18 yoshgacha diniy ta’lim: O‘zbekiston siyosati o‘zgaradimi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Shodiyor Sayf
- Role, BBC.COM/UZBEK
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarning diniy ta’lim olishiga doir cheklovlar yana bahs markaziga chiqdi. Jamiyat e’tirozlari haqlimi? Davlat nimadan xavotirda?
Prezident administratsiyasining Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti rahbari Muzaffar Komilov mamlakatda 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun diniy ta’lim masalasi o‘rganilayotganini bildirdi. Ammo uning bayonotida eng ko‘p muhokama qilingan jumlalardan biri shu bo‘ldi:
"Jamiyat tayyor bo‘lmasa, davlat jamiyatda pala-partishlik bo‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaydi".
Rasmiyning bu so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi.
Ayrimlar davlatning ehtiyotkor yondashuvini himoya qilmoqda. Boshqalar esa O‘zbekiston allaqachon diniy ta’lim sohasida dunyodagi eng qattiq cheklovlardan biriga ega ekanini va bu holatni yana cho‘zish uchun asos qolmaganini aytmoqda.
"Diniy erkinlikka "oilalar va jamiyat tayyor bo‘lishi kerak" emish. Biz-ku, tayyormiz, sizlar tayyormisizlar, ikki gapning birida o‘zini "davlat" deb ataydigan amaldorlar?" deya savol beradi Musannif Adham.
"Vijdon erkinligi daxlsiz bo‘lishi uchun ham bolaligidan ota ona o‘zi tanlagan dinga farzandini majburan e’tiqod qildirmasin demoqchi tushunishimcha. Bola voyaga yetgach o‘z bilimiga va mustaqil fikriga ega bo‘lgach o‘z ixtiyori bilan tanlasin demoqchi. Men shunday tushundim, yana bilmadim…", deydi Abduaziz Khaydarov.
Odina Musajon esa Qirg‘izistondan misol keltiradi:
"Qirgiziston har bir qadamga madrasa ochib qo‘ygan, xohlaganlar kirib o‘qiydi, lekin boshqa oqim ko‘payib ketgani yo‘q, hamma dindor bo‘lib dunyodan voz kechgani yo‘q, diniy ta’limga ruxsat berilsa, hamma dindor bo‘lib mukkasidan ketadi deyish noto‘g‘ri. Xohlaganlarga imkon yaratib berilar".
Amalda 18 yoshgacha diniy ta’lim mumkinmi?

Surat manbasi, Getty Images/Hans Neleman
O‘zbekiston qonunchiligida "18 yoshgacha diniy ta’lim taqiqlanadi" degan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jumlani topish qiyin.
Biroq amaldagi tizim aynan shunday natijaga olib keladi.
"Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra diniy ta’lim muassasalariga qabul umumiy o‘rta ta’lim tugallanganidan keyin amalga oshiriladi.
Bi-bi-si O‘zbek xizmati 2021 yilda o‘tkazgan surishtiruvda ham aynan shu nuqtaga e’tibor qaratgan edi. O‘sha paytda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Qur’on va tajvid kurslari mavjudligini aytgan bo‘lsa-da, amalda bu kurslarga ham o‘rta ta’limni tugatmaganlar qabul qilinmasligi ma’lum bo‘lgan.
Biz tekshirgan O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy qabul e’lonlarida ham barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga qabul uchun 11-sinfni tamomlaganlik haqidagi attestat talab qilinadi.
Masalan, "Imom Termiziy", "Hidoya", "Ko‘kaldosh" kabi madrasalar va boshqa o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari qabul shartlarida umumiy o‘rta ta’lim haqidagi hujjat taqdim etilishi shartligi ko‘rsatilgan.
Bu esa amalda diniy ta’lim muassasalariga qabul qilish 18 yosh atrofidan boshlanishini anglatadi.
2020 yil ochilgan "Imom Termiziy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi qoshidagi "Qur’oni karim va tajvid" o‘quv kursida o‘qish uchun ham 18 yoshga to‘lgan bo‘lishi shart qilib keltirilgan.
Muhimi, bu talab faqat islomiy ta’lim muassasalariga xos emas.
Avvalroq rus pravoslav cherkovi ham Toshkent diniy seminariyasi maktab yoshidagi bolalar uchun emasligi va u oliy diniy ta’lim muassasasi hisoblanishini ma’lum qilgan.
Ammo Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti Vikentiy bolalar uchun xalq tilida "yakshanba maktablari", deb ataluvchi suhbatlar tashkil qilinishini ham aytgan.
Jamiyat tayyor bo‘lmasa, davlat jamiyatda pala-partishlik bo‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaydi.
O‘zbekiston yolg‘iz emas, ammo bunday cheklovlar dunyoda kam uchraydi
Davlat rasmiylari ko‘pincha O‘zbekiston modeliga xavfsizlik nuqtai nazaridan yondashadi. Ammo xalqaro tajribaga qaralganda, bolalarning diniy ta’limini cheklash amaliyoti keng tarqalgan emas.
Aksincha, dunyoning aksariyat davlatlarida bolalar ota-ona roziligi bilan cherkov, masjid, sinagog yoki boshqa diniy muassasalar qoshida diniy ta’lim olishi mumkin. Bu hatto Frantsiya, AQSh, Germaniya kabi dunyoviy davlatlarda ham odatiy hol hisoblanadi. Pravoslav cherkovlarida yakshanba maktablari, katoliklarda katexizatsiya darslari, musulmon jamoalarida Qur’on va tajvid kurslari keng tarqalgan.
Shu nuqtai nazardan qaralganda, O‘zbekistonning amaldagi tizimi xalqaro tajribadan ancha farq qiladi.
Tojikiston tajribasi
Markaziy Osiyoda O‘zbekistonga eng yaqin misol sifatida uzoq yillar davomida Tojikiston keltirib kelingan.
2011 yilda qabul qilingan "Ota-onalar mas’uliyati to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, 18 yoshgacha bo‘lganlarning diniy tadbirlarda qatnashishi va diniy ta’lim olishiga jiddiy cheklovlar qo‘yilgan edi. Bu qonun xalqaro huquq tashkilotlari va din erkinligi bo‘yicha ekspertlar tomonidan ko‘p tanqid qilingan.
Tojikiston hukumati bu cheklovlarni ekstremizm va radikallashuvga qarshi kurash zarurati bilan izohlab kelgan. Bu argumentlar O‘zbekiston rasmiylarining hozirgi pozitsiyasiga ham ma’lum ma’noda o‘xshaydi.
Biroq so‘nggi yillarda Tojikistonning o‘zi ham mazkur siyosat samaradorligi yuzasidan bahslarga duch kelmoqda.
Xitoy tajribasi
Dunyoda voyaga yetmaganlarning diniy ta’limiga nisbatan eng qattiq davlat siyosatlaridan biri Xitoyda kuzatiladi.
AQSh Davlat departamentining diniy erkinlik bo‘yicha hisobotlarida qayd etilishicha, Xitoy qonunchiligi davlat ta’lim tizimiga diniy ta’sir o‘tkazishni taqiqlaydi va amalda 18 yoshgacha bo‘lganlarning ko‘plab diniy faoliyatlarda ishtirok etishi hamda diniy ta’lim olishini cheklaydi.
Shinjonda esa cheklovlar yanada qattiq. Xalqaro hisobotlarga ko‘ra, u yerda voyaga yetmaganlarning diniy ta’lim olishi va diniy tadbirlarda qatnashishi taqiqlangan.
Xitoy hukumati bu siyosatni ham ekstremizm, separatizm va xavfsizlik masalalari bilan izohlaydi.
O‘zbekiston qaerda turibdi?
Agar dunyo tajribasiga qaralsa, O‘zbekiston diniy ta’limga nisbatan eng liberal davlatlar qatoriga ham, Xitoy kabi eng qat’iy cheklovchi davlatlar qatoriga ham kirmaydi.
Ammo amaldagi qoidalar tufayli mamlakat "bolalarning rasmiy diniy ta’lim olishini cheklagan davlatlar klubida qolmoqda".
Bu jihatdan O‘zbekiston modeli Yevropaning aksariyat davlatlari, AQSh yoki Turkiyadan ko‘ra Tojikiston va ayrim jihatlari bilan Xitoy amaliyotiga yaqinroq ko‘rinadi.
Shu sababli Muzaffar Komilovning "masala ko‘rib chiqilmoqda" degan bayonoti oddiy huquqiy o‘zgarishdan ko‘ra kengroq savolni kun tartibiga chiqarmoqda:
O‘zbekiston kelgusida Tojikiston va Xitoyga o‘xshash ehtiyotkor modelni saqlab qoladimi yoki diniy ta’lim sohasida Turkiya, Qirg‘iziston va ko‘plab boshqa davlatlar yo‘lidan boradimi?
Bu savolga javob hozircha ochiq qolmoqda.
Diniy ta’lim taqiqlangan uch davr
O‘zbekistondagi bahslarni tushunish uchun mamlakatning yaqin tarixiga nazar tashlash kerak.
Sovet davri
O‘zbekiston hududida diniy ta’limga jiddiy cheklovlar birinchi navbatda SSSR davrida joriy qilingan.
Masjidlar yopilgan, diniy maktablar tugatilgan, diniy ta’lim deyarli yo‘q qilingan.
Rasmiy mafkura ateizmga asoslangani uchun din xususiy hayot darajasiga tushirilgan edi.
Karimov davri
Mustaqillikning dastlabki yillarida diniy erkinlik qisqa muddat kengaydi. Masjidlarda Qur’on va tajvid kurslari keng yoyildi. Madrasalar voyaga yetmaganlarni ham qabul qilardi.
Ammo 1990 yillar o‘rtalaridan boshlab davlat diniy sohani qattiq nazorat qilish siyosatiga o‘tdi.
Aynan shu davrda xususiy diniy ta’lim, hujralar, bolalarga diniy saboq berish kabi faoliyatlar taqiqlandi.
Bugungi qonunchilikning katta qismi ham aynan o‘sha yillarda shakllangan.
Hozirgi davr
Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin diniy sohada bir qator erkinlashuvlar kuzatildi.
Yuzlab masjidlar ochildi. Haj kvotalari oshirildi. Madrasalar va diniy ta’lim muassasalari soni ko‘paydi.
Biroq bolalarning diniy ta’limi masalasida asosiy cheklovlar saqlanib qoldi va ayrim o‘rinlarda bu borada jazo choralari kuchaytirildi.
Bugun muhokama qilinayotgan masala aynan shu sohadagi ehtimoliy o‘zgarishlar haqidadir.
Davlat nimadan xavotir qilmoqda?
Muzaffar Komilov chiqishida xavotirlarni bir necha bor ta’kidladi.
Uning fikricha, O‘zbekiston murakkab mintaqada joylashgan va diniy sohadagi har qanday erkinlashuv ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi lozim.
Komilov ikki marta — 1990-yillar boshida va 2016 yildan keyin — diniy erkinlik tez kengayganini, har ikki holatda ham ayrim suiiste’mollar kuzatilganini aytdi. Biroq ularning tafsilotlariga to‘xtalmagan.
Davlat pozitsiyasiga ko‘ra, muammo dinning o‘zida emas. Muammo nazoratsiz muhitda.
Rasmiylar diniy ta’limni emas, balki uning orqali radikal g‘oyalar tarqalish ehtimolini xavf sifatida ko‘radi.
Tanqidchilar nima deydi?
Cheklovlarga qarshi chiqqanlar esa mutlaqo boshqacha fikr bildirmoqda.
Ularning aytishicha, aynan rasmiy diniy ta’lim imkoniyatlarining yo‘qligi norasmiy hujralarga ehtiyoj tug‘dirmoqda.
Ko‘plab diniy ulamolar va faollar Qur’onni yodlash, tajvid va asosiy diniy bilimlarni katta yoshda emas, bolalikdan o‘rganish samarali ekanini ta’kidlaydi.
Ular Ibn Sino, Farobiy, Buxoriy, Termiziy, Ulug‘bek kabi tarixiy shaxslarning ilk ta’limi ham bolalikdan boshlanganini eslatadi.
"Masjidlarda yoshidan qat’iy nazar, Qur’on o‘qib yod olmoqchi bo‘lganlarga imkoniyat berilishi kerak. Shu xukumat masjidlarga va undagi diniy xodimlarga ishonar axir. Xo‘p boshqagamas, shu masjidlarni hammasiga bu imkoniyat berilishi kerak. Chunki bugun jamiyat shunga muhtoj", deydi Fazliddin Andijoniy.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Ikrom Babaev "Yoshlikda o‘rganilmagan diniy bilim, 18 yoshdan keyin o‘rganiladimi? Diniy bilim bola tili chikkan vaktda boshlash kerak. Maktab darsligiga qo‘yish kerak. Shunda kelajak avloddan poraxo‘r rahbarlar chikmaydi".
"Diniy ta’limga dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida qonuniy ravishda ommatan ruxsat etilgan. Odamlar tahorat-namoz, odob-axloqni aynan shunday ta’lim orqali o‘rganadi. Muhtaram Muzaffar Komilov janoblari ta’kidlaganlaridek, ulardagi tajriba va natijalar bilan tanishish o‘rinli. Mening bilganim shuki, diniy ta’lim ommatan ruxsat etilgan mamlakatlarda ham davlat dunyaviyligini yo‘qotgani yo‘q. Balki shu tajribalar ham o‘rganilar..." deydi Hasan Al-Muqriy.
Ayrim imomlar esa radikalizmning oldini taqiq emas, balki sog‘lom diniy bilim olish olishini ta’kidlab keladi.
Ularning fikricha, dinni umuman bilmagan yoshni adashtirish osonroq.
Xalqaro majburiyatlar masalasi
Mavzuning yana bir tomoni bor. O‘zbekiston 1997 yilda BMTning din va e’tiqod erkinligiga oid deklaratsiyasini ratifikatsiya qilgan.
Unda ota-onalar farzandlarini o‘z diniy e’tiqodiga muvofiq tarbiyalash huquqiga egaligi qayd etilgan.
Ayrim huquqshunoslar fikricha, O‘zbekistondagi amaldagi cheklovlar ana shu xalqaro majburiyatlar bilan ham bahsli munosabatda qolmoqda.
O‘zyuekistonda ota-ona bolasiga diniy ta’lim berishi taqiqlanmagan bo‘lsa-da, bolasini diniy ta’limga dalb qilgani uchun javobgarlik belgilangan.
Rasmiy idoralar esa mamlakatda diniy ehtiyojlarni qondirish uchun sharoitlar mavjudligini ta’kidlab keladi.
Vaziyat o‘zgaradimi?
Hozircha bu savolga aniq javob yo‘q. Biroq avvalgi yillardan farqli ravishda davlat masalani muhokama qilishga tayyor ekanini ko‘rsatmoqda.
Yana bir muhim jihat bor. Bahs endi "diniy ta’lim kerakmi yoki yo‘qmi" masalasidan chiqib ketgan.
Hozir muhokama markazida boshqa savol turibdi:
Agar davlatning o‘zi ham cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish haqida o‘ylayotgan bo‘lsa, unda haqiqatdan ham jamiyat tayyor emasmi? Yoki jamiyat ancha oldin tayyor bo‘lib bo‘lgan, davlat esa hali qaror qabul qilish bosqichiga kelmaganmi?
Bu savolga javob ehtimol yaqin yillarda O‘zbekistonning diniy siyosati qay yo‘nalishda rivojlanishini belgilab beradi.




























