Odamzot va dunyo: Sirli qora kuch topildi yo olimlar olamni noto‘g‘ri tushuntirib kelganmi?

Surat manbasi, ESA
- Author, Pallab Gosh
- Role, Ilm-fan masalalari bo‘yicha muxbir
- O'qilish vaqti: 4 daq
Olimlar aniqlashicha, Koinotning kengayishini harakatga keltiruvchi "Qora energiya" deb atalgan sirli kuch vaqt va fazo haqidagi hozirgi tushunchamizga zid o‘laroq o‘zgarayotgan bo‘lishi mumkin.
Ba’zi olimlar bir avlod uchun astronomiyadagi eng yirik yangiliklardan biri – fanda fundamental qayta ko‘rib chiqishni talab qiladigan kashfiyot ostonasida turganliklariga ishonmoqdalar.
Bu dastlabki topilma qisman Albert Eynshteyn tomonidan ishlab chiqilgan hozirgi nazariyasiga unchalik mos kelmaydi.
Bu natijalarni tasdiqlash uchun ko‘proq ma’lumot zarur, ammo hatto tadqiqotga jalb qilingan eng ehtiyotkor va hurmatli olimlar ham, jumladan, London universiteti kolleji professori Ofer Lahav, tobora ko‘payib borayotgan dalillarga e’tibor qaratmoqda.
"Bu juda muhim palla," deydi u BBC News'ga.
"Biz Koinot haqidagi paradigma o‘zgarishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin."
1998 yilda Qora energiya kashf etilishining o‘zi hayratlanarli edi. O‘shanda Katta portlashdan keyin koinotning kengayishi tortishish kuchi ta’sirida sekinlashadi, degan fikr hukmron edi.
Biroq AQSh va Avstraliya olimlari kuzatuvlari shuni ko‘rsatdiki, aslida u tezlashmoqda. Ular tezlashishni harakatga keltiruvchi kuch nima ekanligini bilishmagan, shuning uchun uni Qora energiya deb nomlashgan.

Surat manbasi, DESI
Garchi biz Qora energiya nima ekanligini bilmasak-da – bu fandagi eng katta sirlardan biri – astronomlar uni Koinot tarixining turli nuqtalarida galaktikalarning bir-biridan uzoqlashish tezlanishini kuzatish orqali o‘lchashlari va uning o‘zgarishini aniqlashlari mumkin.
Javoblarni topish uchun bir nechta tajriba o‘tkazildi, jumladan, Tucson (Arizona) yaqinidagi Kitt Peak milliy rasadxonasida Qora energiya spektroskopik asbobi (DESI) o‘rnatildi. U 5000 ta optik toladan iborat bo‘lib, ularning har biri galaktikalarni yuqori tezlikda skanerlovchi robotlashtirilgan teleskopdir.
O‘tgan yili DESI tadqiqotchilari Qora energiya kuchi vaqt o‘tishi bilan o‘zgarganiga dalillar topganida, ko‘plab boshqa olimlar bu ma’lumotlardagi xatolik deb o‘ylashgan.
Aksincha, bir yil o‘tib, bu "xatolik" yanada ortdi.
"Hozir dalillar avvalgidan ham kuchliroq," deydi Portsmut universiteti professori Seshadri Nadatur.
"Shuningdek, biz birinchi yilga nisbatan ko‘plab qo‘shimcha sinovlar o‘tkazdik va natijalar ma’lumotlardagi biz hisobga olmagan noma’lum ta’sirga bog‘liq emasligi ko‘rinib qolyapti," - deydi u.
Biz Koinotning o‘zi sirlarini ochishiga imkon beramiz, ehtimol, u bizga o‘ylaganimizdan ko‘ra murakkabroq ekanligini aytmoqda.
"G‘alati" natijalar
Ma’lumotlar hali kashfiyot deb ta’riflanish darajasiga yetmagan bo‘lsa-da, Shotlandiya Qirollik astronomi, Edinburg universiteti professori Ketrin Heymans kabi ko‘plab astronomlar e’tiborini tortdi.
"Qora energiya biz o‘ylagandan ham g‘alatiroq ko‘rinadi," deydi u BBC News'ga.
"2024 yilda ma’lumotlar juda yangi edi, hech kim ularga to‘liq ishonmagandi.
Ammo hozir ko‘proq ma’lumotlar bor va ko‘plab tekshiruvlar o‘tkazildi, shuning uchun "xatolik"ning yo‘qolish ehtimoli hali ham mavjud bo‘lsa-da, biz haqiqatan ham katta kashfiyotga yaqinlashayotgan bo‘lishimiz mumkin."

Surat manbasi, ESA
Xo‘sh, bu o‘zgaruvchanlikka nima sabab bo‘lmoqda?
"Hech kim bilmaydi!" professor Lahav quvnoqlik bilan tan oladi.
"Agar bu yangi natija to‘g‘ri bo‘lsa, unda biz o‘zgarishni keltirib chiqaradigan mexanizmni topishimiz kerak va bu butunlay yangi nazariyani talab qilishi mumkin."
DESI kelgusi ikki yil davomida ko‘proq ma’lumot to‘playdi va taxminan 50 million galaktika va boshqa yorqin jismlarni o‘rganishni rejalashtirmoqda. Bu orqali kuzatuvlar qanchalik to‘g‘ri ekanligini aniqlashga harakat qiladi.
"Biz Koinotning o‘zi sirlarini ochishiga imkon beramiz, ehtimol, u bizga o‘ylaganimizdan ko‘ra murakkabroq ekanligini aytmoqda," deydi Kaliforniyadagi Lorents Berkli milliy laboratoriyasi tadqiqotchisi Andrei Kucheu.
Qora energiyaning tabiati haqida yanada batafsil ma’lumotni Yevropa kosmik agentligining (ESA) Yevklid missiyasi to‘playdi. Bu kosmik teleskop DESI'dan ham chuqurroq tekshiruvlar o‘tkazadi va yanada aniqroq ma’lumotlar jamlaydi. U 2023 yilda uchirilgan bo‘lib, bugun ESA kosmik kemadan olingan yangi tasvirlarni e’lon qildi.






























