Generalga ozodlik, boshqalarga zindonmi? 200 milliardlik talon-toroj ishida general ozod etildi

Surat manbasi, president.uz
O‘zbekistonda matbuot va inson huquqlari faollari ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullaevning ozodlikka chiqqanini xabar qildi. U yil boshida katta miqdordagi byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinishida gumonlanib qo‘lga olingan edi. Bu borada IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ma’lumot tarqatmadi.
Abdullaev va u bilan bir vaqtda hibsga olingan Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov, Daryo nashri yil boshida yozishicha, "aqlli svetoforlar" ishi doirasida ushlangandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ikki mulozim Toshkent va viloyat markazlarida o‘rnatilgan va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qurilmalarni "import qilingan" deya rasmiylashtirib, katta miqdoridagi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirgan. Tursunov hozirda hibsda qolayotgani aytiladi.
General-mayor Abdullaev esa, Kun.uz manbasi xabar berishicha, yetkazilgan 200 mlrd so‘mdan ortiq zararni naqd pul shaklda to‘lab berganidan so‘ng, unga qo‘llangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi garovga o‘zgartirilishi natijasida ozod qilingan.
Abdullaevning akasi O‘zbekistondagi yirik tadbirkor, "Uzmetkombinat" metallurgiya zavodining boshqaruv kengashi raisi Bahodir Abdullaevdir.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasida "O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish" jinoyati jarimadan tortib 10 yilgacha qamoq muddati bilan jazolanadi. Ayni damda, ushbu moddada, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi ham aytilgan.
Yetkazilgan zararning o‘ta katta miqdorda ekani hisobga olinsa, Abdullaevni ozod qilishda sud jinoyat xususiyatini qanchalar hisobga olgan, degan savollar yuzaga chiqmoqda. Chunki kodeksning 66-moddasida aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish "uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat"ga nisbatan qo‘llaniladi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
O‘zbekistondagi qator faollar va jurnalistlar general-mayorning ozod etilishini quyidagicha yoritdilar:
Abdurahmon Tashanov, «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati raisi
Zararni qoplagani munosabati bilan ozod qilingan rahbarlarga qo‘llanilgan chora 60 dan ortiq boshqa ayblanuvchilarda haqli norozilikka sabab bo‘lmoqda. Voqealar rivojini kuzatamiz va rasmiylardan ikki enlik izoh kutamiz.
Agar pulni qaytarish ozodlikka chiqish uchun yetarli bo‘lsa, unda nega bu qoida hammaga bir xil ishlamayapti?
Ilyos Safarov, "Vaqt.uz" muxbiri
Byudjet — ya’ni xalq pulidan 186 milliard o‘zlashtirishda gumon qilingan shaxs ozodlikda. Ichki ishlar xodimlari bilan nizolashgan maktab direktori Gulira’no Qosimova atrofidagi vaziyatni yoritib borgan, 1–2 million so‘m olganlikda gumonlangan bloger Sirojiddin Media esa qamoqda. Shunday, a?
Men yurist emasman, o‘rtoqlar. Agar xato gapirayotgan, noto‘g‘ri savollar berayotgan bo‘lsam, marhamat, tuzating. Lekin oddiy inson sifatida tushunmoqchiman: ishingizdagi mantiq, mezon qani, qaerda?
Agar pulni qaytarish ozodlikka chiqish uchun yetarli bo‘lsa, unda nega bu qoida hammaga bir xil ishlamayapti? Masalan, arzimagan 10-15 million puli to‘lab berilsa, jurnalist va blogerlar bugunoq ozod qilinadimi? Axir sizni jamiyatga namoyishkorona ko‘rsatayotgan mantig‘ingiz shunday bo‘lyapti-ku. Yo‘q, agar vaziyat boshqacha bo‘lsa, unda marhamat, izoh bering.
Yoki qonunlarimiz asta-sekin ko‘cha uslubiga, "kim kuchli bo‘lsa — o‘sha haq, kim to‘lasa, o‘sha ozodlikda" degan tizimga o‘tib bo‘ldimi?
Zafarbek Solijonov, yurist va jurnalist
Sobiq Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullaev Tojimirzaevich yetkazgan 200 milliarddan ortiq zarar deya iddao qilinayotgan summani akasi, O‘zbekistondagi eng yirik tadbirkorlardan biri, O‘zmetkombinat raisi Bahodir Abdullaev Tojimirzaevich to‘laganmikin?
O‘zi rostanam shuncha zarar yetkazilganmi? SSSR davridan beri bunaqa to‘q oila farzandi bu ishga qo‘l urganiga ishongim kelmayapti endi. Xullas qiziq ishlar bo‘lyapti O‘zbekistonda. Sudi ochiq, barchasi oshkora o‘tkazilishi kerak deb o‘ylayman.
Otabek Bakirov, iqtisodchi
200 mlrd so‘mdan ortiq (~16,5 mln.dollar) zararni naqd pul shaklda to‘lab berganidan so‘ng, qamoqqa olish ehtiyot chorasining garovga o‘zgartirilishi nafaqat O‘zbekiston, sobiq umumiy makon va bizdan boyroq va erkinroq mamlakatlar tajribasi uchun ham hayratlanarli. Lekin bu yaqin yillardagi garov evaziga sudgacha qamoqdan chiqish borasidagi ochiq keyslarda rekord emas.
Qo‘shni Qirg‘izistonda Bojxona qo‘mitasi sobiq zamraisi Rayim Matraimovga ozodlikda qolish uchun 19,5 mlrd.som (~200 mln.dollar) to‘lattirilgani Tashiev "qusturizatsiya" siyosatining gultoji deb ko‘rsatilgandi.
Solishtirish uchun, yil boshida Ukraina sobiq bosh vaziri va amaldagi parlamentda fraktsiya rahbari Timoshenko 33,3 mln.grivna (~700 ming dollar) evaziga qo‘yib yuborilgandi.
Sal avvalroq Rossiya sudi sobiq senator va tadbirkor Moshkovich hamda uning hamtovog‘i Basovni rekord summa deyilgan 1 mlrd.rubl (~12,5 mln.dollar) garov evaziga qamoqdan chiqarmagandi.
Avvalgi o‘nyillikda Bavariya sobiq prezidenti Uli Xyoness 5 mln.evro garov puli to‘lab sudgacha ochiq yurgani ko‘p shov-shuvlarga sabab bo‘lgan va yakunda Xyoness baribir 3,5 yilga qamalgandi.





























