O‘zbek futboli sport diplomatiyasini shakllantiradimi? Video

O‘zbekiston terma jamoasini qo‘llayotgan qirg‘iz, tojik muxlislar videolaridan olingan suratlar.

Surat manbasi, Getty Images/Taqdim

    • Author, Sanjar Eraliev
    • Role, bbc.com/uzbek
    • Reporting from, Bishkek
  • Published
  • O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekiston terma jamoasining tarixda ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etishi Markaziy Osiyoda futbol kayfiyatini kuchaytirdi.

Shu kunlarda mintaqa mamlakatlarida o‘zbek futbolchilariga bag‘ishlangan videolar, rasmlar va iliq fikrlar ko‘paydi. Bu holat O‘zbekistonning futboldagi yutug‘i bilan birga, qo‘shni davlatlar o‘rtasida sport diplomatiyasiga turtki bo‘layotgani ta’kidlanmoqda.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Bishkekda futbol muxlislari 6 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Qirg‘iziston – Falastin uchrashuviga O‘zbekiston bayrog‘ini ham ko‘tarib borishdi. Bu orqali ular Jahon chempionatida qo‘shni davlatni qo‘llab-quvvatlashini namoyish etdilar.

Shoumen va teleboshlovchi Erkin Risqulbekov Bi-bi-siga bergan intervyusida shunday dedi:

"Men aslida futbolga umuman qiziqmayman. Ammo bu galgi Jahon chempionatini albatta ko‘raman. Sababi, birodar o‘zbeklarni qo‘llab, ularning g‘olib bo‘lishini istaymiz. Shuning uchun O‘zbekistonni qo‘llashga chaqiraman. Olg‘a, O‘zbekiston terma jamoasi!".

O‘zbekiston hozircha Markaziy Osiyo davlatlari orasida futbol bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionatining final bosqichiga chiqqan yagona mamlakat hisoblanadi. Shu bois uning muvaffaqiyati qo‘shni davlatlarda ham mintaqa futboli uchun muhim voqea sifatida qabul qilinmoqda.

Qirg‘izistonlik ayrim bloger qizlar ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston bayrog‘i ranglarida pardoz qilib chiqib, o‘zbeklarga omad tilashdi.

Sport.kg portali muharriri Guljan Turduboeva o‘tkazgan so‘rovnomada ko‘pchilik O‘zbekistonga omad tilashini bildirdi:

"Sport diplomatiyasi rivojlanganini ko‘ryapmiz. Bunga esa o‘zbek futboli turtki bo‘ldi. O‘zbekistonning Portugaliya bilan bir guruhda o‘ynashi aslida katta yutuq. Chunki Portugaliya safida dunyoning eng mashhur futbolchilaridan biri Krishtianu Ronaldu bor va uning o‘yinlarini butun dunyo kuzatadi. Agar O‘zbekiston g‘alaba qozonsa, o‘zbek futbolchilari jahon skautlari va mutaxassislari e’tiboriga tushadi. Hatto mag‘lub bo‘lgan taqdirda ham, O‘zbekiston futboli xalqaro maydonda kengroq taniladi. Shu ma’noda, bu imkoniyat nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo futboli rivoji uchun ham muhim ahamiyatga ega".

Sport tahlilchisi Guljan Turduboeva o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov bilan. Rasm tahlilchining shaxsiy arxividan.

Surat manbasi, Taqdim

Turduboeva bunday jarayonlar avval ham kuzatilganini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, 2002 yilgi Jahon chempionatidan keyin Osiyo futboliga xalqaro qiziqish sezilarli darajada ortgan, Janubiy Koreya va Yaponiya futbolchilari Yevropaning yetakchi chempionatlariga ko‘proq jalb qilina boshlagan.

Qozog‘istonda ham O‘zbekistonning mundialga chiqishi sport muhokamalarining asosiy mavzularidan biriga aylandi. Sport tahlilchisi Timur Aytmuxanbetovning ta’kidlashicha, mamlakatda ko‘plab muxlislar O‘zbekiston terma jamoasining ishtirokini mintaqa futboli uchun ijobiy voqea sifatida qabul qilmoqda.

"Bu kayfiyat 2025 yili O‘zbekiston Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganidan keyin shakllana boshlagan. Albatta, ochiq o‘yinlarda raqobat va taqqoslash holatlari bo‘ladi. Lekin birodar O‘zbekistonning Jahon chempionatiga chiqishi Qozog‘istonda katta samimiylik va chin dildan xursandchilik bilan kutib olindi. Ko‘pchilik qozog‘istonliklar uchun bu mundialda O‘zbekiston terma jamoasi o‘z jamoasidek bo‘ladi, ularni butun qalb bilan qo‘llab-quvvatlashadi".

Qozog‘istonlik sport tahlilchisi Timur Aytmuxanbetov.

Surat manbasi, Taqdim

Tahlilchiga ko‘ra, O‘zbekistonning Jahon chempionatidagi ishtiroki qo‘shni mamlakatlarda futbolga qiziqishni kuchaytirishi va shunga o‘xshash natijalarga erishish istagini rag‘batlantirishi mumkin.

"Ishonchim komilki, o‘zbek futbolidagi bu yutuq butun mintaqada, ya’ni Markaziy Osiyoda futbol rivojiga turtki beradi. Chunki birodar o‘zbeklar to‘g‘ri mehnat va to‘g‘ri yondashuv bo‘lsa, hammasi mumkinligini ko‘rsatib berdi", – deydi Timur Aytmuxanbetov.

Shuningdek, Yevropa davlatlarida yashayotgan markaziy osiyoliklar ham turli tashabbuslar orqali o‘z munosabatini bildirmoqda.

Chexiya poytaxti Pragada yashovchi o‘zbek, qirg‘iz, qozoq, turkman va tojik faollari ishtirokida tayyorlangan qo‘llov videosi "Instagram" platformasida keng tarqaldi. Tashabbus tashkilotchisi Ulanbek Asanalievning aytishicha, ular O‘zbekistonga omad tilash orqali mintaqa aholisi o‘rtasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlash g‘oyasini namoyish etmoqchi bo‘lishdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz:

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi muloqot va hamkorlik faollashayotgani fonida ekspertlar mintaqada o‘zaro yaqinlashuv va birdamlik kayfiyati kuchayib borayotganini ta’kidlamoqda.

Bu jarayon sport sohasida ham ko‘zga tashlanadi. Xususan, 2024 yilgi Parij Olimpiadasi davrida qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘liga o‘zbekistonlik mutaxassis Akmal Hasanovning murabbiylik qilishi ikki mamlakat sportchilari o‘rtasidagi hamkorlikning yorqin misollaridan biri sifatida tilga olingan edi.