Armaniston Putin bosimi ostida: biz va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida tanlov qil

Surat manbasi, EPA
Rossiya va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) liderlarining Armanistonga bosimi oshmoqda. Bu hafta Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgan sammitda YeOIIga a’zo davlatlar rahbarlari qo‘shma bayonot chiqarib, Armanistonda YeOII tarkibida qolish yoki Yevropa Ittifoqi (YeI)ga qo‘shilish o‘rtasida referendum o‘tkazilishiga chaqirdilar.
Kreml saytida 29 mayda chop qilingan bayonotda shunday deyiladi:
«Armaniston Respublikasida imkonqadar tez muddatlarda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yoki Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi tarkibida qolish haqida umumxalq referendumi o‘tkazilishi zarurati bo‘yicha mavqelarga qo‘shilamiz.»
Ostonada o‘tgan sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qatnashdi. O‘zbekiston YeOII da kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etib keladi.
Ammo, Armanistondan sammitga Bosh vazir Nikol Pashinyan emas, bosh vazir o‘rinbosari Mger Grigoryan keldi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Qo‘shma bayonotda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston rahbarlari, shuningdek, Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi «YeOII davlatlarining iqtisodiy xavfsizligiga sezilarli xavf» tug‘dirishini aytishdi.

Surat manbasi, EPA
Grigoryan o‘z nutqida Armaniston YeOII faoliyatida vijdonan ishtirok etishda davom etishga bel bog‘lagani, ammo bu o‘zaro hurmat, teng huquqli sheriklik va barcha davlatlarning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda qilinishi kerakligini aytdi.
Ostonada qabul qilingan bayonotda aytilishicha, YeOII ning dekabrda bo‘lib o‘tadigan oliy uchrashuvida Armanistonning YeOII dan chiqib ketishi oqibatlari haqida doklad taqdim etiladi.
Bosim boshlangan
Oxirgi yillarda Rossiya va Armaniston o‘rtasida munosabatlar sovugan. Buning eng asosiy sabablaridan biri shuki, rasmiy Yerevan Armanistonning Ozarbayjon bilan 2020-2023 yillardagi Tog‘li Qorabog‘ urushida Rossiya tinchlikni saqlovchi kuchlarini o‘z vazifasini bajarmaslikda ayblagan.

Surat manbasi, EPA
Pashinyan buning ortidan Armanistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi a’zoligini muzlatib qo‘ygan va G‘arb davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirishga kirishgan.
Armanistonda 7 iyunga mo‘ljallangan parlament saylovlari oldidan Rossiya Yerevanga bosimni kuchaytirmoqda.
Rossiya Qishloq xo‘jaligini boshqaruvchi Rosselxoznadzor allaqachon bir qator arman mahsulotlari – mineral suvi, sabzavotlar va konyakning mamlakatga kiritilishini man qildi. Rossiya energetika vazirligi esa Armanistonga neftь mahsulotlari, tabiiy gaz va olmosning soliqsiz yetkazib berilishini to‘xtatishini aytmoqda.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bir necha bor Armaniston bir vaqtning o‘zida YeOII va YeI da a’zo bo‘la olmasligini aytgan.

Surat manbasi, Reuters
O‘tgan yil fevralida Armaniston parlamenti Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha jarayonning boshlanishi haqidagi qonunni qabul qildi.
Ayni damda, Pashinyan Armanistonning YeOII dan chiqib ketishi masalasi ko‘rib chiqilmayotganini ham aytgan. U Moskva bilan aloqalarga shikast yetkazish niyatida emasligi, lekin shu bilan birga, Armaniston manfaatlarini Rossiyanikidan ustun qo‘yishini bildirgandi.
YeOII Ostonada o‘tgan sammitida tashqi hamkorlar bilan aloqalarni o‘rnatishga ochiqligini aytdi, jumladan Tunis bilan erkin savdo bo‘yicha muzokaralarni boshlagani va Serbiya bilan shunday muzokaralarda ilgarilaganini ma’lum qildi.
Ammo, tashkilot fikrida, Armanistonning YeI ga qo‘shilishi YeOII normalari va qoidalariga ziddiyatni uyg‘otadi.




























