BMT: Eron urushi tufayli 30 milliondan ortiq odam qashshoqlikka yuz tutadi

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi
Surat tagso‘zi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi qator salbiy oqibatlarga yetaklashi mumkin
O'qilish vaqti: 2 daq

BMTning yuqori lavozimli rasmiysi ogohlantirishicha, Eron urushi dunyo bo‘ylab 30 milliondan ortiq odamni qashshoqlik bag‘riga itqitadi.

Buning asosiy sababi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi "yopib qo‘yilgani", ayni bahor faslidagi ekin-tikin ishlari uchun zarur yoqilg‘i yetib kelmasligi va bu yoqilg‘i taqchilligi dehqonchilik uchun zarur o‘g‘itlarning dalaga olib chiqilmasligidir.

BMTning Taraqqiyot dasturi rahbari Aleksander de Kru o‘z xavotirini 23 aprel kuni jurnalistlarga izhor qildi.

Yer sayyorasining ekvatordan shimolida mart-aprel dehqonlar bahorgi dala ishlariga kirishadigan mavsum.

28 fevralda AQSh va Isroil Eronga zarbalar boshlagani ortidan Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan kemalar o‘tishini taqiqladi.

Eron bilan O‘mon o‘rtasidagi bo‘g‘ozdan dunyo neftining 20 foizi o‘tadi.

Bo‘g‘oz yopilishi allaqachon o‘g‘itlar taqchilliga, o‘g‘itlar taqchilligi esa dehqonchilik mahsuldorligi pasayishiga olib keldi, dedi Belgiyaning sobiq bosh vaziri, bugungi BMT Taraqqiyot dasturi ma’muri Aleksander de Kru.

Oqibatda bu yilgi hosil ancha kamayadi, dedi u.

Iqtibos

"Urush ortga qarab harakatlanish. Butun jahon bo‘ylab 0,5 foizdan 0,8 %gacha Yalpi Ichki mahsulot yo‘qotildi. Dunyoning eng nochor mamlakatlari uchun bu nimani anglatadi? Bu degani, 32 million odam yana qashshoqlikka qaytdi, deganidir. Bu mamlakatlar oxirgi o‘n yilliklarda zo‘rg‘a qashshoqlikdan qutulgan edilar. Bugun esa qator sabablarning jamlanmasi oqibatida shafqatsiz yo‘lda ortga qaytarildilar", dedi Aleksander de Kru.

"Birinchidan, energiya narxlari ko‘tarilib ketayapti, energetika taqchilligi, juda dramatik tarzda ta’sir qilgan o‘g‘itlar ta’minoti bilan bog‘liq oziq-ovqat tahdidi", dedi BMT rasmiysi.

"Oziq-ovqat xavfsizligining yo‘qligi bir necha oydan keyin cho‘qqisiga chiqadi. Bu yerda qo‘limizdan keladigan narsa kam. Agar urush ertaga tugaydigan bo‘lsa ham, u keltirib chiqargan oqibatlar 30 milliondan ziyod kishini ortga, qashshoqlikka qaytaradi", dedi Aleksander de Kru.

Dunyodagi qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan o‘g‘itlarning salmoqli qismi Yaqin Sharq mamlakatlaridan keladi va global ta’minotning uchdan bir qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tadi.

Aprel oyi boshida Jahon Banki, Xalqaro Valyuta jamg‘armasi va BMTning Oziq-ovqat dasturi Eron urushi oziq-ovqat narxlarini ko‘tarib yuborishi, mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishigaa salbiy ta’sir ko‘rsatishi, dunyoning kambag‘al aholisi hayoti yanada og‘irlashishidan ogohlantirgan edi.

BMT rasmiysiga ko‘ra, ushbu inqiroz xalqaro tashkilotlar oziq-ovqat bilan yordam berib kelayotgan G‘azo, Sudan va Ukrainadek mamlakatlardagi ko‘makka muhtojlarning ahvolini yanada qiyinlashtirishi mumkinligidan ogohlantirdi.