Erdo‘g‘onning kutilmagan sovg‘asi

NATO rahbarlariga sovg‘a qilingan qurol

Surat manbasi, Reuters

Published
O'qilish vaqti: 2 daq

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Anqarada o‘tkazilgan NATO sammiti nihoyasida anjumanda qatnashgan har bir davlat rahbariga olti o‘qli to‘pponcha sovg‘a qildi.

To‘pponchalar mahalliy turk qurol yasovchilari tomonidan maxsusan yasalgan va o‘qlari bilan birga taqdim etilgan. Har bir to‘pponcha qutisiga u sovg‘a qilingan rahbarning ismi o‘yib yozilgan.

Yuqori martabali NATO sammiti mehmonlari sovg‘alarni o‘zlari bilan olib ketishlariga yo‘l ochish uchun Turkiya Prezidenti o‘q otar qurollar eksportini ular uchun bekor ham qilgan.

Gollandiya mahalliy matbuoti xabarlariga ko‘ra, NATO Bosh Kotibi Mark Ryutte sovg‘a uchun Turkiya rahbariga minnatdorchilik bildirgan, ammo qurolni sovg‘a sifatida qabul qila olmasligini bildirib, uzr so‘ragan.

Gollandiya Bosh vaziri Rob Yeten diplomatik protokolga binoan sovg‘ani rad etmagan, ammo qurol importiga qo‘yilgan qat’iy cheklovlar tufayli mamlakatga olib kelmagan va Anqaradagi Gollandiya elchixonasida qoldirgan.

Britaniya va Turkiya Bosh vazirlari

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Britaniya Bosh vaziri sovg‘ani Britaniyaga olib kelmagan.

Bu kabi sovg‘a taqdim qilinganlar orasida Britaniya Bosh vaziri Keyr Starmer ham bor edi.

Ammo u bu sovg‘ani Britaniyaga olib kelmagan. Chunki mamlakat qonunlari o‘q otar qurollarni olib kirishni taqiqlaydi.

Xabarlarga ko‘ra, janob Starmer to‘pponchani o‘q otilmaydigan qilib, zararsizlantirish uchun Turkiyadagi Britaniya rasmiylariga berib kelgan.

Germaniya kantsleri va Gollandiya Bosh vaziri ham sovg‘ani o‘zlari bilan olib ketishmagan.

Kanada Bosh vaziri Mark Karni esa dastlab unga quti ichida an’anaviy shirin sirop tuhfa qilindi, deb o‘ylaganligini aytgan.

"Keyin men Kanada Qurolli kuchlari yoki Urush tarixi muzeyida saqlanishi mumkin bo‘lgan narsa sifatida ko‘rdim. Har holda kengroq manzarada NATO bilan bog‘liq", deya ilova qilgan u.

"Lekin men bu kabi sovg‘ani kutmagandim", degan Kanada Bosh vaziri.

Xabar berilishicha, Kanada Bosh vaziri to‘pponchani o‘zi bilan mamlakatga olib kelgan, ammo o‘qlarini ortda qoldirgan.

Sovg‘a-to‘pponcha bilan bog‘liq eng qiziqarli hodisa Belgiya Bosh vaziri bilan ro‘y berdi.

Belgiya hay’ati Bosh vazirga sovg‘a sifatida berilgan qutini hatto ochib ham ko‘rishmagan va qutida nima borligi mamlakatga qaytgan vaqtda ayon bo‘lgan.

Belgiya rasmiylariga ko‘ra, Bosh vazir bu kabi sovg‘adan hayratga tushgan va shu zahotiyoq aeroportda politsiyaga topshirgan.