular Rossiya bilan munosabatlarni shunchalik tez va qat’iy uzish kerak emas edi, deb o‘ylashadi.

Rossiya Ukrainadagi urushgacha Yevropa Ittifoqiga energiya resurslarining eng yirik yetkazib beruvchisi edi — uning eng yaqin va eng boy bozoriga.

Yevropada qayta tiklanuvchi energiya ulushi jadal oshmoqda, ammo ishlab chiqarish va naqliyotda neft va gaz o‘rnini bosishi qiyin

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Yevropada qayta tiklanuvchi energiya ulushi jadal oshmoqda, ammo ishlab chiqarish va naqliyotda neft va gaz o‘rnini bosishi qiyin

Endilikda u ikkinchi darajali rol o‘ynamoqda. Yevropa Ittifoqi Rossiya ko‘mirini import qilishdan darhol voz kechdi, gazni esa 2027 yil oxiridan taqiqlashni rejalashtirgan, neftga to‘liq embargoni esa aprel o‘rtalarida e’lon qilishni ko‘zlagan edi — ammo yangi inqiroz tufayli bu qarorni kechiktirdi.

Yevropa yana Rossiyadan neftь va gaz sotib olishga tayyormi?

Yo‘q, tayyor emas, deya bir ovozdan ta’kidlamoqda amaldorlar va siyosatchilar.

«Yangi inqiroz sharoitida ayrimlar Rossiyadan foydali qazilmalarni yana sotib olishni taklif qilmoqda. Bu strategik xatolik bo‘lar edi», — dedi Eron urushi boshlanganidan keyingi Yevropa Ittifoqining amaldagi rahbari Ursula fon der Leyen. — «Albatta, uzoq muddatli strategiyamizni amalga oshirishda yanada pragmatik va oqilona bo‘lish mumkin, ammo yo‘nalish to‘g‘ri tanlangan».

Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishni Italiyaning eng yirik energetika kompaniyasi Eni rahbari Klaudio Deskaltsi qo‘llab-quvvatladi. U Yevropa Ittifoqini 2027 yilga mo‘ljallangan Rossiya gazidan to‘liq voz kechish rejasini kechiktirishga chaqirdi.

«Bunday bo‘lmaydi», deb javob berdi Italiya bosh vaziri Jiorjia Meloni.

Tehrondagi devor suratida Ho‘rmuzni jilovlab turgan eronlik qo‘l aks etgan

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Tehrondagi devor suratida Ho‘rmuzni jilovlab turgan eronlik qo‘l aks etgan

«Deskaltsining pozitsiyasi tushunarli, ammo so‘nggi yillarda Rossiyaga nisbatan iqtisodiy bosim Ukrainada tinchlikka erishishning eng samarali quroli bo‘lganini unutmaslik kerak», — dedi Meloni.

Yangi inqiroz qanchalik chuqur?

Fors qo‘ltig‘idagi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi sababli kamida bir yarim oy davomida jahon neft ta’minotining taxminan 12 foizi va jahon bozoridagi gaz taklifining qariyb 17 foizi "qamal" holatida qoldi.

Ularni to‘liq almashtirish imkoni yo‘q, ammo tanqislikni qisman AQSh — dunyodagi eng yirik neftь va gaz ishlab chiqaruvchi — tomonidan yetkazib berishni oshirish va strategik zaxiralardagi neftni sotish orqali qoplash mumkin. Biroq bu vaqtinchalik chora bo‘lib, yo‘qotishlarning faqat 10–20 foizinigina qoplay oladi va asosan neft hisobiga amalga oshiriladi, gaz emas.

Bu Yevropa uchun yomon xabar, chunki u gaz va neft mahsulotlari, ayniqsa aviakerosin importiga qaram.

Avia yoqilg‘ining taxminan uchdan bir qismini Yevropa chet eldan sotib oladi, va bu importning 75 foizi Yaqin Sharqdan kelar edi. Aviakompaniyalar allaqachon yoqilg‘i yetishmasligiga duch kelib, jadvallarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda. Parvozlarni bekor qilish haqida Germaniyaning Lufthansa va Niderlandiyaning KLM aviakompaniyalari allaqachon e’lon qildi.

«Agar urush cho‘zilsa, yoz oylarida ham chiptalar narxi oshishi, ham parvozlar bekor qilinishi xavfi juda real», — dedi FT gazetasiga Yevropa Ittifoqining energetika bo‘yicha komissari Dan Yorgensen.

Bu Yevropa neft va gazni Yaqin Sharqdan kamroq import qilishiga qaramasdan sodir bo‘lmoqda, holbuki Osiyoda inqiroz allaqachon to‘liq avj olgan.

Bruegel ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Yevropa Ittifoqiga gaz yetkazib beruvchilarning asosiylari — Norvegiya (30%) va AQSh (26%). Rossiya esa Yevropa importidagi gaz ehtiyojining 12 foizini ta’minlaydi. Shuning yarmi Turkiya orqali gaz quvurlari bilan keladi, qolgan yarmi esa Arktikadan maxsus gaz tashuvchi kemalarda olib kelinadigan suyultirilgan gazdir.

Yoqilg‘i narxda neft va gazga boy AQShda ham oshgan, chunki u ham jahon bozoriga bog‘liq

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Yoqilg‘i narxda neft va gazga boy AQShda ham oshgan, chunki u ham jahon bozoriga bog‘liq

Qolgan ulush Jazoir (10%), Buyuk Britaniya va Ozarbayjon (har biri 4%) hissasiga to‘g‘ri keladi. Yaqin Sharq esa Qatar orqali Yevropa gaz balansining atigi 4 foizini, suyultirilgan gaz importida esa 8 foizini tashkil etadi.

«Demak, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli yuzaga kelgan 2022 yilgi energetika inqirozidan farqli o‘laroq, hozirgi urush Yevropa Ittifoqining gaz ta’minotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid solmaydi», — deya ta’kidlaydi Bruegel ekspertlari. Ukrainadagi urush boshida Rossiya Yevropa gaz importining 40 foizidan ortig‘ini ta’minlagan edi.

Biroq Yevropa gazni jahon bozori narxlarida sotib oladi, va ular oshib bormoqda, chunki Eronning Qatardagi zavodga bergan zarbalari va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi ortidan jahonda gaz kamaydi. Shuning uchun hatto jismoniy tanqislik bo‘lmagan taqdirda ham, Yevropada energetika inqirozi to‘liq sezilmoqda.

Rossiya Yevropaga ta’minotni oshira oladimi?

Neftь bo‘yicha — ha, ammo ikki shart bilan.

Birinchidan, Yevropa Ittifoqi yana barcha 27 a’zo davlatga Rossiya neftini sotib olishga ruxsat berishi kerak, faqatgina Vengriya va Slovakiyaga emas. Ular hozirgacha istisno tariqasida Ukraina orqali o‘tuvchi «Drujba» quvuri orqali Rossiya neftini olishda davom etmoqda. Biroq u Rossiya zarbasidan keyin ta’mirda turibdi va Ukraina Yevropa Ittifoqi talablariga qaramasdan uni qayta ishga tushirishga shoshilmayapti.

Ikkinchidan, eksportni oshirish uchun Rossiya Boltiq va Qora dengizlaridagi eksport terminallariga ukrain dronlarining har kuni amalga oshirayotgan hujumlari muammosini qandaydir hal qilishi kerak.

Hozircha bu ikki shartni bajarish imkonsizga o‘xshaydi. Gaz bo‘yicha esa vaziyat yanada murakkab.

«Eron urushi Rossiya uchun strategik g‘alabaga aylanishi ehtimoli kam. Balki u narxlarning oshishi va tanqislikdan ma’lum darajada foyda ko‘rar. Ammo Rossiya jahon bozoridagi uzilishlardan foyda olish mexanizmini yo‘qotdi», — deya ta’kidlaydi Rossiya energetikasi bo‘yicha ekspertlar Tatyana Mitrova va Fyodor Dmitrenko.

Bu mexanizm Ukrainaga qarshi urush natijasida yo‘q qilindi. Ungacha Kreml Yevropani asosiy energiya resurslari yetkazib beruvchisi sifatida "qisqa jilovda" ushlab turar edi. Bostirib kirishdan so‘ng Rossiya bu bosim vositasini abadiy yo‘qotdi, deb hisoblaydi Mitrova va Dmitrenko.

«Rossiya gazining Yevropaga qaytishi masalasi hali-hamon muntazam ko‘tarilib turadi», — deb yozishadi ular The National Interest nashri uchun maqolada. — «Garchand cheklangan hajmda yetkazib berish tiklanishi mumkin bo‘lsa-da, bu avvalgi tizimning qayta tiklanishi degani emas».

Ularning ta’kidlashicha, 2000–2010-yillardagi holatga qaytishning iloji yo‘q.

«Agar Rossiya gazi Yevropaga qaytsa ham, u faqat cheklangan miqdorda va siyosiy vaziyatga bog‘liq qo‘shimcha manba sifatida bo‘ladi, qit’aning gaz balansidagi asosiy omil sifatida emas».